Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va uning hududiy organlari isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida oʻz vakolatlari doirasida:
isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqilishini va uning amalda roʻyobga chiqarilishini amalga oshiradi;
davlat organlarining va tashkilotlarning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) nazorat xaridi amalga oshirilishini, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ularning ekspertizadan (testdan) oʻtkazilishini tashkil etadi;
isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi faktlari mavjud boʻlgan taqdirda, tadbirkorlik subyektlarida (moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda) tekshirishlarni oʻtkazadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining, shuningdek qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning isteʼmolchilarga tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazadi;
isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning qoʻllanilishiga doir masalalar yuzasidan rasmiy tushuntirishlar beradi;
isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish alomatlari aniqlangan taqdirda, ishlab chiqaruvchidan (ijrochidan, sotuvchidan) zarur hujjatlarni, tushuntirishlarni va boshqa axborotni soʻrab oladi;
isteʼmolchilarning huquqlarini buzayotgan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida ishlab chiqaruvchiga (ijrochiga, sotuvchiga) koʻrsatma yuboradi;
isteʼmolchilar huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq masalalarni sudga qadar hal qilishni tashkil etishga koʻmaklashadi;
sud majlislarida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha mutaxassis sifatida belgilangan tartibda ishtirok etadi;
isteʼmolchilarning (isteʼmolchilar nomuayyan doirasining) huquqlarini himoya qilib, sudga murojaat etish huquqiga ega;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.