Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududida milliy va xorijiy havo kemalarining xalqaro parvozi vaqtida ushbu Kodeksga asoslangan havo kemalaridan foydalanish va parvozlarni bajarishni tartibga soluvchi umumiy qoidalariga amal qilinadi.
Milliy va xorijiy havo kemalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidan havoga koʻtarilishi, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga uchib kirgandan keyingi qoʻnishi xalqaro parvozlar uchun ochiq aerodromlarda amalga oshiriladi. Samoviy hududda xalqaro parvozlar belgilangan havo yoʻllari boʻylab bajariladi. Havo kemalari Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasini Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda maxsus ajratilgan xalqaro havo trassalari yoki havo yoʻlkalari boʻylab kesib oʻtadilar.
Quyidagi hollarda:
a) Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq tabiiy ofat, falokat, avariya, avariya vaziyati hamda odamlar hayotiga xavf tugʻilgan boshqa sharoitlarda;
b) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda;
v) Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda beriladigan maxsus ruxsatnoma olinganida yuqoridagi qoidalardan istisnoga yoʻl qoʻyish mumkin.