JK · 244-modda

244-modda. Ommaviy tartibsizliklar

Ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga omma oldida daʼvat qilish —

bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha harakatlar:

a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;

b) ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmogʻidan, shuningdek matnni koʻpaytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shaxsning ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida oʻquvdan oʻtishi, shu jumladan ommaviy tartibsizliklarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va koʻnikmalarini egallashi, oʻquv chogʻida qurol-yarogʻ, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini oʻrganishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qoʻrqitib shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatish, qirgʻin solish, oʻt qoʻyish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik koʻrsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish yoxud ushbu faoliyatni moliyalashtirish, xuddi shuningdek ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish, —

oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u oʻquvdan oʻtganligi toʻgʻrisida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday oʻquvdan oʻtgan, oʻquvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek oʻquv oʻtkazilgan joyni aniqlashga faol koʻmaklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.