Dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan sharoitda qishloq xoʻjaligidagi mavjud resurslar va imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga koʻpaytirish, yuqori hosil olish, qishloq xoʻjaligi sohasida yangi ish oʻrinlarini yaratish va manfaatdorlikni oshirish borasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish maqsadida:
1. Foydalanishdan chiqib ketgan va yer osti suvlari zaxirasi mavjud boʻlgan yerlarni foydalanishga kiritish, ularni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun aholiga imtiyozli shartlar asosida ajratib berishning quyidagi tartibi joriy qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi va Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 10-mayga qadar 1-ilovada keltirilgan hududlarda ekinlarni sugʻorish uchun yaroqli suv chiqarish imkoniyati haqida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga xulosa taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tabiiy-tuproq hamda iqlim sharoitidan kelib chiqib foydalanishga kiritiladigan yerlarga ekin turlarini joylashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiya beradi;
tuman hokimligi foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarini konturlar kesimida hisob-kitob qiladi hamda loyihalarni shakllantirib, kelishish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga taqdim etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari uch kun ichida ushbu loyihalarni koʻrib chiqqan holda umumlashtirib, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi besh kun ichida taqdim etilgan loyihalarni oʻrganib, Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga xulosa taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari besh kun muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarni oʻrganish asosida Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan ajratiladigan mablagʻlarni tumanlar kesimida taqsimlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarining taqsimotiga asosan Moliya vazirligi besh kun muddatda tuman budjetiga yer maydonlarini foydalanishga kiritish uchun zarur mablagʻlarni ajratadi;
tuman hokimligi quduq qazish, sugʻorish tarmoqlarini tiklash orqali yer maydonlarini suv bilan taʼminlash, elektr energiyasini tortish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishning texnik va moliyaviy koʻrsatkichlarini belgilaydi va ushbu ishlarni amalga oshiruvchi pudratchi tashkilotlarni tanlov asosida aniqlaydi;
tanlov qoida tariqasida, tuman hokimining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari raisligida, tuman qishloq xoʻjaligi, arxitektura va qurilish, moliya, statistika, yer resurslari va davlat kadastri, irrigatsiya boʻlimlari, soliq inspeksiyasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha tuman inspeksiyasi hamda tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbarlaridan iborat tarkibda tuziladigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi;
tuman hokimligi foydalanishga kiritilgan yer maydonlarini dehqonchilik sohasida bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan, birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga 1 gektargacha dehqon xoʻjaligini yuritish uchun, istisno tariqasida, 10 yilgacha muddatga ijaraga beradi yoki tajriba-sinov tariqasida mahalliy tadbirkorlik subyektlariga barcha xarajatlarni oldindan toʻlash sharti bilan 5 gektargacha boʻlgan yer maydonlarini 10 yilgacha muddatga ijara huquqini elektron auksion asosida sotadi;
ushbu yer maydonlarini ajratish boʻyicha tashabbuskor va tuman hokimligi oʻrtasida tuzilgan ijara shartnomasiga asosan tuman hokimining qarori qabul qilinadi, bunda yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash va ustuvor ravishda sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlarni ekish, bogʻ va tokzorlar barpo etish nazarda tutiladi;
yer maydonlarini ijaraga berish hamda ijara huquqini sotishdan tushadigan mablagʻlar tuman hokimligining sabzavotchilikni rivojlantirish boʻyicha maxsus hisob raqamida jamgʻarib boriladi hamda yangi yer maydonlarini foydalanishga kiritish maqsadlarida ishlatiladi;
yerdan foydalanish davomida belgilangan ekin turlarini ekib, ish oʻrinlarini yaratgan, ijara xarajatlarini oʻz vaqtida qoplagan tadbirkorlik subyektlariga yerdan foydalanish muddatini uzaytirishda ustuvorlik huquqi beriladi.
Tuman hokimliklari foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarining yaxlitligi, bir mahsulot turiga ixtisoslashishi, meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalari orqali dehqon xoʻjaliklariga urugʻlik va koʻchatlar yetkazish, ilgʻor agrotexnologiyalarni oʻrgatish, yetishtirilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishda koʻmaklashsin, shuningdek, mineral oʻgʻitlar va yoqilgʻi-moylash mahsulotlarini yetarli hajmda va hamyonbop narxlarda xarid qilishlari uchun zarur infratuzilmani yaratsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
mazkur qaror doirasida ijaraga beriladigan yer maydonlarida yengil konstruksiyadagi dala shiypon va sugʻorish inshootlarini joylashtirishga ruxsat beriladi, boshqa turdagi, shu jumladan turar joy, bino va inshootlar qurish qatʼiyan man etiladi;
ijaraga beriladigan yer maydonlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish” loyihasi, Jahon bankining kredit liniyalari hisobidan kreditlar ajratiladi. Bunda tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan qismi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
mazkur qaror doirasida foydalanishga kiritilgan yer maydonlari maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi Oʻzbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda)
qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalarida ishtirok etadigan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalar toifasiga kiruvchi har bir oila parranda boqqan davri (40 kun) uchun Jamoat ishlari jamgʻarmasidan qoʻshimcha 500 ming soʻmdan ragʻbatlantiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
yangi foydalanishga kiritiladigan yerlarning ijara huquqini elektron auksion asosida sotishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
qishloq xoʻjaligi sohasidagi islohotlarning yoʻnalishlari va mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, dehqon xoʻjaliklari, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmini hamda aholi bandligi va daromadini oshirishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunini, shuningdek, “Shaxsiy tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihalarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda yangi foydalanishga kiritiladigan yerlarning ijara huquqini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida sotishga imkoniyat yaratsin.
5. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq:
ushbu kodeksning 57-moddasida nazarda tutilgan shartlarga javob beruvchi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari oʻzi ishlab chiqargan oʻz qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan foydasi boʻyicha foyda soligʻi stavkasi 0 foiz miqdorida belgilangan;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash uchun, shuningdek, ipak qurti yetishtirish uchun foydalaniladigan qishloq xoʻjaligi korxonalari balansida boʻlgan mol-mulkining oʻrtacha yillik qoldiq qiymati yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblashda soliq bazasidan kamaytiriladi;
tomchilatib sugʻorish tizimi qoʻllaniladigan yerlar — tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan oyning boshidan eʼtiboran besh yil muddatga, qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yangi oʻzlashtirilayotgan yerlar — vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan loyihaga muvofiq, ularni oʻzlashtirish ishlari bajariladigan davrda va ular oʻzlashtirilgan vaqtdan eʼtiboran besh yil mobaynida hamda yangi barpo etilayotgan bogʻlar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar, daraxtlarning qator oralaridan qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish uchun foydalanishdan qatʼi nazar, uch yil muddatga yer soligʻidan ozod qilingan;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5969-son Farmoniga asosan qishloq xoʻjaligidagi yerlarni sugʻorish uchun foydalaniladigan hajmlar boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020-yilda oʻrnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytirilgan.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J. Qoʻchqorov Moliya vazirligi bilan birga bir oy muddatda Inqirozga qarshi kurashish dasturi doirasida ajratilgan mablagʻlardan yer maydonlarini foydalanishga kiritish uchun tuman budjetlariga Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarining taqsimotiga asosan 300 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.
7. Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklarining:
2020-yilda ajratilishi rejalashtirilgan 30 trillion soʻmlik revolver kreditlarning 2 trillion soʻmini meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilar va uning eksporti bilan shugʻullanuvchi korxonalarga yoʻnaltirish;
eksport shartnomasi boʻyicha kelgusidagi tushum taʼminoti asosida shaxsiy tomorqa yer egalari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun boʻnak ajratish hamda mahsulotlarni sotib olish maqsadlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilarga qisqa muddatli kreditlar ajratish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin. Bunda, kreditlar yaxshi kredit tarixiga ega, kamida 2 yil davomida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti faoliyati bilan shugʻullangan qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilarga ajratiladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Oʻzpaxtasanoat” AJ tizimidagi korxonalarning ipak qurti boqish inshootlarini “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi tashkilotlarga toʻlovlarni yigirma yilgacha muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati bilan balans (qoldiq) qiymatda investitsiya kiritish sharti bilan sotish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga qarorda belgilangan vazifalar yuzasidan tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat va tumanlar hokimlarining hisobotlarini eshitish va tegishli baho berib borish tavsiya etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Moliya vazirligi mazkur qarorda koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Oʻ.I. Barnoyev va J.A. Qoʻchqorov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 1-may,
PQ-4700-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4700-son qaroriga1-ILOVA
2020-yilda foydalanishdan chiqib ketgan va yer osti suvlari zaxirasi mavjud boʻlgan yer maydonlarini oʻzlashtirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4700-son qaroriga2-ILOVA
Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish boʻyicha
Izoh: “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun qabul qilinadigan hujjatlar shakli zaruratga qarab oʻzgartirilishi, boshqa bandlardagi hujjatlar bilan birlashtirilishi yoki bir necha turdagi hujjatlarga boʻlinishi mumkin.
Ikki va undan ortiq tadbirlar birlashtirilgan holatlarda ushbu tadbirlar uchun belgilangan eng kechki muddat umumlashtirilgan tadbirning ijro muddati hisoblanadi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarning mazmuniga mos keladigan boshqa masalalar ham nazarda tutilishi mumkin.