Bojxona omborini, boj olinmaydigan savdo doʻkonini va erkin omborni tugatish litsenziyaning amal qilishi tugatilgan yoki litsenziya bekor qilingan taqdirda amalga oshiriladi.
Bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo doʻkoni va erkin ombor tugatilgan sanadan eʼtiboran ularda saqlanayotgan tovarlarga vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovarlar sifatida qaraladi.
Bojxona ombori va boj olinmaydigan savdo doʻkoni tugatilayotganda ularda turgan tovarlar bojxona ombori va boj olinmaydigan savdo doʻkoni tugatilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kalendar kun ichida boshqa bojxona omboriga oʻtkazilishi yoxud boshqa bojxona rejimiga joylashtirilishi kerak.
Erkin ombor tugatilayotganda unda turgan tovarlar ushbu ombor tugatilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kalendar kun ichida boshqa erkin omborga oʻtkazilishi yoki boshqa bojxona rejimiga joylashtirilishi kerak.
Bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo doʻkoni va erkin ombor tugatilgan taqdirda, xuddi shuningdek litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilganda tovarlarni saqlash uchun joylashtirishga va ularni realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tugatilayotgan bojxona omborida va boj olinmaydigan savdo doʻkonida tovarlarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turishining umumiy muddati ularni tugatish sanasidan eʼtiboran oltmish kundan, erkin omborda esa bir yuz sakson kundan oshmasligi kerak.
Litsenziyaning amal qilishi tugatilishi munosabati bilan bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo doʻkoni va erkin ombor tugatilgan taqdirda ularning egalaridan tugatish sanasidan eʼtiboran bojxona organlari tomonidan taʼsis etilgan bojxona omborlari uchun belgilangan, tovarlar saqlanganligi uchun bojxona yigʻimlari undiriladi.
Litsenziya bekor qilinganligi munosabati bilan bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo doʻkoni va erkin ombor tugatilgan taqdirda bojxona omborining, boj olinmaydigan savdo doʻkonining va erkin omborning egasi olib kirilgan, shu jumladan chiqarib yuborilgan tovarlar turgan butun davrga bojxona organlari tomonidan taʼsis etilgan bojxona omborlari uchun belgilangan, tovarlar saqlanganligi uchun bojxona yigʻimlarini toʻlashi shart.
Boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini amalga oshirish litsenziyasini ushbu litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalanib olinganlik fakti aniqlanganligi munosabati bilan bekor qilish toʻgʻrisida sud tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, boj olinmaydigan savdo doʻkonida realizatsiya qilingan tovarlarga erkin muomalaga chiqarilgan tovarlar deb qaraladi va boj olinmaydigan savdo doʻkoni egasidan mazkur tovarlar boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirilgan sanada toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari summalari undiriladi.