Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyundagi “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6005-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishda ilgʻor raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali faoliyat samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
1. Davlat bojxona qoʻmitasining bojxona organlarining umumiy cheklangan shtatlar soni doirasida toifadan tashqari maqomga ega boʻlgan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlarini:
2021-yil 1-oktabrdan boshlab Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari boʻyicha boshqarmalarida;
2022-yil 1-apreldan boshlab Davlat bojxona qoʻmitasining boshqa hududiy boshqarmalarida bosqichma-bosqich tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2021-yil 1-oktabrdan boshlab:
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashqi iqtisodiy faoliyat (keyingi oʻrinlarda — TIF) ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan elektron bojxona yuk deklaratsiyalarining masofaviy bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi;
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etilgan hududlardagi TIF bojxona postlarining faoliyati bojxona nazorati shakllarini amalga oshirishga ixtisoslashtiriladi;
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash”, TIF va chegara bojxona postlari faoliyatini tashkil etish tartibi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi;
chegara bojxona postlaridagi inspeksion koʻrik majmualari (rentgen) bilan ishlash guruhlari xodimlariga zararli mehnat sharoitlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining 40 foizi miqdorida har oylik ustama beriladi;
b) 2021-yil 1-dekabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali avtomobil oʻtkazish punktlarida:
veterinariya va fitosanitariya organlarining tovarlarga tegishli hujjatlarni tekshirish va rasmiylashtirish vazifalari “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi yoki unga integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi;
veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ularni roʻyxatga olish amaliyoti bekor qilinadi;
toʻlanadigan barcha yigʻimlarni transport vositalari chegara punktiga kirgunga qadar yagona hisobvaraq asosida oldindan toʻlash amaliyoti joriy etiladi;
v) 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlarini bojxona organlari tomonidan qaytarish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng ushbu mablagʻlar TIF ishtirokchisiga uch ish kuni davomida qaytariladi;
bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlashning eng kam muddati 14 kun etib belgilanadi va ushbu muddatda foizlar undirilmaydi, bunda kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlashning eng kam muddatidan ortganda toʻliq davr uchun foizlar hisoblanadi;
qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlarining undirilmaydigan va qaytarilmaydigan miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizigacha etib belgilanadi;
tovarlarning TIF tovarlar nomenklaturasi boʻyicha kodini aniqlash yuzasidan bojxona organi tomonidan tayinlangan ekspertiza yakunlangunga qadar tovarlarni bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash orqali shartli chiqarib yuborish amaliyoti joriy etiladi;
TIF ishtirokchisining bir nechta bojxona operatsiyalari doirasidagi majburiyatlarini taʼminlash uchun yagona taʼminot taqdim etish imkoniyati yaratiladi, bunday taʼminot bojxona toʻlovlari boʻyicha barcha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli boʻlishi lozim;
bojxona organlari tovarlar boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari miqdorini aniqlash uchun TIF qatnashchisining arizasiga asosan dastlabki qarorni qabul qiladi.
3. Davlat bojxona qoʻmitasining bojxona organlarining umumiy cheklangan shtatlar soni doirasida Davlat bojxona qoʻmitasi tizimida alohida yuridik shaxs maqomiga ega Markaziy bojxona laboratoriyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Davlat bojxona qoʻmitasi (M.B. Azimov) ikki oy muddatda Markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyatini tashkil etish, shu jumladan Jahon bojxona tashkilotining “Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi” maqomini olish, u tomonidan nikotin saqlovchi mahsulotlar va spirtli ichimliklar tarkibini aniqlash, tovarlarni ekspertizadan oʻtkazish va sertifikatsiyalash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xizmatlarni koʻrsatish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va boshqa turdagi kriminalistik sud ekspertizalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Belgilansinki, mazkur Farmon bilan bojxona organlarining tashkiliy tuzilmalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shu jumladan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari faoliyatini tashkil etishda xodimlarning ish haqini toʻlash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar 2022-yil 1-yanvarga qadar Davlat bojxona qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Davlat bojxona qoʻmitasining faoliyati tugatilayotgan bojxona postlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Davlat bojxona qoʻmitasi:
a) bir oy muddatda “Masofaviy elektron deklaratsiyalash”, TIF va chegara bojxona postlari faoliyatini tashkil etish tartibini ishlab chiqsin va qabul qilsin;
b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali avtomobil oʻtkazish punktlaridagi nazorat organlariga yagona hisobvaraq asosida toʻlanadigan yigʻimlar hamda kirish va tranzit yigʻimlarini transport vositalari chegara punktiga kirgunga qadar oldindan toʻlash tizimini joriy qilsin;
tovarlar boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlarini aniqlashda bojxona organlari tomonidan dastlabki qaror berish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B. Azimov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-sentabr,
PF-6310-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-son Farmoniga 1-ILOVA
Davlat bojxona qoʻmitasining faoliyati tugatilayotgan bojxona postlari
Izoh. Tugatilayotgan postlar boshqa bojxona postlariga punkt etib biriktiriladi, shuningdek, boʻshayotgan shtat birliklari ish hajmi koʻp boʻlgan boshqa postlarga beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3995-son qarorida:
a) 4-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Institutda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim asosida ilmiy darajaga ega ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi”;
uchinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
toʻqqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Institutning ofitserlar va serjantlar tarkibiga, kursantlariga, shuningdek, doktorantlariga (doktorantlarning oxirgi egallab turgan lavozimi saqlangan holda) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi xodimlarining tegishli toifalari uchun koʻzda tutilgan pul taʼminoti, imtiyozlar, buyumlar va oziq-ovqat taʼminoti hamda boshqa zarur normalar, shuningdek, xizmatni oʻtash tartibi tatbiq etiladi”;
b) 10-banddagi “Maxsus jamgʻarma” soʻzlari “Davlat budjeti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti
Boshqaruv xodimlarining jami cheklangan soni (mutaxassis, yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni hisobga olmagan holda) — 134 nafar, shu jumladan professor-oʻqituvchilar tarkibi — 69 nafar.
Izoh: mutaxassis, yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlarga muvofiq aniqlanadi”.
g) 2-ilovaning “Mutaxassislik shifri” grafasida:
bakalavriat boʻlimining 1 va 2-pozitsiyalaridagi “5230500” hamda “5240100” raqamlari tegishincha “60410300” va “60420100” raqamlari bilan almashtirilsin;
magistratura boʻlimining 1 va 2-pozitsiyalaridagi “5A230501” hamda “5A240109” raqamlari tegishincha “70410301” va “70420107” raqamlari bilan almashtirilsin;
d) 3-ilova quyidagi mazmundagi 12-1-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
Izoh. Mazkur ilovada:
2-bandning “v” kichik bandi va 5-band “e” kichik bandining ikkinchi xatboshisi hamda 6-bandning “b” kichik bandi 2022-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi;
5-band “e” kichik bandining yigirmanchi — yigirma yettinchi hamda qirq oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan xarajatlar 2022-yil 1-yanvardan boshlab toʻliq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.