Fuqarolik-huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish, ayrim shartnomalarni tuzishda oʻrnatilgan sunʼiy cheklovlarni olib tashlash, shuningdek, shartnomaviy munosabatlarda axborot tizimlaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining 2021-yil 1-dekabrdan quyidagilarni bekor qilish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
tijorat banklariga yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar) uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qoʻyilgan taqiqni;
davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni koʻrsatish) toʻgʻrisida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan toʻlovni belgilashga doir talabni;
qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talabni.
Taʼkidlansinki, ushbu bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan oldindan toʻlov va avans shartnoma taraflarining kelishuviga muvofiq belgilanadi.
2. Jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida oʻzaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berilsin.
Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qarz shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun hamda qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summasini undirish boʻyicha ijro xatlarini yozib berganlik uchun undiriladigan davlat boji miqdorini ikki baravar kamaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan:
a) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish boʻyicha elektron onlayn auksionda sotuvga qoʻyilgan mol-mulk uni sotishdan tushgan pul mablagʻlari hisobidan auksion gʻolibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi. Bunda, mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablagʻlari yetarli boʻlmaganda qarzdorlikni toʻlash majburiyati uning sobiq egasi — qarzdor zimmasida qoladi.
Auksion gʻolibi tomonidan mulkni qabul qilib olmaslikning quyidagi hollarida zakalat puli auksion gʻolibi murojaat qilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida qaytarib berilishi shart:
auksionda sotilgan mol-mulk auksion obyektining koʻrsatilgan texnik tavsiflariga mos kelmasa;
mol-mulk auksionda sotilgunga qadar uchinchi shaxslarning egaligiga oʻtib ketgan boʻlsa va bu holat auksion yakunlanganidan soʻng aniqlansa;
b) shartnomaning tarafi ikkinchi tarafdan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni toʻla yoki qisman bajarishini qabul qilgan yoxud shartnomaning amal qilishini boshqacha tarzda tasdiqlaganda, ushbu shartnomani keyinchalik haqiqiy emas deb topishni talab qilishga, agar bunday talab halollik prinsipiga zid boʻlsa, haqli emas;
v) xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan davlat xaridlari bilan bogʻliq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qoʻshimcha shartlar belgilanadi.
Shartnomaning tarafi va u tomonidan jalb qilingan shaxslar (yordamchi pudratchi tashkilotlar, agentlar va taraflar nazorati ostidagi boshqa shaxslar) tomonidan korrupsiyaga qarshi qoʻshimcha shartlarga rioya etilmaganda, ikkinchi taraf shartnomani bir taraflama toʻxtatib turishga, bekor qilishga hamda zararni qoplab berishni talab qilishga haqli boʻladi;
g) yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik toʻlanmaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka toʻlovchining hisobvaraqlaridagi qarzdorlik summasiga teng miqdordagi pul mablagʻlarini muzlatib qoʻyish va ularni oʻttiz kalendar kunidan soʻng undirish toʻgʻrisidagi farmoyishni bu haqda toʻlovchini xabardor qilgan holda yuboradi.
Xabarnoma olingan paytdan boshlab oʻttiz kalendar kun ichida toʻlovchi tomonidan ushbu farmoyish ustidan sudga shikoyat qilingan taqdirda, mijozning hisobvaragʻidan pul mablagʻlarini chiqarish yoki chiqarmaslik sudning qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
d) kommunal soha, energiya bilan taʼminlash, aloqa xizmati, yoʻlovchi va yuklarni tashish va boshqa shu kabi katta ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishilganidan soʻng isteʼmolchilar bilan tuziladi.
4. Namunaviy shartnomalarni qonunosti hujjatlar bilan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinsin, qonun bilan toʻgʻridan-toʻgʻri taraflar uchun majburiy boʻlgan namunaviy shartnomalar tasdiqlanishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
5. Quyidagilar:
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarni tuzish va majburiyatlarni bajarishdagi munosabatlarni yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar namunalarini ishlab chiqish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank va Savdo-sanoat palatasining elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdisi amalga oshirilayotganda va boshqa sohalarda bitimlar tuzishda eskrou tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
7. Fermer xoʻjaliklari va tayyorlov tashkilotlariga kontraktatsiya shartnomalarini axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzish va roʻyxatdan oʻtkazish tavsiya etilsin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda kontraktatsiya shartnomalarini axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzish va roʻyxatdan oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin.
8. Oliy sud sudlar tomonidan shartnomaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni koʻrib chiqishda hamda shartnomalar shartlarini sharhlashda qonunchilik hujjatlarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyotini tizimli ravishda, lekin kamida yarim yilda bir marta, tahlil qilsin va natijasi yuzasidan yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish uchun sudlarga tegishli koʻrsatmalar berib borsin.
9. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda kommunal soha va boshqa shu kabi sohalarda aholiga tovarlar yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatishni amalga oshiruvchi davlat korxonalari ikki oy muddatda aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan shartnomalar tuzishda axborot tizimlaridan keng foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Moliya vazirligi davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar reyestriga:
tuzilgan shartnomalar hamda ularga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qoʻshimcha kelishuvlar boʻyicha barcha hujjatlar va axborotlar;
shartnomaning amal qilish muddati tugaganda, shartnoma bajarilganda yoki u bekor boʻlganda, davlat buyurtmachisi tomonidan shartnomaning bajarilishi yuzasidan hisobot majburiy ravishda joylashtirib borilishini taʼminlasin.
11. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalarni isteʼmolchilarning huquqlariga rioya etilganligi, taraflarning tengligi tamoyillariga muvofiqligi nuqtai nazaridan tahlil qilsin hamda zaruratga koʻra ommaviy shartnomalarni qaytadan ishlab chiqish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan energetika, kon-metallurgiya, aloqa sohasidagi investitsiya shartnomasi loyihalarini ishlab chiqish va kelishish bosqichida yetakchi xalqaro konsalting va yuridik kompaniyalarni jalb qilish hamda ularni moliyalashtirish manbalarini aniqlash boʻyicha takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida oʻqitish boʻyicha shartnomalarning axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzilishi amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
14. Adliya vazirligi:
Markaziy bank bilan birgalikda uch oy muddatda elektron tijoratni amalga oshirishda eskrou tizimidan foydalanish qoidalarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda axborot tizimi orqali shartnomalarni imzolash, saqlash va joʻnatish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish sohasiga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Adliya vazirligi:
a) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qoʻllash uchun tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan korrupsiyaga qarshi qoʻshimcha shartlarni ishlab chiqsin va eʼlon qilsin;
b) uch oy muddatda shartnomalar namunalarini “yurxizmat.uz” maxsus axborot portaliga joylashtirsin va ularni qonunchilikka kiritiladigan oʻzgartirishlardan kelib chiqib nazorat holatida yuritsin;
v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda namunaviy shartnomalarni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qonunosti hujjatlarni xatlovdan oʻtkazib, ushbu Farmonga nomuvofiq boʻlgan qonunosti hujjatlarni oʻzgartirish yoki bekor qilish yuzasidan tegishli takliflarni ularni qabul qilgan organga kiritsin;
uch oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q. Davletov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-sentabr,
PF-6313-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentabrdagi PF-6313-son Farmoniga1-ILOVA
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarni tuzish va majburiyatlarni bajarishdagi munosabatlarni yanada takomillashtirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentabrdagi PF-6313-son Farmoniga2-ILOVA
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar namunalarini ishlab chiqish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentabrdagi PF-6313-son Farmoniga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim farmonlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq xoʻjaligida hisob-kitoblar oʻz vaqtida oʻtkazilishi uchun korxona va tashkilotlar rahbarlarining masʼuliyatini oshirish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1995-yil 12-maydagi PF-1154-son Farmonining 1-bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet bilan hisob-kitoblar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 9-avgustdagi PF-1504-son Farmonining 5-bandi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi farmonlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2003-yil 4-iyuldagi PF-3274-son Farmonining 1-bandi ikkinchi xatboshisi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 12-iyuldagi PF-5476-son Farmoniga ilovaning 2-bandi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son Farmoniga 2-ilovaning 1-bandi.