Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning buzilganligi belgilari mavjud boʻlgan tovarlar aniqlanganda bojxona organlari Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritilmagan intellektual mulk obyektlarini oʻz ichiga olgan tovarlarni chiqarib yuborishni ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda, huquq egasining intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi arizasisiz toʻxtatib turishga haqli.
Tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish va bekor qilish ushbu moddaga muvofiq bojxona organi rahbarining yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxsning koʻrsatmasiga asosan amalga oshiriladi.
Bojxona organlari qoʻshimcha huquqlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organining davlat reyestridagi Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan tovar belgilari roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanadi.
Tovarlarni chiqarib yuborish ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq toʻxtatib turilgan taqdirda, bojxona organlari tomonidan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning buzilganligi belgilari mavjud boʻlgan tovarlar aniqlanganda huquq egasini yoki uning vakolatli vakilini va deklarantni xabardor qilish yuzasidan barcha zarur choralar koʻriladi.
Bojxona organlari intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish maqsadida tovar belgisining huquq egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (nomi, manzili, telefon raqami, pochta manzili) aniqlashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organiga soʻrov yuboradi.
Soʻrovda himoya qilish choralari tatbiq etilayotgan tovarlar toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatiladi.
Bojxona organlari va Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining manzilini aniqlash va uni xabardor qilish uchun yigirma toʻrt soat ichida barcha zarur choralarni koʻradi.
Bojxona organlari tomonidan yigirma toʻrt soat ichida huquq egasi yoki uning vakolatli vakili toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish imkoni boʻlmagan taqdirda, tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish bekor qilinadi va tovarlarni chiqarib yuborish ushbu Kodeksga muvofiq amalga oshiriladi.
Intellektual mulk obyektining Oʻzbekiston Respublikasidagi huquq egasi yoki uning vakolatli vakili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aniqlangan taqdirda ularga xabar yuboriladi, shuningdek tovarlarni chiqarib yuborish uch ish kuniga toʻxtatib turiladi.
Agar mazkur muddat ichida huquq egasi yoki uning vakolatli vakili bojxona organiga:
tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish muddatini oʻn ish kunigacha uzaytirish toʻgʻrisida ariza bermaganda;
tovarlarning chiqarib yuborilishini toʻxtatib turishni bekor qilish haqida ariza berganda, bojxona organlari ushbu Kodeksga muvofiq tovarlarni chiqarib yuborishni amalga oshiradi.
Agar ushbu moddaning sakkizinchi qismida koʻrsatilgan muddatda bojxona organlariga huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizasi kelib tushgan boʻlsa, ularni chiqarib yuborish dastlabki tarzda toʻxtatib turilgan sanadan eʼtiboran oʻn ish kuniga qadar toʻxtatib turiladi. Bunda huquq egasi yoki uning vakolatli vakili oʻn ish kuni ichida quyidagilarni bojxona organiga taqdim etishi kerak:
1) intellektual mulk obyektiga boʻlgan huquqlar buzilganligi haqidagi ish boʻyicha sudning ishni sudda koʻrish tayinlanganligi toʻgʻrisidagi ajrimi;
2) tovarga nisbatan intellektual mulk obyektiga boʻlgan huquqlar buzilganligi holati mavjud emasligi toʻgʻrisida sud tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, deklarantga va boshqa shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararning, shuningdek bojxona organlari tomonidan amalga oshirilgan xarajatlarning oʻrnini qoplash boʻyicha majburiyat. Bunda mulkiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi majburiyatda har bir intellektual mulk obyekti boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdoridagi pul mablagʻlari tegishli bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi;
3) ushbu Kodeksning 385-moddasida belgilangan tartibda intellektual mulk obyektlarini Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlar.
Huquq egasi yoki uning vakolatli vakili intellektual mulk obyektiga boʻlgan huquqlar buzilganligi toʻgʻrisidagi ishni sudda koʻrish tayinlanganligi haqidagi sud qarorini bojxona organlariga tovarlarni chiqarib yuborish dastlabki tarzda toʻxtatib turilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida taqdim etgan taqdirda, mazkur muddat huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining iltimosnomasiga koʻra uzaytirilishi, lekin koʻpi bilan oʻn ish kuniga uzaytirilishi mumkin, bundan sudning qarorida koʻrsatilgan boshqa muddatlar mustasno.
Ushbu moddada belgilangan talablar tovarlarni chiqarib yuborish dastlabki tarzda toʻxtatib turilgan kundan eʼtiboran huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan bajarilmagan taqdirda, tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish bekor qilinadi hamda ularni chiqarib yuborish ushbu Kodeksga muvofiq tiklanadi. Bunda deklarantning va bojxona organlarining tovarlarni chiqarib yuborishni oʻn ish kuniga toʻxtatib turish boʻyicha xarajatlarining oʻrnini huquq egasi yoki uning vakolatli vakili qoplaydi.