PQ-102-son Qaror · 26.01.2022

Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-102
  • Qabul qilingan sana:26.01.2022
  • Kuchga kirgan sana:27.01.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/102/0069

2019 — 2021-yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha milliy dastur doirasida diagnostika va davolashning yangi standartlari tasdiqlandi, 75 ming nafarga yaqin bemorlar 40 milliard soʻmdan ziyod Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga 100 foiz insulin bilan bepul taʼminlandi, 200 milliard soʻmga yaqin mablagʻ evaziga 14 ta hududiy endokrinologiya muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, 3,3 million AQSH dollari miqdorida zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlandi.

Shu bilan birga, endokrinologiya xizmatini respublika boʻyicha yagona integratsiyalashgan tizim sifatida shakllantirish, yod yetishmovchiligi bilan bogʻliq kasalliklar profilaktikasi, qandli diabet kasalligi hamda uning oqibatlarining oldini olish bilan bogʻliq tibbiy-ijtimoiy tadbirlar samaradorligini qayta koʻrib chiqish talab etilmoqda.

Aholiga koʻrsatilayotgan endokrinologik yordamning samarali hamda zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklar va ularning asoratlari profilaktikasini takomillashtirish, aholiga yuqori malakali endokrinologiya yordamini koʻrsatish sifatini hamda ushbu yoʻnalishdagi tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar aholiga koʻrsatilayotgan endokrinologiya xizmatini tashkil etishning eng muhim yoʻnalishlari etib belgilansin:

a) akademik Yo. Toʻraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) — hududiy tibbiyot muassasalari — tuman (shahar) tibbiyot muassasalari oʻrtasida tizimli uzviy bogʻliqlikni taʼminlash;

b) sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va boshqarish dasturlarini amaliyotga joriy etish. Bunda:

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va ommaviy axborot vositalari orqali aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi, toʻgʻri ovqatlanish hamda jismoniy faollikni oshirishni targʻib etish;

oilaviy shifokorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali kasallikni barvaqt aniqlash va oldini olish koʻlamini kengaytirish;

tuman (shahar) tibbiyot muassasalari tor soha mutaxassislari faoliyatiga endokrin kasalliklarni erta tashxislash, asoratlarining oldini olish algoritmlarini joriy qilish;

v) qandli diabetga chalingan bemorlarning zamonaviy dispanser nazorati (onlayn registr) tizimini joriy etish orqali har bir bemor holatining monitoringini yuritish;

g) aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori boʻlgan guruhlari, jumladan, bolalar, oʻsmirlar, homilador va emizikli ayollarni yod preparatlari bilan bepul taʼminlash orqali yod tanqisligi kasalliklarining samarali profilaktikasini taʼminlash;

d) “Profilaktika maktablari”ga tor soha mutaxassislarini jalb etgan holda bemorlar va ularning oila aʼzolariga endokrin kasallikni boshqarish usullarini hamda kasallik bilan yashashni oʻrgatish;

e) tashxislash va davolashning yuqori texnologiyali hamda innovatsion usullarini amaliyotga joriy etish orqali hududlarda va Markazda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ulushini oshirish;

j) endokrinologiya yoʻnalishida ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish, soha xodimlarining ilmiy salohiyatini oshirish.

2. 2022-yil 1-apreldan boshlab endokrin kasalliklarni erta aniqlash va maqsadli kuzatishni taʼminlash uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etilsin:

oilaviy shifokorlarni endokrin kasalliklarni tashxislash hamda davolash boʻyicha qayta tayyorlash;

endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan patronaj hamshirasini biriktirish;

patronaj hamshirasi tomonidan endokrin kasalligi boʻlgan, umumiy holati qoniqarli yoki xavf guruhidagi aholini erta aniqlash va differensiallashgan yondashuv asosida kuzatib borish;

tibbiy kuzatuv natijalari boʻyicha xavf omillari yuqori boʻlgan bemorlarni shifokor oldi koʻrigi xonalari hamshiralari hamda oilaviy shifokorlarga yoʻnaltirish;

endokrin kasalliklar boʻyicha xavf guruhiga kiruvchi bemorlar ustidan doimiy kuzatuv oʻrnatish maqsadida barcha tibbiyot brigadalarini glyukometr va maxsus test yaproqchalari bilan taʼminlash;

tashxislash va davolash maqsadida bemorlarni bir kunlik diagnostik statsionar kuzatish tizimini joriy etish.

3. 2022 — 2024-yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

a) har yili kamida bir marta 40 yoshdan oshgan aholi qandli diabet va diabet oldi holatlari uchun maqsadli skriningdan oʻtkaziladi hamda endokrin kasalliklar aniqlangan bemorlar bilan muntazam aloqa oʻrnatiladi. Bunda, surunkali endokrin kasalliklar rivojlanishining oldini olish uchun endokrin kasalliklarni davolashning zamonaviy klinik protokollari va algoritmlari joriy etiladi;

b) 2022-yil 1-fevraldan boshlab anʼanaviy va masofaviy (aralash) usulda tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:

patronaj hamshiralari hamda oilaviy shifokorlar uchun endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxislash va davolash boʻyicha ikki haftalik oʻquv kurslari tashkil etiladi;

endokrinolog shifokorlarni qayta tayyorlash uchun uch yarim oylik oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, ular dastlabki ikki yarim oy davomida Markazda oʻqitiladi hamda bir oy davomida tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida amaliyot oʻtaydi;

hududlarda faoliyat yuritayotgan endokrinolog shifokorlarning malakasini oshirish uchun bir oylik oʻquv kurslari tashkil etiladi;

v) 2022-yil 1-aprelga qadar:

zarur glyukometr, maxsus test yaproqchalari hamda ignalar markazlashgan tartibda xarid qilinadi va tibbiyot brigadalariga yetkaziladi;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida belgilangan standartlarga muvofiq jihozlangan shifokor oldi koʻrigi xonalari tashkil etiladi;

tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi endokrinolog shifokor xonalari zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 25 yoshgacha boʻlgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan bemorlar analogli insulin hamda oʻzini oʻzi nazorat qilish vositalari (glyukometr va maxsus test yaproqchalari) bilan;

qandsiz diabet bilan kasallangan bemorlar, somatotrop yetishmovchilik bilan kasallangan bolalar hayotiy zarur maxsus dori vositalari (desmopressin va oʻsish gormoni) bilan;

25 yoshdan oshgan qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan insulinga muhtoj, shuningdek, qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan bemorlar odam insulini bilan;

qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan hamda ehtiyojmand sifatida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning bemor aʼzolari metformin dori vositasi bilan bepul taʼminlanadi;

(5-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

b) bemorlarga bepul beriladigan dori vositalari va tibbiy jihozlar markazlashgan tartibda xarid qilinadi hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari orqali taqsimlanadi.

6. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida 2020-yilning 10-fevralida “Toshkent shahrida namuna sifatida markazlashtirilgan klinik diagnostika laboratoriyasini tashkil etish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish toʻgʻrisida”gi 1-33K-son konsessiya shartnomasi imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev):

Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda konsessiya shartnomasi doirasida 2022-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahridagi barcha poliklinika va tuman tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarini markazlashtirish;

2022-yil yakuniga qadar tajriba sifatida har bir hududdan bittadan tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi muassasalarining laboratoriyalarini markazlashtirish va davlat-xususiy sheriklik asosida autsorsingga berish choralarini koʻrsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) 2023-yil 1-aprelgacha tajriba natijalariga muvofiq laboratoriya xizmatini yaxshilash yuzasidan asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, glyukometr, maxsus test yaproqchalari va ignalar, desmopressin, oʻsish gormoni, analogli insulin, odam insulini hamda metformin maxsus dori vositalarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2022-yilda sogʻliqni saqlash tizimi uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan;

shifokor oldi koʻrigi va endokrinolog shifokor xonalarini tashkil etish hamda zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlash, shuningdek markaziy laboratoriyalarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir hafta muddatda mazkur qaror talablariga muvofiq tegishli hududlarda 2022 — 2024-yillarda endokrinologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqsin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.

9. Sogʻliqni saqlash vazirligining oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi kattalar va bolalar shifokor endokrinologi lavozimlarining shtat meʼyorlarini bir shtat birligidan kam boʻlmagan miqdorda belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov) Moliya vazirligi (J. Abruyev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (B. Umurzakov) bilan birgalikda bir oy muddatda oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari shtat meʼyorlarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.

10. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Qurilish vazirligi (B. Zokirov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Toshkent shahar hokimligi (J. Artikxodjayev) bilan birgalikda Markaz hamda uning koʻp tarmoqli klinikasi yangi bino va inshootlarini qurish, taʼmirlash hamda jihozlash ishlarini 2022-yil 1-mayga qadar yakunlash choralarini koʻrsin.

Bunda, zamonaviy talablar asosida zarur yoʻnalishdagi boʻlimlarni, shuningdek, maxsus laboratoriyalarni yaratishni nazarda tutgan holda qurilish ishlari olib borilishi va tibbiy texnikalar bilan jihozlanishi taʼminlansin.

11. Quyidagilar Markazning endokrin kasalliklarning oldini olish va davolash sohasidagi qoʻshimcha vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

metabolik sindrom yoʻnalishida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish;

metabolik jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish, endokrin kasalliklarni rentgenendovaskulyar tashxislash va davolash hamda buyrak usti bezlariga jarrohlik aralashuvining kaminvaziv endovizual usullarini joriy etish;

dori vositalarining nojoʻya taʼsirini oʻrganish va minimallashtirish doirasida markazlashgan klinik sinovlar menejmenti va sifat nazorati tizimini yaratish;

xorijiy davlatlarning mazkur sohadagi ilmiy tashkilotlari va markazlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish hamda birgalikda tadqiqotlarni olib borish;

koronavirusda qandli diabetning kechishini ilmiy-amaliy jihatdan oʻrganib, uning oldini olish boʻyicha standartlarni ishlab chiqish;

soha mutaxassislarini oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun oʻquv dasturlarini ishlab chiqish.

12. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Markaz hamda hududiy tibbiyot muassasalaridan shaffof tanlov asosida tanlab olingan 50 nafargacha endokrinolog mutaxassislarni har yili nufuzli xorijiy endokrinologiya markazlarida malaka oshirishga yuborish, shuningdek, Markazning ilmiy malaka kengashi faoliyatiga yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etish choralarini koʻrsin.

13. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda ikki oy muddatda:

sogʻliqni saqlash muassasalarida pullik xizmatlarni rivojlantirish hamda tibbiy xizmatlar narxlarini bozor mexanizmlari asosida shakllantirish;

hududiy endokrinologiya dispanserlari faoliyatida har bir davolangan holat asosida moliyalashtirish mexanizmini, bemorlarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tizimini joriy etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (S. Kariyev), ikki oy muddatda endokrinologiya sohasida maxsus dori vositalari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar faoliyatini kengaytirish, shuningdek, glyukometr va maxsus test yaproqchalarini respublikada ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.

15. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish, shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar boʻyicha maxsus turkum dasturlarni vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ishlab chiqsin hamda ommaviy axborot vositalarida targʻib qilib borsin.

16. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, aholi oʻrtasida keng yoritilishini taʼminlasin.

Bunda, endokrin kasalliklarda sogʻlom turmush tarzining ahamiyati, dori vositalarini hamda oʻzini oʻzi nazorat qilish vositalarini qoʻllashga oid maxsus koʻrsatuvlar, ijtimoiy reklamalar va roliklarning muntazam namoyishi yoʻlga qoʻyilsin.

17. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B. Musayev, Markaz direktori F. Turayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qarorning oʻz vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 26-yanvar,

PQ-102-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi PQ-102-son qaroriga ILOVA

2022 — 2024-yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni rivojlantirish

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.