PQ-4703-son Qaror · 04.05.2020

Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4703
  • Qabul qilingan sana:04.05.2020
  • Kuchga kirgan sana:05.05.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4703/0534

Respublika transport sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish, oʻquv jarayoniga oʻqitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, tarmoq taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti negizida Toshkent davlat transport universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Belgilab qoʻyilsinki, Universitet:

transport sohasi uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;

ilgʻor xalqaro taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturlariga muvofiq 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab taʼlimning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etadi;

Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent temir yoʻl muhandislari institutining barcha huquq va majburiyatlari hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakultetiga oid huquq va majburiyatlar boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligiga idoraviy jihatdan boʻysunadi.

Universitet hamda Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti huzuridagi Belorussiya davlat texnika universiteti bilan birgalikda tashkil etilgan qoʻshma Oʻzbekiston-Belorussiya fakulteti Toshkent shahar, Mirobod tumani, Adilxodjayev koʻchasi, 1-uy manzili boʻyicha tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:

transport sohasi ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozoridagi raqobatbardosh oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, ommaviy kasb mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

transport sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion izlanish va tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini, shu jumladan raqamli va boshqa zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Universitet professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirishni hamda bitiruvchilarni chet elda magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha tahsil olishlarini tashkil etish maqsadida yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirish;

transport sohasi uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, tizimdagi akademik litsey hamda sohaning professional taʼlim muassasalari taʼlim dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash;

oʻquv jarayonida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash maqsadida transport sohasidagi tashkilotlar bilan birgalikda talabalarning amaliyotlarini tegishli soha tashkilotlarida tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha maqsadli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.

4. Belgilansinki, Universitetda oʻquv jarayoni 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi ikki oy muddatda Universitetni strategik rivojlantirish masalalari boʻyicha rektorning birinchi oʻrinbosari lavozimiga malakali xorijiy mutaxassis tayinlanishini taʼminlasin.

6. Quyidagilar:

2020 — 2023-yillarda Toshkent davlat transport universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Toshkent davlat transport universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin beriladigan hamda tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda “nol” stavkadagi ijara toʻlovi asosida beriladigan obyektlar roʻyxati 2 va 3-ilovalarga muvofiq;

Toshkent temir yoʻl muhandislari institutidan Toshkent davlat texnika universitetiga koʻchiriladigan taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

Toshkent davlat transport universitetining Vasiylik kengashi tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon koʻchasi, 12-uyda joylashgan Yoshlar markazining binosi (sobiq Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti qoshidagi 2-son akademik litsey) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berilsin.

8. Universitet Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Universitetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va samarali faoliyatini taʼminlash uchun moliyaviy yordam tashkil etish, budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish;

bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish va ish bilan taʼminlash boʻyicha kadrlar buyurtmachilari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

taʼlim va ilm sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va amalga oshirishda koʻmaklashish;

oliy taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan yangi shakl va dasturlarni qoʻllab-quvvatlash va ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga joriy etishni rivojlantirish;

binolarni qurish-taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablagʻlar jalb etilishini, zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini taʼminlash.

9. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Transport vazirligi bilan kelishilgan holda taʼlim yoʻnalishlariga oʻzgartirish kiritish;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda, oʻquv rejalari va dasturlarini, bitiruvchilarga qoʻyiladigan malaka talablarini oʻquv jarayonining transport sohasini rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar bilan uzluksiz bogʻliqligi taʼminlanishini hisobga olgan holda, mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash;

kredit-modul tizimini oʻquv jarayoniga joriy etish borasida professor-oʻqituvchilar oʻquv yuklamasini mustaqil meʼyorlashtirish, shuningdek, pedagog xodimlar tomonidan oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari, “ustoz-shogird” tizimi boʻyicha ishlarning bajarilishini ragʻbatlantirib borish;

Universitet professor-oʻqituvchilarining Scopus va Web of Science kabi maʼlumotlar bazasiga kirgan xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish sarf-xarajatlarini moliyalashtirish;

Universitet faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlarni shartnoma asosida koʻrsatish, shuningdek, Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda taqdim etiladigan xizmatlarni samarali amalga oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmatlar tuzilmalarini shakllantirish;

bakalavriat, magistratura va doktorantura yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikdagi qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni tashkil etish;

ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda oʻquv rejalaridagi nazariy taʼlim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish, haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qoʻllash;

xorijiy mutaxassislarni konsultant, maslahatchi va oʻqituvchilar sifatida jalb qilish va ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maosh hamda boshqa toʻlovlarni belgilash va toʻlash;

Universitetda besh yil davomida ishlab berish sharti bilan iqtidorli talabalar va yetakchi professor-oʻqituvchilarning xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishi va stajirovka oʻtashi bilan bogʻliq xarajatlarni Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplash;

Universitet hududida joylashgan bino va inshootlarni ijaraga berish va undan tushadigan mablagʻlarni elektron savdo maydonchasi operatoriga toʻlangan toʻlov chegirilgandan keyin Universitetning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga toʻliq yoʻnaltirish.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Toshkent temir yoʻl muhandislari institutidan Toshkent davlat texnika universitetiga koʻchirilayotgan 4-ilovadagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning oʻqishi Universitet yoki Toshkent davlat texnika universitetining mos yoxud turdosh taʼlim yoʻnalishlariga 2019/2020 oʻquv yili yakunlangandan soʻng belgilangan tartibda koʻchirilishini taʼminlasin.

11. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

a) joriy saqlash bilan bogʻliq qismi boʻyicha:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;

toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushgan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) qurilish ishlari qismi boʻyicha har yilgi Investitsiya dasturida belgilangan tartibda yoʻnaltiriladigan mablagʻlar.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Universitet joylashgan hududda 2020 — 2022-yillarda yangi oʻquv binosi, talabalar turar joyi va axborot-resurs markazi binolarini (keyingi oʻrinlarda — Universitet binolari) qurish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda:

a) joriy yilda Universitet binolari loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurish ishlarini boshlash uchun:

2020-yilgi Investitsiya dasturi doirasida Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti uchun nazarda tutilgan mablagʻlar institutda joriy yilning 1-yanvar holatiga koʻra bajarilgan qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha yakuniy hisob-kitoblar amalga oshirilgandan soʻng yoʻnaltirilishini taʼminlasin;

qoʻshimcha talab etiladigan mablagʻlar boʻyicha 2020-yilgi Investitsiya dasturi doirasida markazlashgan kapital qoʻyilmalarning iqtisod qilingan qismini qayta taqsimlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

b) 2021-yil va kelgusi yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Universitet binolarini qurish ishlari uchun markazlashgan kapital qoʻyilmalar limitlari ajratilishini taʼminlasin.

13. Universitet binolarini qurish ishlari boʻyicha:

Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib belgilansin;

bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari orqali aniqlansin.

14. Belgilab qoʻyilsinki, Universitet faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Transport vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2021-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

15. Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti hamda Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining akademik litseylari negizida Toshkent davlat transport universitetining akademik litseyi tashkil etilsin.

Belgilansinki, Akademik litsey:

Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Guliston mavzesi, 21a-uy manzilida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;

faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

16. Kelgusida mehnat faoliyati xususiyatlari va oʻquv amaliyoti, transport vositasi harakati hamda insonlar hayoti xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha Universitetga oʻqishga hujjat topshirishdan oldin abituriyent va talabalarni temir yoʻl transporti yoʻnalishi boʻyicha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining hududlardagi temir yoʻl poliklinikalarida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot komissiyasida, shuningdek, havodagi harakatni boshqarish yoʻnalishi boʻyicha “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tibbiy-sanitariya boʻlimining vrachlik-uchuvchilik ekspert komissiyasida koʻrikdan oʻtkazish tartibi saqlab qolinsin.

17. Universitet xodimlarining tashabbuskorligi va moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida Universitetda yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan budjetdan tashqari jamgʻarma (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.

18. Belgilansinki:

a) Jamgʻarma mablagʻlari toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarining homiylik xayriyalari hisobidan shakllantiriladi;

b) Jamgʻarma mablagʻlari Universitet professor-oʻqituvchilari, shu jumladan oʻrindoshlik asosida ishlovchi professor-oʻqituvchilari, boshqaruv, ilmiy, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga ularning mehnatiga haq toʻlash fondining 200 foizigacha miqdorida har oylik ustamalarni toʻlashga yoʻnaltiriladi;

v) Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi, shu jumladan har oylik ustamalarni belgilash mezonlari Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda Universitet rektori tomonidan belgilanadi;

g) Universitetning boshqaruv, professor-oʻqituvchilari, ilmiy, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan koʻp yillik mehnati uchun ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmlarda har oyda qoʻshimcha pul toʻlanadi:

3 yildan 5 yilgacha — 0,15;

5 yildan 10 yilgacha — 0,2;

10 yildan 15 yilgacha — 0,3;

15 yildan ortiq — 0,4.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri E.M. Ganiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 4-may,

PQ-4703-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga 1-ILOVA

2020 — 2023-yillarda Toshkent davlat transport universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy salohiyatni rivojlantirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga 2-ILOVA

Toshkent davlat transport universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin beriladigan obyektlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga 3-ILOVA

Toshkent davlat transport universitetiga tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda “nol” stavkadagi ijara toʻlovi asosida beriladigan obyektlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga 4-ILOVA

Toshkent temir yoʻl muhandislari institutidan Toshkent davlat texnika universitetiga koʻchiriladigan taʼlim yoʻnalishlari

* Mazkur taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olayotgan talabalarga oʻqishni Universitetning bilim sohasi doirasidagi taʼlim yoʻnalishlariga yoki Toshkent davlat texnika universitetining mos yoki turdosh taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirishga ruxsat beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga 5-ILOVA

Toshkent davlat transport universitetining Vasiylik kengashi

Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, Kengash tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki vazifalar yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.