SK · 30-modda

30-modda. Jismoniy shaxslar

Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, chet davlatlarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar jismoniy shaxslardir.

Tegishli maqomi oʻziga nisbatan belgilangan soliq davri boshlanadigan yoki tugaydigan har qanday ketma-ket oʻn ikki oylik davr davomida jami bir yuz sakson uch kalendar kundan koʻproq Oʻzbekiston Respublikasida haqiqatda boʻlgan jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari deb eʼtirof etiladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalari mazkur moddada belgilangan xususiyatlarni va Oʻzbekiston Respublikasining soliq solish masalalariga doir xalqaro shartnomalari qoidalarini hisobga olgan holda qoʻllaniladi.

Agar jismoniy shaxs tegishli soliq davrida Oʻzbekiston Respublikasida jami bir yuz sakson uch kundan kam boʻlib, biroq ushbu turish muddati uning boshqa biror-bir davlatda turgan muddatidan koʻproq boʻlsa ham, u Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etiladi.

Agar jismoniy shaxs ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan oʻn ikki oylik muddat tugagunga qadar soliq organlariga uzoq muddatli mehnat shartnomasini yoki ushbu moddaning ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan shartlar bajarilishini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etsa, oʻzining arizasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etilishi mumkin.

Jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasida haqiqatan boʻlib turishi davri uning qisqa muddatli (olti oydan kam) davolanish yoki oʻqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqqan davrida uzilmaydi.

Ushbu modda maqsadlarida chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning quyidagi davrlar mobaynida boʻlgan vaqti uning Oʻzbekiston Respublikasida haqiqatda boʻlgan vaqtiga taalluqli hisoblanmaydi:

1) diplomatik yoki konsullik maqomiga ega shaxs sifatida boʻlgan davri;

2) Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlgan, xalqaro shartnoma boʻyicha tuzilgan xalqaro tashkilotning xodimi sifatida boʻlgan davri;

3) tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmagan taqdirda, ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan shaxslar oilasining aʼzosi sifatida boʻlgan davri.

Oʻzbekiston Respublikasida haqiqatan qancha vaqt boʻlganligidan qatʼi nazar, chet elda xizmatni oʻtayotgan Oʻzbekiston Respublikasining harbiy xizmatchilari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ishlash uchun xizmat safariga yuborilgan davlat hokimiyati organlarining xodimlari Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari deb eʼtirof etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida haqiqatda boʻlib turganlikni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirish (Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish) kuni chet davlatlarning davlat chegaralarini kesib oʻtganlik toʻgʻrisidagi belgi asosida aniqlanadi. Bunday belgi Oʻzbekiston Respublikasining va (yoki) chet davlatning chegara nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organi tomonidan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasiga kirish (Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish) hujjatlariga qoʻyiladi. Shuningdek shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududida haqiqatda boʻlib turganligi davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etilgan, soliq organida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida ham aniqlanishi mumkin.

Agar ushbu moddaning toʻqqizinchi qismi qoidalari jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududida haqiqatan ham boʻlib turganlik vaqtini aniq belgilash imkonini bermasa, jismoniy shaxs soliq organiga oʻzining kalendar yil (yillar) davomida haqiqatda boʻlib turgan joyini tasdiqlovchi hujjatlarni (ularning koʻchirma nusxalarini), shuningdek oʻzining haqiqatda boʻlib turgan joyini aniqlash uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa hujjatlarni (yoki ularning koʻchirma nusxalarini) taqdim etadi:

1) shaxsni tasdiqlovchi hujjat;

2) belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma;

3) haqiqatda boʻlib turgan joyini tasdiqlovchi hujjatlar.

Agar ushbu moddaning qoidalariga yoki Oʻzbekiston Respublikasining soliq solish masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalariga muvofiq, bir vaqtning oʻzida jismoniy shaxsni ham Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti, ham chet davlatning soliq rezidenti deb tan olish uchun asoslar boʻlsa, uning soliq rezidentligi shunday xalqaro shartnomaning qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs hayotiy manfaatlarining markazi asosida belgilanadi. Bunda quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilgan taqdirda, jismoniy shaxs hayotiy manfaatlarining markazi Oʻzbekiston Respublikasida deb eʼtirof etiladi:

1) jismoniy shaxsning eri (xotini) va (yoki) yaqin qarindoshlari Oʻzbekiston Respublikasida yashasa;

2) Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsga va (yoki) uning eriga (xotiniga) va (yoki) uning yaqin qarindoshlariga mulk huquqida yoki boshqa asoslarda tegishli boʻlgan, istalgan vaqtda uning yashashi va (yoki) eri (xotini) va (yoki) uning yaqin qarindoshlari yashashi mumkin boʻlgan koʻchmas mulkning mavjudligi.

Agar jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashash joyi mavjud boʻlmasa, ushbu Kodeksning maqsadlari uchun yashash joyi bu jismoniy shaxsning iltimosiga binoan uning boʻlib turgan joyi boʻyicha belgilanishi mumkin. Bunda jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda vaqtincha yashab turgan va roʻyxatdan oʻtgan joyi (manzili) jismoniy shaxsning boʻlib turgan joyi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari boʻlmagan jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari deb eʼtirof etiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.