Soliq toʻlovchi, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq munosabatlarida qonuniy yoki vakolatli vakil orqali ishtirok etishga haqli.
Vakilning vakolatlari ushbu Kodeksga va boshqa qonunchilikka muvofiq hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Yuridik shaxs boʻlgan soliq toʻlovchining qonuniy vakili deb ushbu yuridik shaxsga qonun yoki uning taʼsis hujjatlari asosida vakillik qilishga vakolatli shaxslar eʼtirof etiladi.
Jismoniy shaxs boʻlgan soliq toʻlovchining qonuniy vakili deb fuqarolik qonunchiligiga muvofiq uning vakillari sifatida faoliyat olib boradigan shaxslar eʼtirof etiladi.
Yuridik shaxs qonuniy vakillarining mazkur yuridik shaxsning soliq munosabatlarida ishtirok etishi munosabati bilan sodir etilgan harakatlari (harakatsizligi) ushbu yuridik shaxsning harakati (harakatsizligi) hisoblanadi.
Soliq toʻlovchi tomonidan belgilangan tartibda soliq organlari, bojxona organlari va soliq munosabatlarining boshqa ishtirokchilari bilan munosabatlarda oʻz manfaatlarini ifodalash vakolati berilgan soliq maslahatchilari tashkilotlari yoki boshqa shaxslar soliq toʻlovchining vakolatli vakillari boʻlishi mumkin.
Yuridik shaxs boʻlgan soliq toʻlovchining vakolatli vakili, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻz vakolatlarini tuzilgan shartnoma yoki fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda beriladigan ishonchnoma asosida amalga oshiradi.
Jismoniy shaxs boʻlgan soliq toʻlovchining vakolatli vakili oʻz vakolatlarini fuqarolik qonunchiligiga muvofiq notarial tasdiqlangan ishonchnoma asosida amalga oshiradi.
Soliq, moliya, bojxona va boshqa davlat organlarining mansabdor shaxslari soliq toʻlovchining vakolatli vakillari boʻla olmaydi.
Soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi qonun asosida soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi barcha ishtirokchilarining vakolatli vakili hisoblanadi.
Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish toʻgʻrisidagi shartnoma qoidalaridan qatʼi nazar, ushbu guruhning masʼul ishtirokchisi quyidagilar bilan bogʻliq huquqiy munosabatlarda mazkur konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilarining manfaatlarini ifodalashga haqli:
soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish toʻgʻrisidagi shartnomani soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek ushbu shartnomaga oʻzgartirish kiritish, shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror va uni tugatish bilan bogʻliq huquqiy munosabatlarda;
soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisidan soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi uchun foyda soligʻi boʻyicha qarzlarni majburiy undirish bilan bogʻliq huquqiy munosabatlarda;
soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshirilgan harakatlar (harakatsizlik) xususiyati boʻyicha ular soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchisi boʻlgan yuridik shaxsning huquqlariga bevosita taʼsir qilsa.
Amal qilish muddati tugashi bilan soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish toʻgʻrisidagi shartnoma muddatidan oldin bekor qilinganda yoki tugatilganda ushbu guruhning masʼul ishtirokchisi boʻlgan shaxs ushbu moddaning oʻninchi va oʻn birinchi qismlarida nazarda tutilgan vakolatlarini saqlab qoladi.
Soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi boʻlgan shaxslar mazkur guruh ishtirokchilarining manfaatlarini ifodalash boʻyicha ushbu Kodeks bilan oʻzlariga berilgan vakolatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan shartnoma yoki berilgan ishonchnoma asosida uchinchi shaxslarga berishga haqlidir.