PF-1009-son Farmon · 24.11.1994

Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-1009
  • Qabul qilingan sana:24.11.1994
  • Kuchga kirgan sana:24.11.1994
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 11-12

Respublika yer fondidan foydalanish samaradorligini oshirish, yer maydonlaridan olinadigan daromad oʻsishidan aholining manfaatdorligini kuchaytirish maqsadida:

1. Tuman va shaharlarning hokimliklariga fuqarolarning meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilishlari uchun yakka tartibda uy-joy qurishga 0,04 gektargacha, shaxsiy yordamchi xoʻjalikni yuritishga 0,06 gektargacha yer maydonini kimoshdi savdosi asosida sotishga ruxsat berilsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasida xalq xoʻjaligida foydanilmayotgan yer maydonlari, shuningdek zarar koʻrib ishlayotgan va past rentabelli qishloq xoʻjalik korxonalarining yerlari, tajriba tariqasida, fuqarolarning meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilishlari uchun kimoshdi savdosi va tanlov asosida sotilsin. Bunda ajratiladigan yer maydonlari sugʻoriladigan yerlarda 5 gektardan va sugʻorilmaydigan yerlarda 15 gektardan oshmasligi zarur.

3. Nazoratni amalga oshirish va yuqorida koʻrsatib oʻtilgan masalalar boʻyicha takliflar tayyorlash hamda ularni tuman hokimliklarining koʻrib chiqishiga kiritish uchun mazkur hokimliklar huzurida Davlat mulki qoʻmitasi, yer tuzish, suv xoʻjaligi, moliya va soliq organlari vakillaridan, shuningdek jamoatchilik vakillaridan iborat maxsus komissiyalar tuzilsin.

4. Banklarga respublika fuqarolarining kimoshdi savdosi asosida yer maydonlari sotib olishlari uchun ularga 5 yilda qaytarish sharti bilan zarur kredit berish tavsiya qilinsin.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish huquqini beradigan order olingandan keyin bir yil davomida foydalanilmagan yer maydonidan uch baravar miqdorda yer soligʻi undiriladi;

meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish huquqini beradigan order olingandan keyin ikki yil davomida foydalanilmagan yer maydonlari ilgarigi egalari toʻlagan qiymat qaytarib berilgan holda ulardan olib qoʻyiladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi:

bir hafta muddatda mazkur Farmonni bajarishni taʼminlash yuzasidan qaror qabul qilsin;

bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlasin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1994-yil 24-noyabr,

PF-1009-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.