FPK · 270-5-modda

270-5-modda. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sudning hal qiluv qarori

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ushbu Kodeksning 23-bobida belgilangan qoidalarga koʻra sud tomonidan qabul qilinadi.

Sud nizolashilayotgan qaror yoki uning ayrim qismlari yoxud harakatlar (harakatsizlik) qonunchilikka zid ekanligini hamda daʼvogarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzayotganligini aniqlasa, qarorni yoki uning ayrim qismlarini haqiqiy emas deb yoxud harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.

Agar sud nizolashilayotgan qaror yoki uning ayrim qismlari yoxud harakatlar (harakatsizlik) qonunga muvofiq ekanligini hamda daʼvogarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmayotganligini aniqlasa, arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.

Daʼvo arizasini qanoatlantirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

1) nizolashilayotgan qarorni qabul qilgan korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasining nomi yoki harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, nizolashilayotgan qarorning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, nizolashilayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy;

2) nizolashilayotgan qarorning toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb yoki harakatlarning (harakatsizlikning) qonunga xilof deb topilganligi;

3) sud xarajatlarining taqsimlanishi.

Qaror haqiqiy emas deb, harakatlar (harakatsizlik) qonunga xilof deb topilgan taqdirda, sud tegishli korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasining yoki mansabdor shaxsning zimmasiga qonunga muvofiq qaror qabul qilish yoki muayyan harakatlarni amalga oshirish yoxud daʼvogarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining yoʻl qoʻyilgan buzilishlarini boshqacha usulda bartaraf etish majburiyatini yuklaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.