[Koʻchirma]
Isteʼmolchilarni sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, oqova suv tizimini yaxshilash, sohada korporativ boshqaruvni takomillashtirish, korxonalarni sogʻlomlashtirish va oʻzini oʻzi moliyalashtirishga bosqichma-bosqich oʻtkazish, raqamlashtirish darajasini oshirish orqali sohani shaffof, samarali va korrupsiyadan holi qilish, shuningdek, ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash hamda kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2026-2027-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini hududlar kesimida rivojlantirish, ichimlik suvi bilan barqaror taʼminlash hamda sohada energiya samaradorligini oshirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) ichimlik suvi taʼminoti tizimida 5,1 ming km tarmoq va 245 ta ichimlik suvi inshootlari hamda oqova suv tizimida 1,1 ming km tarmoq va 81 ta oqova suv inshootlarini foydalanishga topshirish;
(b) respublika boʻyicha markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti qamrov darajasini 84,8 foizga hamda oqova suv xizmatlari qamrov darajasini 23 foizga, shu jumladan, shaharlarda 76 foizga yetkazish;
(v) ichimlik suvi ishlab chiqarish inshootlari va magistral tarmoqlarning ulanish nuqtalariga 4,8 mingta suv hisoblash uskunalari oʻrnatish;
(g) ichimlik suvi isteʼmolchilariga 215 mingta suv hisoblash uskunalari oʻrnatish orqali hisoblagich bilan taʼminlanganlik darajasini 91 foizga yetkazish;
(d) resurs sarfi yuqori boʻlgan 1,9 mingta nasos uskunalarini energiya tejamkor uskunalarga almashtirish va 15 MVt quyosh panellari oʻrnatish orqali yiliga 6,9 mln kVt/soat elektr energiyasini iqtisod qilish;
(j) respublikaning 10 ta hududida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini qurish va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish;
(z) zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, ilgʻor xorijiy tajriba asosida korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish orqali transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shaffof va raqamlashtirilgan boshqaruv mexanizmlarini joriy etish.
2. 2026-2027-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini hududlar kesimida kompleks rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
II. Tarkibiy hamda tashkiliy-iqtisodiy masalalar
3. Quyidagilar:
(a) urbanizatsiyaning rivojlanish holati va istiqbollaridan kelib chiqib, markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlarini yaxshilashga ustuvorlik beriladigan shaharlar va tuman markazlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
(b) 2026 — 2028-yillarda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hamda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizimidagi ichimlik suvi ishlab chiqarish inshootlari hamda magistral va tarqatuvchi tarmoqlarning ulanish nuqtalariga suv hisoblash uskunalarini oʻrnatish reja-jadvali 3-ilovaga muvofiq;
(v) 2028-yil yakuniga qadar respublika hududlarida ichimlik suvi tarmoqlarini uy xoʻjaligigacha yetkazishni toʻliq yakunlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq;
(g) 2026-2027-yillarda barcha budjet tashkilotlariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatish reja-jadvali 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab moliyalashtirish manbasi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar “Oʻzsuvtaʼminot” AJ (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat)ga foydalanish uchun topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari “Dasturlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va manzilli roʻyxatlarni kelishishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi” elektron platformasida (keyingi oʻrinlarda — Elektron platforma) aks ettiriladi;
(b) 2026-yil 1-oktabrga qadar Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan yer osti suvlarining holati (sathi, suv chiqish debeti, minerallashuvi va umumiy qattiqligi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Elektron platformaga integratsiya qilinadi;
(v) avtomobil yoʻllarini qurish va taʼmirlash boʻyicha loyihalarga mablagʻ rejalashtirishda ushbu yoʻl ostida joylashgan muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, zarur hollarda ularni rekonstruksiya qilish yoki koʻchirish ishlari loyihaviy yechimlarda inobatga olinadi;
(g) Jamiyat va uning tizim korxonalari oʻrtasida shartnomaviy munosabatlarni samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida tor doiradagi malaka oshirish, oʻqitish va ekspluatatsiyaga oid shartnomaviy munosabatlar toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshiriladi.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — XMI/XHMT) qarz va grant mablagʻlari oldindan xarid, retroaktiv va shu kabi boshqa moliyalashtirish usulini tanlagan holda jalb qilinadi. Bunda:
(a) oldindan xaridlarni amalga oshirish va retroaktiv moliyalashtirishda loyihani baholash hujjati, batafsil loyihalashtirish va konsalting xizmatlari uchun mablagʻlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamgʻarmasi, XMI/XHMT qarz va grant mablagʻlari va boshqa qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
(b) Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarni keyinchalik loyiha doirasida ajratiladigan qarz va grant mablagʻlari hisobidan qaytarish tartibi joriy etiladi;
(v) oldindan xarid va retroaktiv moliyalashtirish usuli asosida amalga oshirilishi belgilangan loyihalar boʻyicha XMI/XHMT bilan kelishuv bayonlari va memorandumlar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ishtirokida imzolanadi;
(g) XMI/XHMT ishtirokidagi loyihalar doirasidagi tenderlarda ishtirok etish uchun mahalliy pudrat tashkilotlarining sugʻurta polisini tijorat banklari tomonidan garov sifatida qabul qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
6. 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) moliyalashtirish manbasidan qatʼi nazar investitsiya loyihalari uchun mablagʻ yoʻnaltirishda birinchi navbatda roʻyxati mazkur Farmonning 2-ilovasida keltirilgan shaharlar va tuman markazlarini ichimlik suvi bilan barqaror taʼminlash va oqova suv xizmatlari qamrovini oshirishga ustuvorlik beriladi;
(b) markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki oʻzini oqlamaydigan hududlarda xizmat koʻrsatish alohida yondashuv asosida (maxsus texnikalarda suv yetkazib berish, shoxobchalarni tashkil etish va shu kabilar) amalga oshiriladi.
Bunda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki oʻzini oqlamaydigan hududlar roʻyxati Jamiyat tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Energetika vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda shakllantiriladi va Elektron platformaga joylashtiriladi.
7. 2027-yil 1-yanvardan boshlab tarif siyosatini takomillashtirish maqsadida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga oʻtkazilsin.
8. Boshqaruv tizimini kuchaytirish maqsadida Jamiyat markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv raisining raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etilishi va unga sohani raqamlashtirish, sunʼiy intellektni keng joriy etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha kompleks dasturlar amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish boʻyicha qoʻshimcha 5 ta shtat birligi ajratilsin.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jamiyat bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar Jamiyat va uning tizim korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish va operatsion samaradorlikni oshirish ishlariga nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini “taklif soʻrovi” asosida jalb qilsin.
11. Belgilansinki:
(a) har yili mart oyida “Suvni tejash oyligi” oʻtkaziladi va suvni qadrlash madaniyatini keng targʻib qilish chora-tadbirlari amalga oshiriladi;
(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(i) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga ichimlik suvini tejash va hududiy suv taʼminoti korxonalariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatganlik mezonlari kiritiladi;
(ii) hududiy suv taʼminoti korxonalariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.
III. Ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish
12. Belgilansinki, 2028-yil yakuniga qadar gidrogeologik xulosalar asosida loyihalashtirilgan guruhli suv olish inshooti loyihalarida suv qudugʻini qazish ishlari Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi “Oʻzbekgidrogeologiya” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi suv inshooti loyihalarida loyiha institutlarining mualliflik nazorati ostida suv qudugʻining joylashuv oʻrnini aniqlash va qazish jarayonlari hududiy gidrogeologiya stansiyalarining mutaxassislari ishtirokida hamda nazoratida amalga oshiriladi.
13. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan hamda oʻrmon fondi yerlari toifasidagi 6-ilovaga muvofiq 580 ta suv taʼminoti va oqova suv obyektlari joylashgan yer maydonlari toifasini Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi va Suv kodeksi talablariga muvofiq, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqova suv xizmatlarini koʻrsatishda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanligini inobatga olgan holda suv fondi yerlari (gidrotexnik inshootlar va nasos stansiyalari egallagan yerlar) toifasiga oʻzgartirish boʻyicha takliflar Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga kiritiladi. Bunda:
(i) Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasining ijobiy xulosasiga asosan belgilangan tartibda toifasi oʻzgartirilgan yer maydonlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli qarorlariga asosan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
(ii) yer fondi toifasi oʻzgartirilishi hisobiga yuzaga keladigan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari undirilmaydi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jamiyat bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar ushbu Farmon doirasida doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan yer uchastkalari Jamiyat va uning tizimidagi tashkilotlarga bepul ijaraga berilishini taʼminlasin;
(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab koʻrsatilgan ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari boʻyicha debitor qarzdorliklarning oʻsishini oldini olish maqsadida:
(ii) hisoblagich mavjud boʻlmagan isteʼmolchilar boʻyicha hisob-kitoblar kadastr organlarining kadastr hujjatlari, “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi hamda Ichki ishlar vazirligining elektron tizimlari bilan maʼlumotlar almashinuvi asosida amalga oshiriladi;
(iii) suv taʼminoti korxonalariga tegishli maxsus texnikalar, isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish uchun foydalaniladigan transport vositalari va inshootlarga ijro hujjatlari boʻyicha undiruv qaratilmaydi (garovga qoʻyilgan mol-mulk bundan mustasno). Adliya vazirligi ikki oy muddatda yuqoridagilardan kelib chiqib, tegishli qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(iv) xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun toʻlovlari navbatdan tashqari tartibda ularning asosiy hisobvaragʻiga kelib tushgan jami tushumlar doirasida amalga oshiriladi;
(v) Jamiyat va uning tizim tashkilotlariga tegishli boʻlgan bino va inshootlarni xususiylashtirish dasturiga kiritish va sotish orqali begonalashtirish Jamiyat roziligisiz amalga oshirilmaydi.
14. Jamiyat, Kadastr agentligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ichimlik va oqova suv obyektlari egallagan yer maydonlari hamda bino va inshootlar uchun kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini 2026-yil yakuniga qadar toʻliq yakunlasin.
Bunda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari uchun toʻlovlar 2027-yil 1-yanvardan boshlab, 2 yil muddatda boʻlib-boʻlib toʻlanishiga ruxsat berilsin.
15. Jamiyat hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab Jamiyat tizimidagi Ilmiy-oʻquv markazida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv sohasida nazariy bilimlar va ishlab chiqarish amaliyotining uygʻunligini taʼminlovchi dual taʼlim shaklida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan alohida fakultetini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir oy muddatda 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab ichimlik va oqova suv yoʻnalishida dual taʼlim asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilayotgan texnikumlar (respublikaning har bir hududida bittadan) boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Jamiyatning 2027-yil 1-aprelga qadar 7-ilovaga muvofiq yirik suv inshootlari, magistral tarmoqlar va suv taqsimlash inshootlarini oʻz ichiga oluvchi “Magistral suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy boʻlimlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda:
(a) magistral va hududiy suv taʼminoti korxonalarini tashkil etish va transformatsiya qilish jarayonidagi alohida tartib va qoidalar 8-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin;
* 8-ilova berilmaydi.
(b) magistral suv taʼminoti korxonasini tashkil etish doirasida aktivlar va mol-mulklarni Jamiyat va uning tizim tashkilotlari oʻrtasida oʻtkazish soliq solish maqsadida tovarlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma sifatida eʼtirof etilmasin va iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtirilsin;
(v) oqova suv chiqarish xizmatlari hududiy suv taʼminoti aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan amalga oshirilishi belgilansin;
(g) “Magistral suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati va hududiy suv taʼminoti aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati aksiyador va xolding sifatida Jamiyat tomonidan muvofiqlashtirilsin.
17. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jamiyatning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) magistral suv taʼminoti korxonasi tomonidan hududiy suv taʼminoti korxonalariga yetkazib beriladigan ichimlik suvi uchun yagona ulgurji tarif joriy etish, bunda tarif xarajatlari toʻliq qoplanmaganda Davlat budjetidan qoplab berish;
(b) 2027-yil 1-apreldan boshlab ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun budjet tashkilotlariga respublika boʻyicha bir xil tariflar belgilash;
(v) ichimlik suvi ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlari boʻyicha alohida hisob-kitob yuritilishini yoʻlga qoʻyish;
(g) hududiy suv taʼminoti korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish, ularning investitsion jozibadorligini oshirish hamda xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida bosqichma-bosqich xususiy sektor ishtirokida faoliyat yuritish tizimiga oʻtkazish.
18. 2028-yilga qadar ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini qurish va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish dasturi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
19. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jamiyat bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlarini yaxshilashning 2030-yilgacha moʻljallangan Strategiyasini kiritsin:
(a) iqlim oʻzgarishiga barqaror ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlarining infratuzilmasini rivojlantirish;
(b) ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari barqarorligini taʼminlash maqsadida sohaning institutsional salohiyatini oshirish;
(v) korxonalarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash orqali sohaga jalb qilinayotgan qarz va budjet mablagʻlarini bosqichma-bosqich maqbullashtirish;
(g) ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirishda ilgʻor texnologiyalarni joriy etish;
(d) xorijiy tajriba asosida sohadagi tashkilotlar va xizmat koʻrsatuvchi korxonalarni transformatsiya qilish.
20. 2026-2027-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari sohasini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2026-yil 1-sentabrga qadar 11-ilovaga muvofiq suv taʼminoti tuman (shahar) boʻlimlarini, tuman (shahar) markazlaridan Jamiyat ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga maʼmuriy binolar bilan taʼminlasin.
22. Vazirlar Mahkamasi har chorakda mazkur Farmon va “Yoʻl xaritasida” belgilangan vazifalar ijrosini hamda masʼul vazirlik va idoralarning hisobotlarini tanqidiy muhokama qilib borgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 12-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
24. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
25. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov, J.A. Qoʻchqorov, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov belgilansin.
26. Farmon ijrosi boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari T.N. Butunbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-iyul,
PF-140-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga1-ILOVA
2026-2027-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini hududlar kesimida kompleks rivojlantirishning
Izoh:
Maqsadli koʻrsatkichlarga budjet va xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini bosqichma-bosqich jalb qilish hisobiga erishiladi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJning takliflari asosida loyihalarga boʻlgan talab va hududlar infratuzilmasi holatidan kelib chiqqan holda maqsadli koʻrsatkichlarga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga2-ILOVA
Urbanizatsiyaning rivojlanish holati va istiqbollaridan kelib chiqib, markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlarini yaxshilashga ustuvorlik beriladigan shaharlar va tuman markazlari
* mazkur hududlarda ichimlik suvi taʼminoti 24/7 rejimiga oʻtkaziladi.
** 2026-yil 1-yanvar holatiga.
*** 2026-yil 1-iyul holatiga.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga3-ILOVA
2026 — 2028-yillarda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hamda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizimidagi ichimlik suvi ishlab chiqarish inshootlari hamda magistral va tarqatuvchi tarmoqlarning ulanish nuqtalariga suv hisoblash uskunalarini oʻrnatish
Izoh:
4 837 ta suv hisoblash uskunalari Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Iqlim texnologiyalari orqali suv resurslarini boshqarishni rivojlantirish” loyihasi doirasida va 2 740 ta suv hisoblash uskunalari davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oʻrnatiladi.
Suv hisoblash uskunalarini oʻrnatish nuqtalari (lokatsiyasi), soni va muddatlariga “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish jarayonlarini tezlashtirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi bilan kelishilgan holda oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
* Yakka tartibdagi suv inshootlariga suv hisoblash uskunalarini oʻrnatish ishlari “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruv raisi boshchiligida tuziladigan komissiya tomonidan oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra tasdiqlangan va Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi bilan kelishilgan manzilli roʻyxat asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga4-ILOVA
2028-yil yakuniga qadar respublika hududlarida ichimlik suvi tarmoqlarini uy xoʻjaligigacha yetkazishni toʻliq yakunlash boʻyicha
Izoh:
Ichimlik suvi tarmoqlarini uy xoʻjaligigacha yetkazish dasturi uchun talab qilinadigan mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan teng ulushlarda ajratiladi.
Dastur parametrlariga moliyalashtirish ishlari amalga oshirilishi va manzilli roʻyxatlar tasdiqlanishidan kelib chiqib oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga5-ILOVA
2026-2027-yillarda barcha budjet tashkilotlariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatish
Izoh:
Zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatish uchun talab etiladigan mablagʻlar 2026-yilda budjet tashkilotlarining tasdiqlangan xarajatlar smetasida iqtisod qilinadigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi, 2027-yilda budjet soʻroviga asosan rejalashtiriladi.
Zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatish ishlari budjet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Dastur parametrlari va muddatlariga “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga6-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan hamda oʻrmon fondi yerlari toifasiga mansubligi aniqlangan va suv fondi yerlari toifasiga oʻtkaziladigan obyektlar egallagan yer maydonlari
Izoh. Mazkur roʻyxatga Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga7-ILOVA
Magistral suv taʼminoti korxonasiga oʻtkaziladigan yirik suv olish, suv tozalash inshootlari va unga tegishli tizimlar
Izoh.
Mazkur roʻyxatga Vazirlar Mahkamasi tomonidan xatlov natijalariga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga9-ILOVA
2028-yilga qadar ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini qurish va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish
Izoh:
Vazirlar Mahkamasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining takliflariga asosan loyihalarga boʻlgan talab, hududlardagi infratuzilmaning holati, loyiha istiqboli va boshqa omillardan kelib chiqqan holda loyiha qiymati va muddatlariga oʻzgartirish kiritish hamda istiqbolsiz loyihalarni boshqa loyihaga almashtirish vakolatiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga10-ILOVA
2026-2027-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari sohasini yanada takomillashtirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga11-ILOVA
Maʼmuriy binoga ega boʻlmagan suv taʼminoti korxonalarini boʻsh binolarga joylashtirish boʻyicha manzilli
Izoh:
Mazkur roʻyxatga zarur hollarda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishilgan holda oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son Farmoniga12-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PQ-2900-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
(a) 4-bandning oltinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
(b) 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-168-son qaroriga 2-ilovaning 269-270, 372, 390, 402, 552, 590, 874, 876, 899 — 901, 1265 va 1291-1292-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-102-son qaroriga 2-ilovaning 85-86 va 339-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi “Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha huquqiy eksperimentni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-236-son qarorida:
(a) 7-bandning uchinchi xatboshisidan “va “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(b) 8-bandda:
(i) ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(ii) uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrdagi “Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-343-son qarorida:
(a) 4-bandning uchinchi xatboshisi chiqarish tashlansin;
(b) 3-ilovadagi 3 va 4-pozitsiyalar chiqarib tashlansin;
(v) 15-ilovada:
(i) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning transformatsiyasi doirasida 2028-yil 1-yanvarga qadar aktivlarni (shu jumladan, yangi tashkil etilayotgan jamiyatlarning ulushlarini) bir tashkilotdan boshqa tashkilotga oʻtkazish, soliq solish maqsadida tovarlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma sifatida eʼtirof etilmaydi va iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtiriladi”;
(ii) 6-banddagi “2026-yil” soʻzlari “2030-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi “Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 194-son qaroriga 2-ilovaning 11-bandi yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda koʻp kvartirali uylarning yuqori qavatlariga ichimlik suvini yetkazib beruvchi va ulardan oqova suvni olib chiqishda foydalanuvchi nasoslar ekspluatatsiyasiga koʻp kvartirali uyni boshqarish organi javobgar boʻladi va xizmatlar koʻrsatadi”.
7. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-maydagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Xorazm viloyatida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 383-son qarori 1-bandi “v” kichik bandidagi “7 yilni (2019 — 2025-yillar)” soʻzlari “8 yilni (2019 — 2026-yillar)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-maydagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Namangan viloyatida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 384-son qarori 1-bandi “v” kichik bandidagi “7 yilni (2019 — 2025-yillar)” soʻzlari “8 yilni (2019 — 2026-yillar)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-maydagi “Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yerosti suv konidan suv olish quvuriga yaqin boʻlgan qishloq aholi punktlarining suv taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 427-son qarori 1-bandi “g” kichik bandidagi “7 yilni (2019 — 2025 yy.)” soʻzlari “9 yilni (2019 — 2027 yy.)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi “OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Namangan viloyatining Zarkent, Xodikent, Isqovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrining suv taʼminotini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 739-son qarori 1-bandi “v” kichik bandidagi “6 yilni (2020 — 2025-yillar)” soʻzlari “8 yilni (2019 — 2027-yillar)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
11. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-yanvardagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Toshkent shahrida suv quvurlari va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 38-son qarori 1-bandi “v” kichik bandidagi “6 yilni (2020 — 2025-yillar)” soʻzlari “7 yilni (2019 — 2026-yillar)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 220-son qarori 1-bandi “v” kichik bandidagi “6 yilni (2020 — 2025-yillar)” soʻzlari “8 yilni (2019 — 2027-yillar)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
13. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Xorazm viloyatining kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 221-son qarori 1-bandi “v” kichik bandidagi “6 yilni (2020 — 2025-yillar)” soʻzlari “8 yilni (2019 — 2027-yillar)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
14. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokidagi “Buxoro viloyatining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 482-son qarori 1-bandi “v” kichik bandidagi “7 yilni (2020 — 2026-yillar)” soʻzlari “9 yilni (2020 — 2028-yillar)” soʻzlari bilan almashtirilsin.