Ichki va tashqi bozorlarda barqaror talabga ega zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni koʻpaytirish, mahsulotlarning yangi turlarini chiqarishni oʻzlashtirish, eksport salohiyatini yanada kengaytirishni taʼminlash, shuningdek, Andijon viloyatida yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzqurilishmateriallari” AJ va Andijon viloyati hokimligining umumiy qiymati 203,9 mln. AQSH dollari boʻlgan “Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida yiliga 1,2 mln. tonna quvvatga ega portlandsement sement zavodini qurish” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
“Zhejiang Shangfeng Building materials Co. LTD (XXR), “Tunli” (XXR) (keyingi oʻrinlarda — xorijiy investorlar), “Juydam Ta'mir Qurilish” MCHJ (Oʻzbekiston) (keyingi oʻrinlarda — mahalliy investor) tomonidan Shangfeng-Bridge of Friendship masʼuliyati cheklangan jamiyat koʻrinishidagi qoʻshma korxona tashkil etildi;
mahsulotni ishlab chiqarishda yoqilgʻi-energetik resurslarning muqobil turlari, shuningdek, koʻmirdan foydalaniladi.
3. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
materiallar, uskunalar, mashina va mexanizmlar, texnologik jihozlar butlovchi buyumlar va uzellar, asbob-uskunalar, transport vositalari, ehtiyot qismlar, moslamalar, dasturiy taʼminot, texnik va loyiha hujjatlarini yetkazib berish boʻyicha — 136,3 mln. AQSH dollari miqdorida jalb etilayotgan xorijiy investorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalari va kreditlari;
qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish boʻyicha — ekvivalenti 14,9 mln. AQSH dollari miqdoridagi, 2 imtiyozli davrni hisobga olgan holda, 7 yil muddatga beriladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash foizi stavkasidan yuqori boʻlmagan tegishli hajmlardagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalari amalga oshirilganidan keyingi “Shangfeng-Bridge of Friendship” QQ uchun “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan ajratiladigan kredit mablagʻi;
barcha zarur tashqi infratuzilmani oʻtkazish (elektr energiya, tabiiy gaz, avtomobil va temir yoʻl, texnik suv) boʻyicha — “Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasining oʻz mablagʻlari va xorijiy investorlarning ekvivalenti 52,7 mln. AQSH dollaridagi xorijiy kreditlari moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
4. “Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida quvvati yiliga 1,2 mln. tonnaga ega portlandsement sement zavodini qurish” investitsiya loyihasi TIAning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PQ-3865-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻztransgaz” AJ “Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasiga qurilayotgan zavodning tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalari ulanishiga zarur boʻlgan koʻmakni bersin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Noruda foydali qazilmalari mavjud yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziya berish komissiyasi “Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasiga sement ishlab chiqarishda Andijon viloyatida joylashgan Sultonobod konidagi tuproq va Shirmonbuloq III konidagi ohaktosh, shuningdek, Fargʻona viloyatidagi Qamishboshi I konidagi gipsni qazib olishda yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishga huquq beruvchi litsenziyani ommaviy savdolarsiz, toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida bersin.
8. Investitsiya loyihasini belgilangan muddatlarda amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik Andijon viloyati hokimi Sh.K. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Andijon viloyati hokimi Sh.K. Abduraxmonov:
ikki hafta muddatda 2019-yilning sentabrigacha quvvatlarni ishga tushirishi hisobga olgan holda, investitsiya loyihasini amalga oshirish tarmoq jadvalini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishni;
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda investitsiya loyihasini amalga oshirishda muhandislik kommunikatsiyalari va xomashyo konlarini qurilishiga belgilangan tartibda yer ajratilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzqurilishmateriallari” AJ va “Oʻzbekneftgaz” AJ investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida “Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasiga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sement, metall prokati va yoqilgʻi-moylash materiallarini birja kotirovkalarining oʻrta miyona narxlarida ajratish va sotishni taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari B.I. Zokirov investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazishni va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan davlat-arxitektura nazorati amalga oshirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi A.I. Axmedxadjayev zimmasiga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni oʻz vaqtida jalb etish hamda undan samarali foydalanish yuzasidan tizimli monitoring olib borish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
12. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida “Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasi:
a) ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilganidan keyin 5 yil muddatga yuridik shaxslarning foyda soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlardan;
(12-bandning “a” kichik bandida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
b) 2019-yilning 1-oktabrigacha:
loyiha boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar doirasida, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan materiallar, mashina va uskunalar, maxsus transport vositalari, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, asbob-uskunalar va texnologik jihozlar hamda texnik va loyiha hujjatlari, shuningdek, “Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasi va uning subpudrat tashkilotlari tomonidan olib kelinadigan yoqilgʻi-moylash materiallari va metall prokati bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari);
“Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasi va uning subpudrat tashkilotlari tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha vaqtincha olib kelinadigan uskunalar, butlovchi buyumlar uzellari, maxsus texnika mashina va mexanizmlar, transport vositalari, asbob-uskunalar, texnik hujjatlar — davriy bojxona toʻlovlaridan;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan;
Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organlar litsenziyalash va sertifikatlashda taqdim etiladigan xizmatlar, olib kelinadigan tovarlar, materiallar, uskunalar, butlovchi buyumlar va uzellarning mashina va mexanizmlari, texnologik jihozlar, transport vositalari anjomlari, ehtiyot qismlar, asbob-uskunalar, yoqilgʻi-moylash materiallariga boʻlgan yigʻimlar toʻlovi, davlat boji va toʻlovlar toʻlashdan;
import qilinadigan materiallar, uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihozlar, anjomlar, ehtiyot qismlar, respublikada tegishli akkreditatsiya sinov laboratoriyalarida mavjud boʻlmagan asboblarga – majburiy sertifikatsiya tartib-taomillaridan ozod etilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasining buyurtmanomalariga koʻra, investitsiya loyihasini amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarning kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasining buyurtmanomalariga koʻra, investitsiya loyihasini amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha yashab turgan joyida vaqtincha roʻyxatga olish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji undirmasdan taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Shangfeng-Bridge of Friendship” MCHJ qoʻshma korxonasining buyurtmanomalariga koʻra, investitsiya loyihasini amalga oshirishda qatnashuvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida mavjud boʻlmagan xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar berilish (muddati uzaytirilishining), shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Andijon viloyati hokimi Sh.K. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-iyul,
PQ-3141-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyuldagi PQ-3141-son qaroriga ILOVA
“Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida quvvati yiliga 1,2 mln. tonnaga ega portlandsement zavodini qurish” investitsiya loyihasi TIAning
* Moliyaviy xarajatlarga ajratiladigan kreditning haqiqiy summasiga asosan tuzatishlar kiritiladi.