Chet tillar sohasida kadrlar tayyorlashni jadallashtirish, mintaqadagi korxonalar va muassasalarning kengayib borayotgan xalqaro aloqalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida:
1. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Samarqand viloyat hokimligining Samarqand davlat universitetining tegishli fakulteti negizida Samarqand davlat chet tillar institutini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar institutning asosiy vazifasi qilib belgilansin:
Chet tillarni puxta biladigan tarjimonlar va respublika taʼlim muassasalari uchun pedagoglar tayyorlash;
Chet tillarni jadal oʻrgatishning ilgʻor pedagogik usullarini joriy etish;
Chet tillar boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirish;
Oliy maʼlumot negizida tarjimonlar va ekskursiya rahbarlarini jadal qayta oʻqitish;
Institutning oʻz ilmiy kuchlarini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda mazkur Farmonni amalga oshirish boʻyicha tashkiliy tadbirlarni koʻzda tutuvchi tegishli qaror tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 8-noyabr,
PF-984-son