Mamlakatda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish, aholi bilan muloqot tizimini yoʻlga qoʻyish, aholi turmush darajasi va bandligini oshirish, hududlarni jadal va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni taʼminlashda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hozirgi holatini chuqur tahlil qilishda istiqbolga yoʻnaltirilgan maqsadli dasturlarni ishlab chiqish uchun uni kompleks baholashning hamda yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqqan holda ularga tezkorlik bilan va lozim darajada javob qaytarishning yagona muvofiqlashtirilgan mexanizmi yoʻqligi toʻsqinlik qilmoqda.
Hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun ularning kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini, tabiiy xom ashyo resurslaridan foydalanish samaradorligini, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini, shuningdek, hududlarning boshqa qiyosiy ustunliklarini baholashning yagona tizimini joriy etish maqsadida:
1. Statistik koʻrsatkichlar va soʻrovnomalar natijalari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi (bundan buyon matnda — reyting baholash) joriy etilsin va bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilsin:
barqaror va mutanosib iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash, iqtisodiy islohotlar samaradorligi;
yangi ish oʻrinlari yaratish, ishsizlikni kamaytirish va mehnat bozori samaradorligini taʼminlash;
ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va aholi turmush sifatini yaxshilash;
aholi va biznes uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish infratuzilmasining barqarorligi hamda ishonchliligini taʼminlash;
hududlarning raqobatbardoshlik darajasini oshirish, ularning iqtisodiyotini yanada diversifikatsiya qilish;
ishbilarmonlik muhiti sifatini yaxshilash, tadbirkorlikni doimiy qoʻllab-quvvatlash va jadal rivojlantirish;
hududlarning moliyaviy mustaqilligiga erishish hamda bank-moliya sohasini rivojlantirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va maʼlumotlarning ochiqligini oshirish.
2. Reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
reyting baholash ushbu qarorning 6-bandida nazarda tutilgan axborot tizimi ishlab chiqilgandan soʻng 2019-yil uchun sinov rejimida amalga oshiriladi;
reyting baholash natijalari asosida reyting koʻrsatkichlarini aniqlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida amalga oshiriladi;
oʻtgan yil uchun reyting baholash natijalari har yili 1-fevral (tezkor baholash) va 15-iyunga (yakuniy natijalar) qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritiladi;
reyting baholash natijalari har yili Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlari yigʻilishlarida tanqidiy muhokamaga qilinishi shart.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga reyting baholash natijalarini umumlashtirish, shuningdek, reyting baholashni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tegishli organlar, tashkilotlar va muassasalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish hamda muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga, zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda reyting koʻrsatkichlari tizimi hamda ularni hisoblash usullariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (keyingi oʻrinlarda — Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti), “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi (keyingi oʻrinlarda — “Ijtimoiy fikr” markazi), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (keyingi oʻrinlarda — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi), Milliy statistika qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
ikki oy muddatda ilgʻor xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda hududlarni reyting baholash uchun aholi va tadbirkorlar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish metodologiyasini ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kelishish uchun kiritsin;
tasdiqlangan metodologiya asosida har yili tuman hamda shaharlarda aholi va tadbirkorlar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birga 2020-yil 1-iyunga qadar masʼul organlar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan hududlar reytingini tuzish uchun maʼlumotlarni onlayn rejimda kiritish imkonini beruvchi axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) ishlab chiqilishini, shuningdek, 2019-yil yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan sinov rejimidagi reyting baholash natijalari asosida uning takomillashtirilishini taʼminlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi — axborot tizimining buyurtmachisi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar — axborot tizimini yaratish hamda uni kelgusida qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, soʻrovnomalarni tashkil etish va oʻtkazishning moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga uning asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, soʻrovnomalarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasi hisobidan zarur mablagʻlarni;
2020-yildan boshlab har yili axborot tizimini texnik va dasturiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, soʻrovnomalarni oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi buyurtmanomalariga asosan zarur mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutgan holda ajratsin.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari hisobot yilidan keyingi 15-yanvar (tezkor) va 1-iyundan (yakuniy) kechiktirmay hisobot yili yakuni boʻyicha tegishli maʼlumotlarni axborot tizimiga haqqoniy va oʻz vaqtida kiritishni taʼminlaydi;
reyting jarayoniga jalb etilgan davlat organlari, tashkilot va muassasalar rahbarlari soʻrovnomalarni shaffof va xolisona oʻtkazish hamda tegishli maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritish uchun shaxsan javobgardir;
davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan axborot tizimiga ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish, shuningdek, ularni oʻz vaqtida kiritmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, tegishli rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qaror ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi belgilansin:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov:
mazkur qaror ijrosini sifatli taʼminlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishga masʼul vazirlik va idoralarning samarali faoliyatini tashkil etsin hamda muvofiqlashtirsin, aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;
axborot tizimiga kiritilgan statistik koʻrsatkichlar va soʻrovnoma natijalarini oʻz vaqtida umumlashtirsin hamda hududlar reytingini aniqlasin;
ushbu qarorning maqsad va vazifalariga erishish, shuningdek, baholash mezonlari va tahlil usullarini aniqlash maqsadida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, “Ijtimoiy fikr” markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Milliy statistika qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning masʼul xodimlari uchun davriy seminarlar tashkil etsin;
(11-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
reyting koʻrsatkichlarining monitoringini va ommaviy axborot vositalari, shu jumladan rasmiy veb-saytda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar muntazam ravishda keng yoritilishini taʼminlasin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining oʻrinbosari B.T. Turabov — hududlarning reyting koʻrsatkichlari shakllantirilishini monitoring qilsin;
v) masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari — axborot tizimiga maʼlumotlarning oʻz vaqtida, sifatli va toʻlaqonli kiritilishi hamda soʻrovnomalar oʻtkazilishi uchun barcha zarur choralarni koʻrsin;
g) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Koʻchimov va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D. Xadjayev — mazkur qarorning mazmun-mohiyati, uning amaliy ahamiyatini yoritib berish boʻyicha maqolalar chop etilishini hamda matbuot anjumanlari, tematik telekoʻrsatuvlar oʻtkazilishini tashkil etsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 1-may,
PQ-4702-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4702-son qaroriga 1-ILOVA
Reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi toʻgʻrisida
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
reyting koʻrsatkichlari — hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash uchun foydalaniladigan sifat va miqdor koʻrsatkichlari hamda soʻrovlar natijalari tizimi;
reyting — reyting koʻrsatkichlari boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini baholash orqali hududlarning reyting oʻrnini aniqlash.
3. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini reyting koʻrsatkichlari asosida baholash ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
II bob. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlari
4. Baholash koʻrsatkichlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar boʻyicha alohida hisoblab chiqiladi.
5. Baholash koʻrsatkichlarini shakllantirish ikki bosqichdan iborat.
Birinchi bosqich. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini baholash uchun statistik koʻrsatkichlar asosida baholanadigan quyidagi 8 ta ustuvor yoʻnalish belgilanadi:
iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik;
mehnat bozori samaradorligi;
ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati va sifati;
infratuzilmadan foydalanish imkoniyati va uning rivojlanganligi;
iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va diversifikatsiya qilinganligi;
ishbilarmonlik muhiti sifati va tadbirkorlikni rivojlantirish;
moliyaviy mustaqillik, bank-moliya sohasining rivojlanishi;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va maʼlumotlarning ochiqligi.
Ikkinchi bosqich. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol tasdiqlangan metodologiya asosida quyidagilarni aniqlash maqsadida alohida soʻrovlar oʻtkazish orqali baholanadi:
aholining ijtimoiy oʻzini his etishi va turmush sifati;
tadbirkorlar va investorlar uchun ishbilarmonlik muhitining holati;
jamiyatning islohotlarga ishonchi darajasi hamda davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat institutlarining sifati.
Aholi va tadbirkorlar oʻrtasida reyting baholash boʻyicha soʻrovnomalar oʻtkazish metodologiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, shuningdek, tumanlar va shaharlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlari ushbu Nizomga 2, 2a, 3 va 3a-ilovalarga muvofiq aniqlanadi.
III bob. Reyting tizimi koʻrsatkichlarini hisoblash
7. Reyting koʻrsatkichlari quyidagicha hisoblanadi:
mazkur Nizomga 2, 2a, 3 va 3a-ilovalarda koʻrsatilgan statistik koʻrsatkichlarga asosan, ularga muvofiq hudud uchun eng yuqori ball 50 ballni tashkil etadi;
oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, unga muvofiq hudud uchun eng yuqori ball 50 ballni tashkil etadi.
8. 5-bandning birinchi qismida koʻrsatilgan har bir ustuvor yoʻnalish uchun maksimal ball ularning tarkibiy reyting koʻrsatkichlari boʻyicha teng taqsimlanadi.
9. Ustuvor yoʻnalishlarni tashkil qiluvchi statistik koʻrsatkichlar ham ijobiy, ham salbiy boʻlishi mumkin.
10. Ijobiy koʻrsatkichlar boʻyicha ballar quyidagi formula asosida hisoblanadi:
bunda: Xball — hududning muayyan koʻrsatkich boʻyicha balli; X — hudud koʻrsatkichi; Xmax — hududlar orasida ushbu koʻrsatkichning maksimal qiymati; Xball max — ushbu Nizomga 2, 2a, 3, 3a-ilovalarda berilgan koʻrsatkichning eng yuqori balli.
11. Salbiy koʻrsatkichlar boʻyicha ballar quyidagi formula asosida hisoblanadi:
bunda: Xball — hududning muayyan koʻrsatkich boʻyicha balli; X — hudud koʻrsatkichi; Xmax — hududlar orasida ushbu koʻrsatkichning maksimal qiymati; Xball max — ushbu Nizomning 2, 2a, 3, 3a-ilovalarda berilgan koʻrsatkichning maksimal balli.
12. Hudud uchun birinchi bosqich boʻyicha jami ballar ustuvor yoʻnalishlarning statistik koʻrsatkichlari ballarini jamlash yoʻli bilan hisoblanadi.
13. Hudud uchun yakuniy ball statistik koʻrsatkichlar boʻyicha jami ballar va oʻtkazilgan soʻrov natijalari boʻyicha toʻplangan ballarni qoʻshish orqali aniqlanadi.
14. Yakuniy ballar asosida quyidagi 2 ta reyting shakllantiriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha;
tumanlar va shaharlar boʻyicha.
IV bob. Baholash natijalarini taqdim etish va ulardan foydalanish
15. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hududlarni reyting baholash natijalari boʻyicha har yili quyidagi muddatlarda tahliliy maʼlumotnoma tayyorlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi hamda davlat hokimiyatining vakillik organlariga kiritadi:
1-fevralgacha (tezkor maʼlumot) — aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish uchun;
15-iyungacha (yakuniy natijalar) — keyingi kalendar davr uchun dasturiy chora-tadbirlar va strategiyalarni ishlab chiqishda foydalanish uchun.
16. Reyting baholash natijalari har yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis palatalari va xalq deputatlari Kengashlari majlislarida tanqidiy muhokama qilinishi lozim.
V bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari boʻlinmasi Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi.
18. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javobgar boʻladi.
Reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini reyting koʻrsatkichlari asosida baholash
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
Reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga2-ILOVA
Tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning
(yakuniy baho)
* Izoh: axborot tizimiga maʼlumotlarni joylashtirish (kiritish) uchun birinchi koʻrsatilgan ijrochi masʼul hisoblanadi. Koʻrsatkichlarni shakllantirish uchun javobgarlik har bir koʻrsatilgan davlat boshqaruvi organi va muassasasiga yuklatiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga2a-ILOVA
Tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning
(tezkor baho)
* Izoh: axborot tizimiga maʼlumotlarni joylashtirish (kiritish) uchun birinchi koʻrsatilgan ijrochi masʼul hisoblanadi. Koʻrsatkichlarni shakllantirish uchun javobgarlik har bir koʻrsatilgan davlat boshqaruvi organi va muassasasiga yuklatiladi.
(2a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)
Reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga3-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning
(yakuniy baho)
* Izoh: axborot tizimiga maʼlumotlarni joylashtirish (kiritish) uchun birinchi koʻrsatilgan ijrochi masʼul hisoblanadi. Koʻrsatkichlarni shakllantirish uchun javobgarlik har bir koʻrsatilgan davlat boshqaruvi organi va muassasasiga yuklatiladi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)
Reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga3a-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning
(tezkor baho)
* Izoh: axborot tizimiga maʼlumotlarni joylashtirish (kiritish) uchun birinchi koʻrsatilgan ijrochi masʼul hisoblanadi. Koʻrsatkichlarni shakllantirish uchun javobgarlik har bir koʻrsatilgan davlat boshqaruvi organi va muassasasiga yuklatiladi.
(3a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4702-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 20-apreldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ishbilarmonlik muhitining holati va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasi indikatorlarini har chorakda baholash tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 117-son qarori.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-dekabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash mezonlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi 973-son qarori.