SYK · 20-modda

20-modda. Hududiy saylov komissiyasining vakolatlari

Hududiy saylov komissiyasi:

tegishli hududda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishni tashkil etadi;

tegishli hududda ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi hamda saylovni tashkil etish va oʻtkazish masalalari yuzasidan tushuntirishlar beradi;

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi, chegaralarini, saylovchilar soni, saylov okruglarining roʻyxati hamda okrug saylov komissiyalari joylashgan yer toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

tuman, shahar va okrug saylov komissiyalarini tuzadi hamda ularning tarkibi va joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

tegishli tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga rahbarlik qiladi;

yangi tashkil etilgan tumanning, shaharning xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzadi;

saylov uchastkalarini tuzadi, okrug boʻyicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini koʻrsatgan holda ularning roʻyxatini eʼlon qiladi;

saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor qiladi;

uchastka saylov komissiyalarini tuzadi va ularning tarkibi haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini yoʻnaltirib boradi, agar ularning qarorlari ushbu Kodeksga zid boʻlsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki viloyat, tuman, shahar prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatligiga koʻrsatilgan nomzodlarni belgilangan tartibda roʻyxatga oladi va ular haqidagi maʼlumotlar rasmiy eʼlon qilinishini tashkil etadi;

roʻyxatga olingan nomzodlarga guvohnomalar beradi;

nomzodlar va siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasida ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;

Qonunchilik palatasi deputatligiga hamda xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini roʻyxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi;

deputatlikka nomzod etib roʻyxatga olinganlarning tarjimai holi va dasturlarining asosiy yoʻnalishlarini chop etish hamda uchastkalarga yetkazib berishni taʼminlaydi;

saylovlarni viloyat, Toshkent shahri miqyosida yorituvchi mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazadi va tegishli guvohnoma beradi;

siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarni roʻyxatga oladi;

pul mablagʻlarini tegishli saylov komissiyalari oʻrtasida taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, oʻz muhrining, saylovga oid boshqa hujjatlarning tayyorlanishini taʼminlaydi;

siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarining hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga oʻtkazilgan saylov yakunlarini chiqaradi, saylangan deputatlarni roʻyxatga oladi, saylov yakunlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va saylangan deputatlarning roʻyxatlarini matbuotda eʼlon qiladi;

deputatlarga viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputati guvohnomasini va koʻkrak nishonini beradi;

viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatlari takroriy saylovi, shuningdek boʻshab qolgan oʻrinlarga deputatlar saylovi oʻtkazilishini tashkil etadi;

saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, bundan saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno;

ushbu Kodeks talablari buzilganligi toʻgʻrisidagi materiallarni sudga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;

saylovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlarning arxivlarga va idoraviy arxivlarga topshirilishini taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida tegishli hudud boʻyicha saylov natijalarini aniqlaydi va ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi;

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga saylov yakunlari toʻgʻrisida tegishli xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga axborot beradi;

mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari toʻgʻrisida Markaziy saylov komissiyasiga hisobot beradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida ushbu Kodeksda nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq hududiy saylov komissiyalarining vakolatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi amalga oshiradi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.