PF-982-son Farmon · 07.11.1994

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasini tuzish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-982
  • Qabul qilingan sana:07.11.1994
  • Kuchga kirgan sana:07.11.1994
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 11-12

Xalq xoʻjaligi va aholining temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilarni tashish ehtiyojlarini toʻla qondirish hamda temir yoʻlning barqaror va xavf-xatarsiz ishlashini taʼminlash maqsadida:

1. Temir yoʻl transporti tizimining Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan temir yoʻl korxonalari va temir yoʻl boʻlimlari, sanoat, qurilish, savdo va taʼminot korxonalari, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari, boshqa tashkilotlari, korxonalari va muassasalari negizida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi tashkil etilsin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 2-martdagi PF-2815-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 2001-y., 3-son, 54-modda)

3. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Aksiyadorlik jamiyatining quyidagi asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilab qoʻyilsin:

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)

temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilarni tashish sohasida bozor talablarini tadqiq etish, uni rivojlantirish istiqbolini belgilash va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini tarkibiy qayta qurishni hisobga olgan holda joylashtirish;

temir yoʻl transporti xizmatidan foydalanadigan korxonalarga taklif etiladigan koʻp yoʻnalishdagi xizmat sohasini vujudga keltirish asosida transport xizmati bozorida temir yoʻl transportining raqobatga bardoshligini taʼminlash;

temir yoʻl tarmoqlari ishi barqarorligini, poyezdlarni oʻtkazish qobiliyatini oshirishga doir chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish;

temir yoʻl transportini kompleks rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-texnik yutuqlar, yangi texnika va texnologiyalar, investitsiya dasturlarini ishlab chiqish va temir yoʻl transportida joriy etish;

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)

sarf-xarajatlarni kamaytirish va foydalanuvchi mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishni hisobga olgan holda yuk, yoʻlovchi, pochta va bagajni tashishga oid tariflarni (tarif stavkalarini) ishlab chiqish va vakolatli organlar bilan kelishish.

(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 2-martdagi PF-2815-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 2001-y., 3-son, 54-modda)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin, uning tarkibini va nizomini tasdiqlasin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1994-yil 7-noyabr,

PF-982-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.