PQ-105-son Qaror · 28.01.2022

Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-105
  • Qabul qilingan sana:28.01.2022
  • Kuchga kirgan sana:29.01.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/105/0079

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha salmoqli ishlar bajarildi. Xususan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini raqamlashtirish orqali ularning ochiqligi va shaffofligi taʼminlanib, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik bilan uzviy hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari oʻzaro integratsiya qilinmaganligi sababli dastlabki tergov organlari tomonidan jinoyatlar haqida xabarlarni koʻrib chiqish va jinoyat ishlarini yuritishda maʼlumotlar almashinuvi samarali yoʻlga qoʻyilmasdan, qogʻoz shaklida amalga oshirilmoqda.

Jinoyatni tezkor va toʻliq fosh etish uchun muhim boʻlgan maʼlumotlarni oʻz vaqtida olish imkoniyatining mavjud emasligi dastlabki tergov organlari faoliyatida protsessual muddatlar buzilishiga olib kelib, ish boʻyicha isbotlanishi talab qilinadigan holatlar qisqa muddatda va har tomonlama tekshirib chiqilishiga toʻsiq boʻlmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6041-son hamda 2021-yil 26-martdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6196-son farmonlariga muvofiq, shuningdek, tergov faoliyatini yanada raqamlashtirish va ishni sudga qadar yuritish jarayonida yagona elektron hujjat almashinuvi tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida:

1. Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatini raqamlashtirish hamda ishni sudga qadar yuritish masalalari boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — Yagona tergov axborot tizimi) joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

ishni sudga qadar yuritish bosqichida jinoyatlarga oid arizalar, xabarlar va boshqa maʼlumotlarni koʻrib chiqish va jinoyat ishi boʻyicha surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning tezkorlik bilan olinishini taʼminlash uchun davlat organlari hamda tashkilotlar oʻrtasida tezkor axborot almashish;

surishtiruvchi va tergovchilarning qarorlari, topshiriqlari, koʻrsatmalari hamda boshqa xabarnomalarini tegishli davlat organlari hamda tashkilotlarga elektron hujjat koʻrinishida yuborish, shuningdek, ularga javoblarni mazkur tarzda qabul qilish;

jinoiy harakatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash choralarini koʻrish va uning samaradorligini oshirish maqsadida gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mol-mulkini xatlash, shuningdek, qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchilarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklov choralarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻz vaqtida amalga oshirish.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

Yagona tergov axborot tizimi orqali ishni sudga qadar yuritish masalalarida elektron hujjat almashish Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi, Davlat bojxona qoʻmitasi hamda Milliy gvardiyaning surishtiruv va tergov organlari (keyingi oʻrinlarda — surishtiruv va tergov organlari) tomonidan amalga oshiriladi;

Yagona tergov axborot tizimining boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyalashuvi, uning uzluksiz ishlashi, axborot xavfsizligi taʼminlanishi uchun Bosh prokuratura masʼul hisoblanadi;

Yagona tergov axborot tizimi Bosh prokuraturaning Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi serverlarida saqlanadi.

3. “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimi doirasida surishtiruv va tergov organlari bilan elektron hamkorlikni amalga oshiruvchi davlat organlari hamda tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — hamkorlik qiluvchi tashkilotlar) roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga Yagona tergov axborot tizimi doirasida hamkorlik qiluvchi tashkilotlar roʻyxatini tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda kengaytirish huquqi berilsin.

4. Belgilansinki, surishtiruv va tergov organlari hamda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar oʻrtasidagi jinoyatlarga oid arizalar, xabarlar va boshqa maʼlumotlarni koʻrib chiqish, jinoyatlarni tergov qilish masalalari boʻyicha idoralararo elektron hamkorlik quyidagi talablarga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshiriladi:

mavjud maʼlumotlarning tezkorligi va haqqoniyligini taʼminlash hamda axborot xavfsizligi talablariga javob beruvchi maxsus aloqa kanalidan foydalanish;

hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanish yoki ularning maʼlumotlar bazalarini Yagona tergov axborot tizimida takrorlash va muntazam yangilab borish yoxud hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlarini Yagona tergov axborot tizimi bilan integratsiya qilish;

Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va hamkorlik qiluvchi tashkilotlar oʻrtasida tuziladigan elektron hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvlar va loyiha-texnik hujjatlar (texnologik yoʻriqnoma) talablariga amal qilish.

Bunda, bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar surishtiruv yoki tergov organlariga surishtiruvchi yoxud tergovchining asoslantirilgan qaroriga binoan prokuror sanksiyasi bilan elektron hujjat tarzida taqdim etiladi.

5. Quyidagilar:

“Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimini davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

“Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimi doirasida surishtiruv va tergov organlari bilan elektron hamkorlikni amalga oshirish sxemasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Bosh prokuratura Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar bilan birgalikda:

elektron hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvlar tuzilishini va zarur loyiha-texnik hujjatlar (texnologik yoʻriqnoma) ishlab chiqilishini;

elektron hamkorlik qilish doirasida ishlab chiqiladigan loyiha-texnik hujjatlarning vakolatli organlardan ekspertizadan oʻtkazilishini;

hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan oʻzaro integratsiya qilinishini hisobga olgan holda Yagona tergov axborot tizimi ishga tushirilishini taʼminlasin.

7. Belgilansinki:

Yagona tergov axborot tizimi bilan davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud maʼlumotlar surishtiruv va tergov organlarining elektron soʻrovi boʻyicha bepul asosda taqdim etiladi;

dasturiy taʼminotni ishlab chiqish hamda Yagona tergov axborot tizimidagi veb-xizmatlarni yaratish surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish vakolatiga ega davlat organlarining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning mavjud axborot tizimlarini Yagona tergov axborot tizimiga integratsiya qilishga sarflanadigan xarajatlar ushbu tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

hamkorlik qiluvchi tashkilotlar tomonidan Yagona tergov axborot tizimi texnologik yoʻriqnomasining oʻzgarishiga olib keladigan har qanday takomillashtirish Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi hamda Yagona tergov axborot tizimiga integratsiya qilinishi shart;

surishtiruv va tergov faoliyatini raqamlashtirishda zarur kompyuter va boshqa uskunalarni xarid qilish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish, oʻz xodimlarini elektron raqamli imzo bilan taʼminlash tegishli vazirlik va idoralar hamda hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

8. Bosh prokuratura Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda:

Majburiy ijro byurosining (keyingi oʻrinlarda — Byuro) Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi bilan hamkorlikda 2022-yil 1-maydan Yagona tergov axborot tizimining sinov versiyasini, 2022-yil 1-avgustdan toʻliq versiyasini ishga tushirsin;

Yagona tergov axborot tizimini joriy etish jarayonida hamkorlik qiluvchi tashkilotlar axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiya qilish masalalarini hal etishda tegishli qonunchilik hujjatlari talablariga toʻliq rioya qilinishini taʼminlasin;

uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

9. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Yagona tergov axborot tizimini, shu jumladan Ichki ishlar vazirligining buyurtmasi asosida boshqa axborot tizimlarini ishlab chiqish Byuro bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq Byuroning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan amalga oshiriladi;

b) Markaz tomonidan bajarilgan ishlar uchun shartnomaga muvofiq oʻtkazilgan mablagʻlar Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasida jamlanadi, ushbu mablagʻlar boʻyicha alohida hisob yuritiladi va faqat quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:

Yagona tergov axborot tizimini ishlab chiqishga jalb etilgan xodim-mutaxassislarni moddiy ragʻbatlantirishga;

boshqa mutaxassislarni (dasturchilar, kompyuter tizimlari va tarmoqlari xavfsizligi, avtomatlashtirilgan tizimlarda maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha mutaxassislar, kompyuter muhandislari, veb-dizaynerlar va boshqalar) shartnomaviy-huquqiy asosda jalb etishga.

10. Yagona tergov axborot tizimini surishtiruv va tergov organlari faoliyatiga joriy etish va uni takomillashtirish doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etilsin:

surishtiruv va tergov organlari xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi boʻyicha oʻqitish Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari negizida tashkil etiladi;

surishtiruv va tergov organlarining axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalarini rivojlantirish, ularni davlat organlari va tashkilotlar axborot tizimlari bilan integratsiya qilish Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda Markaz tomonidan taʼminlanadi;

surishtiruv va tergov organlari tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari bilan birgalikda har yili 1-dekabrga qadar keyingi yil uchun surishtiruv va tergov organlari xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi boʻyicha oʻqitishni tashkil etishning tarmoq jadvallari hududlar kesimida tasdiqlanadi.

11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsan javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari B.B. Valiyev va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari N.S. Turaxodjayev belgilansin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi B.D. Islamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 28-yanvar,

PQ-105-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-105-son qaroriga1-ILOVA

“Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimi doirasida surishtiruv va tergov organlari bilan elektron hamkorlikni amalga oshiruvchi davlat organlari hamda tashkilotlar

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-105-son qaroriga2-ILOVA

“Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimini yaratish hamda davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish boʻyicha

Izoh:

1. Axborot va maʼlumotlar almashinuvi idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan amalga oshiriladi.

2. Barcha texnologik yoʻriqnomalar konsepsiya va texnik topshiriq asosida ishlab chiqiladi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-105-son qaroriga3-ILOVA

“Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimi doirasida surishtiruv va tergov organlari bilan elektron hamkorlikni amalga oshirish

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.