Egallab turgan lavozimiga binoan faoliyati parvozlarni tashkil etish, amalga oshirish va taʼminlash hamda havo transporti qatnoviga xizmat koʻrsatish bilan bevosita aloqador aviatsiya xodimlarini kasb faoliyatiga tayyorlash davlat tomonidan shahodatlangan tashkilotlarda amalga oshiriladi. Fuqaro va davlat aviatsiyasi kadrlarini tayyorlovchi oʻquv yurtlarini sertifikatlash tegishincha Oʻzbekiston Respublikasining Aviatsiya maʼmuriyati va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Havo kemalari parvozini amalga oshirish va bu parvozlarni taʼminlash bilan bevosita aloqador aviatsiya xodimlari tegishli faoliyatni amalga oshirish guvohnomasiga ega boʻlgan hamda salomatliklari belgilangan talablarga javob beradigan taqdirdagina kasb faoliyatini bajarishga qoʻyiladilar.
Aviatsiya xodimlarini kasb faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etish va shu faoliyatni bajarish uchun guvohnoma berish tartibi, shuningdek aviatsiya xodimlari turli toifalarining sogʻliqlariga boʻlgan talablar hamda ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi fuqaro va eksperimental aviatsiyada Aviatsiya maʼmuriyati tomonidan, davlat aviatsiyasida esa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.
Fuqaro aviatsiyasining aviatsiya xodimlari kasb faoliyatini bajarish chogʻida amaldagi guvohnomani oʻzlari bilan olib yurishlari kerak.