HK · 81-modda

81-modda. Halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalari haqida xabar qilish

Aloqa vositalariga ega boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shu vositalarni halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalari haqidagi maʼlumotlarni zudlik bilan xabar qilish uchun foydalanishga berib turishlari shart.

Aloqa vositalarini berish, halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemasiga, uning yoʻlovchilari va ekipajiga yordam koʻrsatish haqidagi xabarlarni qabul qilish va joʻnatish hech qanday navbatsiz oddiy tarif boʻyicha haq olib amalga oshiriladi. Bunday hodisa toʻgʻrisidagi birinchi maʼlumotni xabar qilish bepul amalga oshiriladi.

Halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalari haqida xabar berish uchun umumiy aloqa vositalaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Aviatsiya maʼmuriyati va Mudofaa vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar oʻzlariga maʼlum havo kemalarining halokati toʻgʻrisida Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmatiga yoki eng yaqin aerodromga zudlik bilan xabar berishlari shart. Fuqarolar bunday holatlarda zudlik bilan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yoki eng yaqin korxona, muassasa va tashkilotlarga xabar berishlari shart.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.