Uchuvchi ixtisosligiga va belgilangan tartibda maʼlum turdagi havo kemasini mustaqil boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaxsgina havo kemasining komandiri boʻlishi mumkin.
Havo kemasining komandiri ekipaj faoliyatini boshqaradi, kemada tartib va intizom saqlanishini, parvoz qoidalariga va kemadan foydalanish qoidalariga rioya qilinishini taʼminlaydi, shuningdek kemaning asralishi va kemadagi odamlar hamda mol-mulkning xavfsizligini taʼminlash uchun zarur choralarni koʻradi.
Havo kemasining komandiri quyidagi huquqlarga ega:
a) havo kemasining fazoga koʻtarilishi, parvozi va qoʻnishi haqida, shuningdek parvozni tugallash va parvoz boshlangan punktga qaytish yoki majburiy qoʻnish haqida uzil-kesil qaror qabul qilish. Parvoz xavfsizligiga yaqqol xavf tugʻilganida, shuningdek kema ichidagi yoʻlovchilar hayotini saqlab qolish niyatida parvoz rejasidan, havo transporti qatnovini taʼminlovchi idora koʻrsatmalaridan va parvoz topshirigʻidan chekingan holda, ammo belgilangan parvoz qoidalariga iloji boricha rioya qilgan holda, bunday qaror qabul qilinishi mumkin. Kema komandiri koʻrilgan tadbirlar toʻgʻrisida kemaning bevosita rahbari boʻlmish havo kemalari qatnovini taʼminlovchi organga zudlik bilan xabar qilishi shart;
b) havo kemasi ichidagi har qanday shaxsga oʻz vakolatlari doirasida buyruq berish. Bu buyruqlar soʻzsiz bajarilmogʻi lozim;
v) xatti-harakatlari bilan parvoz xavfsizligiga bevosita tahdid solib, oʻzining buyruqlariga boʻysunmayotgan shaxslarga nisbatan barcha zarur choralarni koʻrish, hatto qurol ishlatish. Havo kemasi eng yaqin aerodromga qoʻngani zahoti kema komandiri bunday shaxslarni kemadan chiqarib yuborishi, agar jinoyat belgilari mavjud qilmish sodir etgan boʻlsalar, ularni tegishli organlarga topshirishi mumkin;
g) parvoz xavfsizligini hamda havo kemasini qoʻndirishni taʼminlash uchun zarur boʻlsa parvoz paytida yonilgʻini toʻkib tashlash, qoʻl yuki, yuk va pochtani tashlab yuborish.