PF-1005-son Farmon · 21.11.1994

Ekinlarning payhon etilishiga qarshi kurashni kuchaytirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-1005
  • Qabul qilingan sana:21.11.1994
  • Kuchga kirgan sana:21.11.1994
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 11-12

Donli ekinlar payhon boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik va ularni saqlashni taʼminlash, qishloq xoʻjalik mahsulotlari nazoratsiz nest-nobud boʻlishi hollarining oldini olish maqsadida:

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi viloyatlar, tumanlarning hokimlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjaliklarning rahbarlari qishloq xoʻjaligi ekinzorlarida chorva va parrandalar boqish, shunday ekinzorlar orqali avtotransport yoki qishloq xoʻjalik texnikasini, hayvonlarni olib oʻtish kabi hamda ekinlarning payhon boʻlishiga olib keladigan boshqa buzgʻunchilik hollariga qarshi kurashni kuchaytirsinlar.

2. Ekinzorlarning egalari yoki mulkdorlari boʻlmish xoʻjaliklarning rahbarlariga ichki ishlar organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari bilan birgalikda ekinzorlarni payhon qilish hollarini aniqlash va bunday buzgʻunchiliklarga yoʻl qoʻymaslik borasida muntazam reydlarni oʻtkazib turish vazifasi topshirilsin. Eng koʻp payhon qilib turiladigan joylarda kuzatish postlari oʻrnatilsin.

Ekinzorlarni payhon qilish faktlari aniqlangan hollarda chorva, parranda, avtotransport, qishloq xoʻjalik texnikasi yoki boshqa payhon qilish vositalarining egalarini yoxud mulkdorlarini aniqlash uchun tezkor choralar koʻrilsin, aybdorlarni qonunda belgilangan moddiy, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish uchun hujjatlar tegishli organlarga topshirilsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalarga, tashkilotlarga yoki fuqarolarga qarashli boʻlgan payhon qilish vositalari bundan buyon to egalari yoki mulkdorlari payhon yetkazgan ziyonning oʻrnini toʻla qoplamagunlariga qadar ushlab turiladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi ekinlar payhon boʻlishining oldini olishga doir kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrsin, profilaktika ishlarini olib borish uchun tegishli postlar oʻrnatsin va amaldagi qonunlarga qatʼiy muvofiq ravishda buzgʻunchilarga nisbatan qattiq choralarni qoʻllasin, har bir payhon qilish fakti boʻyicha aybdorlarni javobgarlikka tortmasdan qolmasin.

5. Prokuratura va IIV organlari, sudlar ekinlarning payhon qilinishi toʻgʻrisida hujjatlar olinganida ularni tezkorlik bilan koʻrib chiqsinlar, aybdorlarga nisbatan qatʼiy jazo choralarini, hatto ozodlikdan mahrum qilish chorasini qoʻllasinlar.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 2-oktabrdagi PF-4569-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 40-son, 525-modda)

6. Oʻzbekiston Respublikasining Prokuraturasi ekinlarning saqlanishini taʼminlashga qaratilgan qonunlarning ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

7. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori B. Mustafoyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va tumanlarning hokimlari, huquqni muhofaza qilish organlari, xoʻjaliklar hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlarining zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1994-yil 21-noyabr,

PF-1005-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.