Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlash, davlat nazoratini takomillashtirish va “Soliqchi — koʻmakchi” tizimi orqali ularga nisbatan maʼmuriy va soliq yukini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish, tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha 2021-yil 20-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Belgilansinki:
a) quyidagilar 2021-yil 1-oktabrdan boshlab bekor qilinadi:
qatʼiy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlovchisi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
alohida tayyor import isteʼmol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy oʻtgach sotuvga qoʻyilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qoʻyilgan taqiq;
b) 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlariga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga pasaytirilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Moliya vazirligi 2021-yil 1-dekabrga qadar ushbu banddan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. Savdo-sanoat palatasiga mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati berilsin.
3. Adliya vazirligi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasining 2021-yil 1-oktabrdan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining nazorat funksiyalarini 1-ilovaga muvofiq bekor qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari roʻyxati qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Bunda ushbu roʻyxatga kiritilmagan organlar hamda tashkilotlar tomonidan hamda nazorat sohasida nazarda tutilmagan masalalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida nazorat tadbirlarini oʻtkazish taqiqlanadi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoniga asosan 2025-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)
2022-yil 1-apreldan bosqichma-bosqich majburiy talablarning elektron reyestri joriy qilinadi. Bunda, mazkur reyestr davlat organlari va tashkilotlari oʻz vakolatlari doirasidagi sohalar boʻyicha belgilangan tartibda taqdim etgan majburiy talablar roʻyxati asosida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.
5. 2022-yil 1-yanvardan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik subyektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma boʻyicha tekshiradi;
Savdo-sanoat palatasi aʼzosi boʻlgan tadbirkorlik subyektining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik subyekti roziligi bilan Savdo-sanoat palatasi xodimlari ishtirok etadi;
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan yuritiladi;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni oʻtkazishga qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilishini oldini olish boʻyicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda oʻtkazilgandan soʻng yoʻl qoʻyiladi, bundan soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlar va maʼlumotlar asosida oʻtkaziladigan tekshiruvlar hamda Vakolatli organni tekshiruv boshlangandan soʻng xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyxatida nazarda tutilgan tekshiruvlar mustasno.
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
6. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-aprelga qadar tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi, shuningdek, quyidagi imkoniyatlarga ega “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishlab chiqilishi va ishga tushirilishini taʼminlasin:
davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlarini shakllantirish va yuritish;
tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish va Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining hisobini yuritish;
tadbirkorlik subyektlarini tegishli majburiy talablar boʻyicha onlayn oʻqitish va faoliyati majburiy talablarga mosligi boʻyicha oʻzini oʻzi tekshirish mexanizmlarini joriy qilish;
nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshirishlarning belgilangan tartibda oʻtkazilishini baholash.
7. 2022-yildan boshlab tadbirkorlik subyektlariga maʼmuriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi (keyingi oʻrinlarda — Indeks) joriy etilsin.
Belgilansinki:
a) Indeks Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali tekshiruv natijalari asosliligi hamda qonuniyligi, profilaktik tadbirlar va tekshiruvlar mutanosibligi, tadbirkorlarning tekshiruv natijalaridan qoniqish darajasi kabi koʻrsatkichlar asosida tuziladi;
b) nazorat qiluvchi organlar har yarim yil yakunlari boʻyicha 1-avgustga qadar, yil yakunlari boʻyicha 1-fevralga qadar amalga oshirilgan nazorat tadbirlari tahlilini Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga kiritadi;
v) Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil har yarim yil yakunlari boʻyicha 1-sentabrga qadar, yil yakunlari boʻyicha 1-martga qadar Indeks natijalari toʻgʻrisidagi axborotni va tadbirkorlik subyektlari faoliyatida koʻp takrorlanuvchi huquqbuzarliklar hamda ular sodir etilishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumotni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga joylashtiradi va jamoatchilikka eʼlon qiladi.
8. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (D. Qosimov) va nazorat qiluvchi organlar rahbarlariga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga maʼlumotlarni toʻliq va oʻz vaqtida kiritish hamda ularning haqqoniyligi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
9. Moliya vazirligi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning asoslantirilgan hisob-kitoblari boʻyicha 2021-yil 1-noyabrga qadar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimini ishlab chiqish uchun 1 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
10. Tadbirkorlikni yuritishni yengillashtirish va biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
12. Adliya vazirligi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoniga asosan 2025-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.S. Qosimov hamda nazorat qiluvchi organlar rahbarlari belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-sentabr,
PF-6314-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoniga1-ILOVA
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2021-yil 1-oktabrdan bekor qilinayotgan nazorat funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoniga2-ILOVA
Tadbirkorlikni yuritishni yengillashtirish va biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1326-son qarorining 5-bandi va qarorga 2-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarida:
a) 4-1-band va 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 189-bandda:
yigirma oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
yigirma yettinchi xatboshi yigirma oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 8-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 112-son qaroriga ilovaning 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Izoh: mazkur ilova 2021-yil 1-oktabrdan eʼtiboran kuchga kiradi.