FPK · 124-modda

124-modda. Ish yuritishni tugatish asoslari

Sud quyidagi hollarda ish yuritishni tugatadi, agar:

1) ish fuqarolik ishlari boʻyicha sudga, iqtisodiy sudga yoki maʼmuriy sudga taalluqli boʻlmasa;

2) fuqarolik ishlari boʻyicha sudning, iqtisodiy sudning yoki maʼmuriy sudning yoxud chet davlat vakolatli sudining ayni bir taraflar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishini qabul qilish toʻgʻrisidagi yoxud taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi ajrimi mavjud boʻlsa;

3) daʼvogar arz qilingan talablaridan voz kechgan va sud bu voz kechishni qabul qilgan boʻlsa;

4) taraflar kelishuv bitimi tuzgan va u sud tomonidan tasdiqlangan boʻlsa;

5) hakamlik sudining ayni bir taraflar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa, bundan sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berishni rad etgan hollar mustasno;

5-1) sudning ayni bir taraflar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan tuzilgan mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ajrimi mavjud boʻlsa;

6) ish boʻyicha taraflardan biri boʻlgan fuqaroning vafotidan soʻng nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa;

7) ish boʻyicha taraf boʻlib qatnashayotgan tashkilot tugatilgan boʻlsa.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.