SK · 29-modda

29-modda. Soliq siri

Vakolatli organlar tomonidan olingan soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar soliq sirini tashkil etadi, quyidagilar bundan mustasno:

1) hamma foydalanishi mumkin boʻlgan, shu jumladan egasining roziligi bilan shunday foydalanish imkoni yaratilgan maʼlumotlar;

2) soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

3) soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari va bu qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

4) soliq toʻlovchilar tomonidan qoʻllaniladigan soliq rejimlari va qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar sifatida hisobga qoʻyilganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

5) toʻlangan soliqlarning va soliq qarzining summalari haqidagi maʼlumotlar;

6) yuridik shaxsning ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

7) xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

8) moliyaviy hisobot maʼlumotlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar summalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

Soliq siri davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, jalb etiladigan mutaxassislar va ekspertlar tomonidan oshkor etilishi mumkin emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Soliq sirini oshkor etish jumlasiga, xususan, soliq toʻlovchining tijorat sirini (ishlab chiqarish sirini) tashkil etuvchi va davlat organining mansabdor shaxsiga, jalb etilgan mutaxassisga yoki ekspertga ular oʻz majburiyatlarini bajarishi chogʻida maʼlum boʻlib qolgan axborotdan foydalanish yoki uni boshqa shaxsga berish kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlarning soliq organlariga yoki boshqa tegishli organlariga soliq toʻlovchi toʻgʻrisida soʻralgan maʼlumotlarni taqdim etish soliq sirini oshkor etish sirasiga kirmaydi.

Davlat organlariga kelib tushgan soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar maxsus saqlash va foydalanish rejimiga ega.

Soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlardan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan mansabdor shaxslar foydalanish huquqiga ega.

Soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlarning yoʻqotilishi yoki bunday maʼlumotlarning oshkor etilishi qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.

Ushbu moddaning qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tasarrufidagi, soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadigan va ularga ishlov beradigan tashkilotlar tomonidan olingan maʼlumotlarga, shuningdek mazkur tashkilotlarning xodimlariga nisbatan tatbiq etiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.