Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi ushbu Kodeksning 189-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Daʼvo arizasida quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak:
1) nizolashilayotgan qarorni qabul qilgan korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasining nomi yoki nizolashilayotgan harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan mansabdor shaxsning familiyasi va ism-sharifining bosh harflari;
2) nizolashilayotgan qarorning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, nizolashilayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy;
3) daʼvogarning fikriga koʻra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli buzilayotgan oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) daʼvogarning fikriga koʻra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) qaysi qonunchilikka zid boʻlsa, oʻsha qonunchilik;
5) daʼvogarning qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi talabi.
Daʼvo arizasiga ushbu Kodeksning 191-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek nizolashilayotgan qarorning matni ilova qilinadi.