PQ-265-son Qaror · 15.07.2026

Aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-265
  • Qabul qilingan sana:15.07.2026
  • Kuchga kirgan sana:15.07.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/265/0740

Yangi Oʻzbekistonda “inson uchun” tamoyili asosida inson huquqlari ustuvorligini taʼminlash, davlat xizmatlarini koʻrsatishni yanada yaxshilash orqali fuqarolarning ovoragarchiligini kamaytirish va ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida qaror qilaman:

I. Mulkiy huquqlarni rasmiylashtirish tartibini takomillashtirish

1. Adliya vazirligi hamda Kadastr agentligining 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:

(a) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytida huquq egasi oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat etmaganligi aniqlanganda maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllamasdan kechiktirish muddatidan kelib chiqib roʻyxatdan oʻtkazish uchun oshirilgan stavkalarda toʻlov undirish tizimini joriy etish;

(b) soliq toʻlovchiga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar joy meros tartibida yoki yaqin qarindoshidan hadya sifatida olingan boʻlsa, ushbu turar joyni sotishdan olingan daromadga soliq solinmasligi uchun belgilangan muddatni vasiyat qiluvchi yoki hadya qiluvchining mazkur turar joyga boʻlgan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab hisoblash.

2. Belgilansinki, taqiq yoki xatlov qoʻyilgan turar joyga garovga oluvchining roziligisiz yashash va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishga ruxsat beriladi. Bunda roʻyxatdan oʻtkazilayotgan shaxs mulkdorning (garovga oluvchining, taqiqni qoʻyishga yoki yechishga masʼul organning) ichki ishlar organlariga qilgan murojaati asosida uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi bekor qilinishiga avvaldan rozilik berishi zarur.

II. Elektron davlat xizmatlari ommabopligini oshirish va fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish

3. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — Yagona portal) quyidagi xizmatlar joriy etilsin:

(a) jismoniy va yuridik shaxslarga oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari va avtomototransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qoʻyishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qoʻyish yoki uni bekor qilish. Bunda taqiq jismoniy shaxslar tomonidan Face-ID vositasida identifikatsiyadan oʻtgan holda, yuridik shaxslar tomonidan esa ularning muassislari (ishtirokchilari, aksiyadorlari) umumiy yigʻilishining qarori asosida elektron raqamli imzo orqali qoʻyiladi;

(b) fuqarolarning oʻz nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari va bank kartalari toʻgʻrisida maʼlumot olish va ushbu jarayonni boshqarishning quyidagi imkoniyatlarini yaratish:

(i) telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga oʻtkazish (faollashtirish) va oʻzi foydalanmayotgan telefon raqamlariga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish haqida arizalar kiritish;

(ii) telefon raqami ulangan pulli xizmatlar haqida maʼlumot olish;

(iii) bank kartalarini bloklash (yopish) haqida emitentga arizalar yuborish;

(v) fuqaroning nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda avtomatik tarzda uni Yagona portal orqali xabardor qilish va ular hisobini yuritish.

4. Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar Yagona portalda fuqarolar uchun oʻz xizmatlarini taklif etayotgan tijorat banklarining virtual toʻlov kartasini tanlov asosida ochish va oʻzining bank plastik kartasini biriktirish, ushbu kartalar orqali davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirish, shuningdek, ortiqcha yoki notoʻgʻri toʻlangan mablagʻlarni yoxud davlat xizmatini koʻrsatishni kechiktirganlik (asossiz rad etganlik) uchun toʻlovlarni avtomatik tarzda oʻzining kartasiga qaytarish imkoniyatini joriy etsin.

5. Belgilansinki, fuqarolardan Yagona portalda virtual toʻlov kartasini ochish, uni tegishli tijorat banklarining infratuzilmasidan foydalangan holda mablagʻ bilan toʻldirish va virtual toʻlov kartasidagi pul mablagʻlarini oʻziga tegishli bank plastik kartalariga oʻtkazish uchun komissiya toʻlovlari undirilmaydi.

6. Voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinsin.

7. Adliya vazirligi Bolalar ombudsmani va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan kelib chiqadigan daʼvolar boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

III. Proaktiv davlat xizmatlari koʻrsatishni kengaytirish

8. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan sanasi kabi birlamchi maʼlumotlari oʻzgarganda oʻzida ushbu maʼlumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi maʼlumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan oʻzgartirishlar kiritish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:

(a) birlamchi maʼlumotlarni oʻzgartirgan adliya organi bu haqda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali ushbu maʼlumotlar bilan ishlovchi davlat organlariga xabarnomalar taqdim etadi va tegishli elektron shakldagi hujjatlarga fuqarolarning qoʻshimcha arizalarisiz oʻzgartirish kiritadi;

(b) jismoniy shaxsga Yagona portal orqali uning birlamchi maʼlumotlari oʻzgarganligi haqida real vaqt rejimida maʼlumotnoma beriladi;

(v) jismoniy shaxsning birlamchi maʼlumotlari oʻzgarganligi haqidagi maʼlumotnoma asosida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar qayta rasmiylashtirib beriladi.

9. Birlamchi maʼlumotlar oʻzgarganda avtomatik tarzda oʻzgartirish kiritiladigan maʼlumotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Adliya vazirligi Markaziy bank, Ichki ishlar vazirligi, Kadastr agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-noyabrga qadar koʻchmas mulk obyektlari va avtomototransport vositalariga qoʻyilgan taqiqni kreditlar toʻliq soʻndirilganda proaktiv shaklda yechishni yoʻlga qoʻysin.

IV. Reklama sohasidagi munosabatlarni tartibga solish

11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq fuqarolarning reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalariga oid huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida 2026-yil 1-noyabrdan boshlab:

(a) mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yoʻli bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan soʻng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi;

(b) mobil aloqa vositalariga reklama qoʻngʻiroqlari va SMS-xabarnomalarni joʻnatish xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar oʻzlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazgandan keyin tegishli xizmatlarni koʻrsatishiga yoʻl qoʻyiladi;

(v) reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi;

(g) mobil aloqa operatorlariga oʻzlari tomonidan tarqatiladigan reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalarini abonent soʻroviga koʻra toʻliq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi;

(d) mazkur bandda belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar koʻrish uchun asos boʻladi.

12. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Markaziy bank hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

(a) jismoniy shaxslarga moʻljallangan kredit, muddatli toʻlov, nasiya savdoga oid har qanday reklamada tovarning (ishning, xizmatning) joriy qiymatiga nisbatan qancha summa qoʻshib toʻlanishi kerakligi, yakuniy qiymati qancha boʻlishi xususidagi maʼlumotlar boʻlishi shartligi;

(b) moliyaviy xizmatlar reklamasi yoki ular haqidagi reklama tarzidagi axborot, agar tegishli shartnoma tuzilayotgan paytda aniqlash mumkin boʻlmasa, reklama qilinayotgan xizmatlarning kelgusidagi samaradorligi kafolatlari yoki vaʼdalariga ega boʻlmasligi.

V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

13. Davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. Ichki ishlar vazirligi 2026-yil 1-dekabrga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda shaxsga doir maʼlumot hisoblanadigan aniq axborot (axborotlar majmui) roʻyxatini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

15. Mazkur qarorning 2-bandida belgilangan qoidani tegishli qonunchilik hujjatlari va idoraviy koʻrsatmalar qabul qilinishini kutmasdan mazkur qaror normalari kuchga kirgan paytdan eʼtiboran soʻzsiz va toʻgʻridan toʻgʻri amalda qoʻllash taʼminlansin.

16. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.

18. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 15-iyul,

PQ-265-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-iyuldagi PQ-265-son qaroriga1-ILOVA

Birlamchi maʼlumotlar oʻzgarganda avtomatik tarzda oʻzgartirish kiritiladigan maʼlumotlar

T/r Shaxsga doir maʼlumot nomi Vakolatli organ nomi 1. “ID-karta” avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan vaqti haqidagi maʼlumotlar Ichki ishlar vazirligi 2. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimidagi jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan vaqti haqidagi maʼlumotlar 3. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining Avtomototransport vositalarini hisobga qoʻyishni roʻyxatdan oʻtkazish yagona avtomatlashtirilgan tizimidagi mulkdorga oid maʼlumotlar (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, manzili kabilar) 4. Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasasini tugatganligi toʻgʻrisidagi hujjat (shahodatnoma) maʼlumotlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 5. Yakka tartibdagi tadbirkorlik guvohnomasi maʼlumotlari Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar, Adliya vazirligi 6. Jismoniy shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorga beriladigan litsenziya, ruxsatnoma va xabarnoma (tasdiqnoma) maʼlumotlari 7. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs guvohnomasi maʼlumotlari Soliq qoʻmitasi 8. Soliq toʻlovchining identifikatsiyalash tizimi maʼlumotlari 9. Davlat oʻrta maxsus, professional (kasb-hunar) taʼlim muassasasini tugatganligi toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 10. Davlat oliy taʼlim muassasasini tugatganligi toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlari 11. “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan vaqti haqidagi maʼlumotlar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi 12. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning reyestri maʼlumotlari Kadastr agentligi

Izoh. Mazkur roʻyxatning 1 — 3-bandlaridagi maʼlumotlar axborot tizimida oʻzgaradi va bu kelgusida shaxsni ushbu hujjatlarni qayta rasmiylashtirish majburiyatidan ozod etmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-iyuldagi PQ-265-son qaroriga2-ILOVA

Davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha

T/rChora-tadbirlar nomiAmalga oshirish shakliIjro muddatiIjro uchun masʼullar1.“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning mulkiy huquqlarini rasmiylashtirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish. Bunda:Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun oʻz vaqtida murojaat etmaslik uchun maʼmuriy javobgarlikni istisno qiladigan holatlarni kiritish;Soliq kodeksiga soliq toʻlovchiga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar joy meros tartibida yoki yaqin qarindoshidan hadya sifatida olingan boʻlsa, ushbu turar joyni sotishdan olingan daromadga soliq solinmasligi uchun belgilangan muddatni vasiyat qiluvchi yoki hadya qiluvchining mazkur turar joyga boʻlgan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab hisoblanishini belgilash;“Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha oʻz vaqtida murojaat etmaganlik (kechiktirganlik) uchun oshirilgan stavkalarda toʻlov undirilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi normani kiritish;“Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunidagi yashash joyi va turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish uchun asoslarni mazkur qarorda belgilangan qoidalar bilan muvofiqlashtirish.Qonun loyihasi2026-yil sentabrAdliya vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Soliq qoʻmitasi,Kadastr agentligi2.Notarial harakat natijasida koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan huquq yuzaga kelganda u haqidagi maʼlumotlar Kadastr va koʻchmas mulklarni roʻyxatdan oʻtkazish integratsion axborot tizimidagi (keyingi oʻrinlarda — UZKAD tizimi) koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestriga avtomatik ravishda inson omilisiz qayd etish va roʻyxatdan oʻtkazilganlik haqidagi elektron hujjatni (koʻchirma) “Notarius” axborot tizimi orqali real vaqt rejimida taqdim etish imkoniyatini joriy qilish. Bunda:koʻchmas mulkka nisbatan huquqni roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan toʻlovlarni manfaatdor shaxslar tomonidan notarial harakatlar yakunida amalga oshirish;koʻchmas mulkka nisbatan huquqlarning mavjudligi, qoʻyilgan taqiqlar, qarzdorliklar va qonunchilik hujjatlariga asosan boshqa cheklovlar UZKAD tizimida real vaqt rejimida aniqlanib, koʻchmas mulkka nisbatan huquqni roʻyxatdan oʻtkazishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar mavjud boʻlmaganda huquq yuzaga kelganligi haqida yozuvni shu vaqtning oʻzida koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestriga kiritish.Normativ-huquqiy hujjat,kompleks chora-tadbirlar2026-yil noyabrAdliya vazirligi,Kadastr agentligi3.Quyidagi davlat xizmatlarining maʼmuriy reglamentlarini ishlab chiqish va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, shu jumladan, Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish:jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari va avtomototransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qoʻyishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qoʻyish va ushbu taqiqni yechish (olib tashlash);Hukumat qarori loyihalari2026-yil avgustAdliya vazirligi,Markaziy bank,Ichki ishlar vazirligi,Kadastr agentligi,Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligifuqarolarning oʻz nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari va ular ulangan pulli xizmatlar toʻgʻrisida maʼlumot olish, telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga oʻtkazish (faollashtirish) va oʻzi foydalanmayotgan telefon raqamlariga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish;fuqarolarning oʻz nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan bank kartalari toʻgʻrisida maʼlumot olish, bank kartalarini bloklash (yopish).Amaliy chora-tadbirlar2026-yil sentabrRaqamli texnologiyalar vazirligi,Adliya vazirligi,tijorat banklari,mobil aloqa operatorlari4.Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-iyuldagi “Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 186-son qaroriga koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha oʻz vaqtida murojaat etmaganlik uchun kechiktirish muddatidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan toʻlov stavkalarini belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritish.Bunda oshirilgan stavkalarda toʻlov undirishning eng koʻp miqdori koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun oʻz vaqtida murojaat etmaslik uchun belgilangan maʼmuriy jarima miqdoridan oshib ketmasligini hamda maʼmuriy javobgarlik qoʻllanilgan hollarda oshirilgan toʻlovlar undirilmasligini taʼminlash.Hukumat qarori loyihasi2026-yil avgustKadastr agentligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi5.Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida fuqarolar uchun virtual toʻlov kartasini ochish, shuningdek, oʻzining bank plastik kartasini biriktirish, ushbu kartalar orqali davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirish, shuningdek, ortiqcha yoki notoʻgʻri toʻlangan mablagʻlarni yoxud davlat xizmatini koʻrsatishni kechiktirganlik (asossiz rad etganlik) uchun toʻlovlarni avtomatik tarzda foydalanuvchining kartasiga qaytarish imkoniyatini yaratish.Normativ-huquqiy hujjat loyihasiAmaliy chora-tadbirlar2026-yil avgustRaqamli texnologiyalar vazirligi,Adliya vazirligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi,Markaziy bank,tijorat banklari6.Jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan sanasi kabi birlamchi maʼlumotlarni oʻzgartirish va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni qayta rasmiylashtirish tartibini takomillashtirish. Bunda:birlamchi maʼlumotlarni oʻzgartirgan adliya organi tomonidan davlat organlariga xabarnomalar taqdim etish va tegishli elektron shakldagi hujjatlarga fuqarolarning qoʻshimcha arizalarisiz oʻzgartirish kiritish;jismoniy shaxsning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga uning birlamchi maʼlumotlari oʻzgarganligi haqida real vaqt rejimida maʼlumotnoma berish va ushbu maʼlumotnoma asosida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni qayta rasmiylashtirib berish.Normativ-huquqiy hujjat loyihasi2026-yil avgustAdliya vazirligi,Ichki ishlar vazirligi,Raqamli texnologiyalar vazirligi7.Davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga davlat xizmatlari uchun ortiqcha yoki notoʻgʻri toʻlangan mablagʻlarni yoxud davlat xizmatini koʻrsatishni kechiktirganlik (asossiz rad etganlik) uchun toʻlovlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida fuqarolar uchun ochilgan virtual toʻlov kartasi yoki bank kartasiga qaytarilishini (oʻtkazib berilishini) nazarda tutuvchi oʻzgartirishlarni kiritish.Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi2026-yil avgustAdliya vazirligi,Raqamli texnologiyalar vazirligi8.Mehnat va davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisidagi qonunchilikka birinchi marta yoki boshqa sohada ish qidirayotgan shaxslar uchun shartnoma asosida haq toʻlanmaydigan, biroq mehnat daftarchasiga tegishli yozuv kiritilishini nazarda tutuvchi, shuningdek, shtatdan tashqari 3 oygacha ishlab koʻrish imkonini beruvchi “ish oʻrganuvchi stajyor” tizimini joriy qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.Axborot-tahliliy maʼlumotnoma, normativ-huquqiy hujjat loyihasi2026-yil sentabrKambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi9.Birlamchi maʼlumotlar oʻzgarganda avtomatik ravishda oʻzida ushbu maʼlumotlarni aks ettiruvchi axborot tizimlaridagi maʼlumotlarga idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan oʻzgartirish kiritishning texnik imkoniyatini yaratish.Kompleks chora-tadbirlar2026-yil sentabrRaqamli texnologiyalar vazirligi,Adliya vazirligi,mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan vazirlik va idoralar10.Jismoniy shaxsning birlamchi maʼlumotlari oʻzgarganda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta rasmiylashtirish (almashtirish)ning quyidagi tartibini joriy etish:FHDY boʻlinmasida dalolatnoma yozuvini qayd etish bilan bir vaqtda maʼlumotlarni yigʻish punkti sifatida identifikatsiya kartasi (ID-karta), yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun maxsus dasturiy-apparat qurilmalari orqali arizalarni qabul qilish (biometrik maʼlumotlari bilan birga);haydovchilik guvohnomasi va identifikatsiya kartasi (ID-karta)sini chop etish qurilmasi mavjud boʻlgan davlat xizmatlari markazida chop etib pochta xizmati orqali yetkazib berish;xorijga chiqish biometrik pasportini belgilangan tartibda maʼlumotlarni yigʻish punktiga yetkazib berish.Normativ-huquqiy hujjat loyihasi2026-yil sentabrAdliya vazirligi,Ichki ishlar vazirligi(kompleks chora-tadbirlar boʻyicha teng ijrochi)“FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimini Ichki ishlar vazirligining “Xorijga chiqish biometrik pasporti”, “Pasport-visa”, shuningdek, “YNXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi” tizimlari bilan integratsiya qilish.Adliya vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan FHDY boʻlinmalarini identifikatsiya karta (ID-karta), yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishga moʻljallangan maxsus dasturiy-apparat qurilmalari bilan taʼminlash.Kompleks chora-tadbirlar2026-yil oktabr11.“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalariga oid huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish. Unda quyidagilarni nazarda tutish:mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yoʻli bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan soʻng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshirishi;mobil aloqa vositalariga reklama qoʻngʻiroqlari va SMS-xabarnomalarni joʻnatish xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar oʻzlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazgandan keyin tegishli xizmatlarni koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilishi;reklama xabarnomalari va qoʻngʻiroqlarni telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali faqat kunduzgi vaqtda — soat 09.00 dan 18.00 gacha tarqatishga yoʻl qoʻyilishi;mobil aloqa operatorlari oʻzlari tomonidan tarqatiladigan reklama xabarnomalarini va qoʻngʻiroqlarni abonent soʻroviga koʻra toʻliq yoki bir qismini bloklanishi.Normativ-huquqiy hujjat loyihasi2026-yil avgustRaqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi,Ichki ishlar vazirligi,Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi12.Davlat xizmatlarini koʻrsatishning qogʻozsiz va mijozga yoʻnaltirilgan tizimini kengaytirish. Bunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali foydalanuvchilari uchun quyidagilarni joriy qilish:(a) davlat xizmatidan foydalangandan soʻng fikr qoldirgan, xizmat sifatini baholagan, soʻrovnomalarda ishtirok etgan, hujjatlarni qogʻozsiz, elektron shaklda olgan hamda jamoatchilik muhokamalarida ishtirok etgan foydalanuvchilarga bonuslar berish va ushbu bonuslarni yigʻimlarni toʻlashda chegirmalar berish va boshqa ragʻbatlantirish choralarini taqdim etish;(b) jismoniy shaxslarning rasmiy elektron pochtasini ochish;(v) portalda hayotiy vaziyatlarga asoslangan tushuntirish mexanizmlarini joriy qilish.Prezident qarori loyihasi2026-yil sentabrAdliya vazirligi,Raqamli texnologiyalar vazirligi,Iqtisodiyot va moliya vazirligi13.Koʻchmas mulk obyektlari va avtotransport vositalariga qoʻyilgan taqiqni kreditlar toʻliq soʻndirilganda proaktiv shaklda yechishni yoʻlga qoʻyish. Bunda:(a) garov va (yoki) ipoteka shartnomasi notarial tartibda amalga oshirilganda:koʻchmas mulk va avtomototransport vositalari boʻyicha kreditlar toʻliq soʻndirilganda bu haqida banklararo toʻlov tizimi orqali “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumot taqdim etish;“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali olingan maʼlumotlar asosida bir ish kunida koʻchmas mulk va avtotransport vositalariga qoʻyilgan taqiqlarni yechish;(b) garov va (yoki) ipoteka shartnomasi banklar tomonidan amalga oshirilganda — koʻchmas mulk va avtomototransport vositalari boʻyicha kreditlar toʻliq soʻndirilganda bu haqida banklararo toʻlov tizimi orqali taqiqni bekor qilish haqida proaktiv shaklda garov reyestriga yozuv kiritish.Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari2026-yil oktabrAdliya vazirligi,Markaziy bank,Ichki ishlar vazirligi,Kadastr agentligi14.Fuqaroning nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda avtomatik tarzda uni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuborish, amalga oshirilgan notarial harakatlarning hisobini yuritib borish (arxivlash).Kompleks chora-tadbirlar2026-yil sentabrAdliya vazirligi,Raqamli texnologiyalar vazirligi15.Mikroqarz boʻyicha shartnomalarning dastlabki qismida shartnomaning asosiy yuzasining kamida 30 foizini egallaydigan matnli ogohlantirish axborot xati va reklama materiallarida salbiy oqibatlar haqidagi ogohlantirish axborotini joylashtirish majburiyligini belgilash.Isteʼmolchini chalgʻituvchi deb topilgan kredit mahsulotlarini vaqtinchalik yoki doimiy taqiqlash amaliyotini joriy etish.Idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi2026-yil sentabrMarkaziy bank,Adliya vazirligi16.Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoxud xorijga chiqish uchun biometrik pasportni, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxs identifikatsiyalovchi ID-kartasini (yashash guvohnomasini) yoki harakatlanish hujjatini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasini (yashash guvohnomasini) yoʻqotib qoʻyganda yoki yaroqsiz holga kelganida maʼmuriy javobgarlikka tortmasdan, qoʻshimcha miqdorda davlat boji toʻlash orqali yangi hujjatni rasmiylashtirib berish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish.Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari2026-yil oktabrIchki ishlar vazirligi,Adliya vazirligi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.