Xavfni boshqarish tizimida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
xavf — bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilmasligi ehtimolining darajasi;
aniqlangan xavf — bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish sodir etilganligidan va bojxona organlari ushbu holat toʻgʻrisida maʼlumotga ega ekanligidan dalolat beruvchi fakt;
potensial xavf — aniqlanmagan, lekin uning yuzaga kelishi uchun sharoitlar mavjud boʻlgan xavf;
xavf indikatorlari — oldindan belgilangan koʻrsatkichlarga ega muayyan mezonlar boʻlib, ulardan ogʻish yoki ularga mos kelish nazorat obyektini tanlashni amalga oshirish imkonini beradi;
xavf profili — xavf sohasi, xavf indikatorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻindisi, shuningdek xavfning oldini olish yoki uni imkon qadar kamaytirish boʻyicha zarur choralarni koʻrish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalar;
xavf sohasi — xavf tahlilining ayrim guruhlarga boʻlingan obyektlari boʻlib, ularga nisbatan bojxona nazoratining alohida shakllari yoki majmui qoʻllanilishi, shuningdek ularning samaradorligini oshirish talab etiladi;
xavfni baholash — xavfning yuzaga kelishi ehtimolini va u yuzaga kelganda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi oqibatlarini muntazam ravishda aniqlab borish;
yashiruvchi tovarlar — xavf tovarlari oʻrniga deklaratsiyalanishi ehtimoli yetarli darajada boʻlgan tovarlar;
xavf tovarlari — xavf aniqlangan yoki potensial xavf mavjud boʻlgan bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlar;
xavf darajasi — xavfning yuzaga kelishining ehtimoliga va uning mumkin boʻlgan oqibatlariga bogʻliq tarzda aniqlanadigan xavfning holati;
xavf tahlili — bojxona organlarida mavjud boʻlgan axborotdan xavfning yuzaga kelishi holatlari va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni identifikatsiyalash va bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilmasligining ehtimol tutilgan oqibatlarini baholash maqsadida muntazam ravishda foydalanish;
xavfni boshqarish — xavfning oldini olish va ularni imkon qadar kamaytirish, ularning qoʻllanilish samaradorligini baholash, shuningdek bojxona operatsiyalarining bajarilishi ustidan nazorat qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalda bajarishni, bojxona organlarida mavjud boʻlgan axborotning uzluksiz yangilanishini, tahlil etilishini va qayta koʻrib chiqilishini nazarda tutuvchi doimiy ishlar.