SK · 26-modda

26-modda. Soliq organlarining huquqlari

Soliq organlari quyidagilarga haqli:

soliq toʻlovchilardan va uchinchi shaxslardan soliqlarni va yigʻimlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni (axborotni), shu jumladan elektron tarzda taqdim etishini talab qilish;

ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq tekshiruvlari va boshqa soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;

hududni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni, shu jumladan soliq toʻlovchi daromad olish uchun foydalanadigan yoki soliq solish obyektlarini saqlash bilan bogʻliq joylarni koʻzdan kechirish;

mol-mulkni inventarizatsiya qilish va bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlarning nazorat oʻlchovlarini oʻtkazish;

qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda kassani va tovar-moddiy boyliklar hamda hujjatlar saqlanadigan joylarni ikki kundan ortiq boʻlmagan muddatga, ikki kundan ortiq muddatga esa, sud qarori boʻyicha muhrlash;

soliqlarni va yigʻimlarni hisoblab chiqarish bilan bogʻliq hujjatlarni va elektron axborot jismlarini olib qoʻyish;

foto- va videotasvirga tushirish, tushuntirishlar hamda boshqa maʼlumotlarni olish;

tarjimonni, ekspertni jalb etish va ekspertiza tayinlash;

soliq toʻlovchi hisob hujjatlarini yoʻqotgan yoki yoʻq qilgan hollarda soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi oʻzida mavjud axborot, shuningdek boshqa shu kabi soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida soliqlar summasini hisob-kitob orqali mustaqil ravishda aniqlash;

oʻzaro kelishuv asosida soliq monitoringida ishtirok etayotgan soliq toʻlovchi tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi, soliqlarni hisoblab chiqarishning toʻgʻriligi, toʻliqligi va oʻz vaqtida toʻlanishi yuzasidan soliq monitoringini oʻtkazish;

soliq qarzini majburiy undirish choralarini koʻrish;

soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va moliyaviy sanksiyalar qoʻllash;

soliq huquqbuzarliklarining aniqlangan holatlari boʻyicha tovar-moddiy boyliklarni belgilangan tartibda davlat daromadiga oʻtkazish. Yuridik shaxs boʻlgan soliq toʻlovchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini davlat daromadiga oʻtkazish sud tartibida amalga oshiriladi;

soliq toʻlovchilarga nisbatan ular tomonidan noqonuniy olingan mablagʻlarni davlat daromadiga undirish toʻgʻrisida sudlarga daʼvolar kiritish;

hujjatlarning davlat tiliga tarjima qilinishini talab qilish;

soliq toʻlovchilarni va soliq agentlarini yozma bildirish asosida soliq organlariga ular tomonidan soliqlarni toʻlash (ushlab qolish va oʻtkazish) yuzasidan yoki soliq tekshiruvi bilan bogʻliq ravishda, shuningdek ular tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning bajarilishi bilan bogʻliq boshqa hollarda tushuntirishlar berishga chaqirish;

ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda soliq toʻlovchining yoki soliq agentining bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish va ularning mol-mulkini xatlab qoʻyish;

soliq toʻlovchilar va ularning vakillaridan, soliq agentlaridan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etishni talab qilish hamda ushbu talablarning bajarilishini nazorat qilish;

ushbu Kodeksda belgilangan majburiyatlarning banklar tomonidan bajarilishini nazorat qilish.

Soliq organlari qonunga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.