SK · 27-modda

27-modda. Soliq organlarining majburiyatlari

Soliq organlari:

soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishi;

soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi, soliqlar va yigʻimlarning toʻgʻri hisoblab chiqarilishi, toʻliq hamda oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;

soliq toʻlovchilar, soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar, hisoblangan va toʻlangan soliqlar toʻliq va oʻz vaqtida hisobga olinishini taʼminlashi;

soliq tekshiruvlarini oʻtkazishda soliq toʻlovchilarga ularning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida maʼlumot berishi, shuningdek oʻtkazilgan tekshirishlar natijalari toʻgʻrisida xabardor qilishi;

soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytida oʻz vaqtida eʼlon qilishi;

soliq toʻlovchilarga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni ijro etishida yordam berishi, soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik normalarini va soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibini tushuntirishi;

soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi faktlarini tahlil qilishi va baholashi, soliqqa oid huquqbuzarliklarga olib keladigan sabablar va sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi takliflarni tegishli davlat organlariga kiritishi;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda soliqqa oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga doir uzoq muddatli va joriy dasturlarni ishlab chiqishi hamda amalga oshirishi;

soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi toʻgʻrisidagi arizalarni, xabarlarni va boshqa axborotni oʻrganishi;

davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan pul mablagʻlarining toʻliq va oʻz vaqtida tushishini nazorat qilishi;

masalani hal etish soliq organlari vakolatlari doirasiga kirmaydigan hollarda soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi faktlari boʻyicha materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirishi;

oʻz vakolatlari doirasida valyuta va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat qilishi;

soliq siriga rioya etishi va uning saqlanishini taʼminlashi;

soliq toʻlovchining talabiga binoan soliqlarni toʻlash boʻyicha soliq majburiyatining bajarilishi yuzasidan solishtirma dalolatnoma tuzishi;

ushbu Kodeksga muvofiq soliq qarzi summasini soʻzsiz undirishi;

yuridik va jismoniy shaxslarni, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarini hisobga olishi, ularga soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamini berishi hamda bu haqda statistika va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarga rasmiy ravishda maʼlum qilishi;

soliq toʻlovchining talabiga binoan uning soliq organlarida hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomani berishi;

soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yozma tushuntirishlariga amal qilishi shart.

Soliq organlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.