PQ-103-son Qaror · 26.01.2022

Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-103
  • Qabul qilingan sana:26.01.2022
  • Kuchga kirgan sana:27.01.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/103/0070

Aholiga koʻrsatilayotgan kardiologik va kardiojarrohlik xizmatlari sifatini yaxshilash, hududlarda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, barvaqt aniqlash va samarali davolash ishlarini kengaytirish, bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz taʼminlash hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatini transformatsiya qilish maqsadida:

1. Quyidagilar yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda asosiy yoʻnalishlar etib belgilansin:

birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan davriy tibbiy koʻriklarni yoʻlga qoʻyish hamda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish;

ehtiyojmand aholi qatlamlarini zarur dori vositalari bilan bepul taʼminlash;

hududlarda koʻrsatilayotgan yuqori texnologik, kaminvaziv kardiologik hamda kardiojarrohlik tibbiy xizmatlar koʻlamini oshirish;

birlamchi boʻgʻindagi mutaxassislarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va salohiyatini oshirish, sohada ilm-fanni rivojlantirish;

yurak-qon tomir kasalliklari boʻlgan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini raqamlashtirish.

2. Sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida aholi bilan bevosita mahallada ishlaydigan “tibbiyot brigadalari” va oilaviy poliklinikalar rolini tubdan oshirish hamda yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va ularning oldini olish maqsadida 2022-yildan boshlab:

yiliga bir marta 18 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan aholining salomatlik profilini (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlik, tana vazni indeksi, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar) baholash;

40 yoshdan oshgan aholini oilaviy poliklinika va tibbiyot brigadalari orqali yiliga kamida bir marta manzilli skrining tekshiruvlaridan oʻtkazish;

yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bemorlarning yagona elektron reyestrini yuritish hamda ushbu turdagi kasalliklari mavjud aholiga enalapril (Enalapril) dori vositasini bepul tarqatish;

(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-sentabrdagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2023-y., 07/23/296/0687-son)

ehtiyojga koʻra tuman (shahar) shifoxonalari laboratoriyalarini koagulometr uskunasi hamda zarur reaktivlar bilan toʻliq taʼminlash yoʻlga qoʻyilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6099-son Farmoniga muvofiq, yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va koʻcha fitnesi) sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat budjetidan 2021-yildan boshlab har yili 104 milliard soʻmdan mablagʻlar ajratilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlari:

(3-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

b) Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov) bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida yuqumli boʻlmagan kasalliklar, shu jumladan yurak-qon tomir kasalliklari va ularning asoratlari profilaktikasi, oʻz kasalligini doimiy nazorat qilib borish koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan “Profilaktika maktablari”ni tashkil etsin.

Bunda, “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” xonalarini tashkil etib, bemorlarni 35 turdagi tarqatma materiallar bilan taʼminlasin.

4. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev), Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (X. Fozilov):

a) 2023-yil 1-yanvarga qadar:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida faoliyat yurituvchi oilaviy shifokorlar ishini soddalashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining protokoliga asoslangan yurak-qon tomir kasalliklari xavf-stratifikatsiyasini baholash uchun mobil ilova yaratib, amaliyotga tatbiq etsin;

asoslangan hisob-kitoblar hamda ehtiyojga koʻra, tuman (shahar) shifoxonalarini 4 turdagi kardiologiya uskunalari bilan jihozlash hisobiga koʻrsatiladigan xizmat turlari 15 taga yetkazilishini taʼminlasin;

b) Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) hududiy filiallarida kardiologiya yoʻnalishida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari turini bosqichma-bosqich 15 turdan 35 turgacha oshirsin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir hafta muddatda mazkur qaror talablariga muvofiq tegishli hududlarda 2022 — 2024-yillarda kardiologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqsin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.

6. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) 2022-yilda:

futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, “Workout”, stritbol turlari boʻyicha oʻtkaziladigan ommaviy musobaqalarda qatnashgan yoshlarni ragʻbatlantirish, ularning sonini yanada oshirish hamda bu borada olib borilayotgan ishlar koʻlamini yanada kengaytirish va sport tizimini raqamlashtirish maqsadida Sportni rivojlantirish vazirligiga Davlat budjetidan 60 milliard soʻm ajratilishini;

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarini ehtiyojga qarab koagulometr uskunasi va zarur reaktivlar bilan taʼminlash hamda “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” xonalarini tashkil etish uchun har bir tuman (shahar) budjetlarida 350 million soʻmgacha mablagʻ koʻzda tutilishini;

Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida 4 turdagi kardiologiya uskunalari mavjudligi yuzasidan xatlov oʻtkazishni hamda zarur boʻlgan jihozlarning xaridi uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga markazlashgan tartibda ajratiladigan mablagʻlar hisobidan 60 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.

7. Sogʻliqni saqlash vazirligi (U. Sobirov), Markaz (X. Fozilov):

a) 2023-yil 1-yanvarga qadar Markaz klinikasini koʻp tarmoqli klinika sifatida transformatsiya qilish va zarur boʻlgan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash choralarini koʻrsin.

Bunda:

2023-yil 1-yanvarga qadar Markazda yurak-qon tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalari tashkil qilinsin;

2022-yil 1-fevralga qadar Moliya vazirligi (J. Abruyev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh. Vafayev) bilan birgalikda Markazning yurak qon-tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan 1-ilovaga muvofiq taʼminlash uchun xalqaro moliya tashkilotlari hamda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 5 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlarni yoʻnaltirish choralari koʻrilsin;

preventiv kardiologiya, nur yordamida diagnostika va boshqa yoʻnalishlarda yangi ilmiy tadqiqotlar uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilsin hamda Markazda 15 dan ziyod yuqori texnologik amaliyotlarning yoʻlga qoʻyilishi taʼminlansin;

b) ikki oy muddatda yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda qoʻllaniladigan dori vositalari roʻyxatini ularning samaradorligini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqsin va har yili yangilab borsin;

v) 2022-yil 1-fevralga qadar Markazning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mavjud shtatlar doirasida hududiy filiallar bilan ishlash boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimini joriy etsin;

g) 2022-yil yakuniga qadar, keyinchalik esa har yili Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarning nufuzli tibbiyot muassasalarida 30 nafardan kardiolog mutaxassislarning Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi hisobidan malakasini oshirish choralarini koʻrsin;

d) 2023-yil yakuniga qadar Markazning barcha hududiy filiallarida telemeditsina va telemetriya markazlarini tashkil qilsin.

8. Quyidagilar:

Kardiologiya xizmatini 2022 — 2024-yillarda yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 2-ilovaga muvofiq;

Kardiologiya xizmatini 2022 — 2024-yillarda yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish samaradorligini aniqlash koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining kardiologiya boʻlinmalarini 2022-yilda tibbiy uskunalar bilan jihozlashga doir chora-tadbirlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev):

shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlgan holatlarda oʻtkir koronar sindromi bilan ogʻrigan bemorlar uchun koronarografiya va birlamchi stentlash amaliyotlarini Markazning hududiy filiallari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining hududiy filiallari, Tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari hamda boshqa angiograf uskunasi mavjud davolash-profilaktika muassasalarida Davlat budjeti hisobidan amalga oshirish;

bir million va undan ortiq aholiga xizmat koʻrsatuvchi Tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarini angiograf uskunasi bilan taʼminlash;

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (S. Kariyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlari uchun ishlatiladigan bir martalik sarflov vositalari hamda tromb erituvchi dori vositalarini respublikamizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va ularni uzluksiz taʼminlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

10. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov):

a) ikki oy muddatda oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda faoliyat yurituvchi hamshiralarning vazifalarini qayta koʻrib chiqib, shifokorgacha oʻtkaziladigan tibbiy koʻrik turlarini koʻpaytirish orqali ularning funksiyalarini kengaytirish;

b) 2022-yil yakuniga qadar Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi (X. Akilov), Markaz (X. Fozilov) bilan birgalikda:

tibbiyot brigadalarining 14 ming nafar oilaviy shifokorlarini kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash, davolash va birlamchi yordam koʻrsatishga oʻqitish;

xorijda tajriba orttirgan xususiy sektor vakillari bilan hamkorlikda birlamchi boʻgʻindagi 500 nafar mutaxassislarni kardiologiya va laboratoriya yoʻnalishlari boʻyicha qayta tayyorlash;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda barcha oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda shifokor oldi koʻrik xonalarini tashkil qilish hamda 15 ming nafar hamshirani maxsus kurslarda oʻqitish choralarini koʻrsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda birlamchi boʻgʻindagi mutaxassislarni kardiologiya va laboratoriya yoʻnalishlari boʻyicha qayta tayyorlash uchun xarajatlarning 50 foizi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasidan, qolgan 50 foizi mahalliy budjetdan qoplab berilishini taʼminlasin.

11. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish boʻyicha sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B. Musayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil yakuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 26-yanvar,

PQ-103-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi PQ-103-son qaroriga 1-ILOVA

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yurak-qon tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalari uchun tibbiy uskunalar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi PQ-103-son qaroriga 2-ILOVA

Kardiologiya xizmatini 2022 — 2024-yillarda yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar dasturi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi PQ-103-son qaroriga 3-ILOVA

Kardiologiya xizmatini 2022 — 2024-yillarda yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish samaradorligini aniqlash koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi PQ-103-son qaroriga 4-ILOVA

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining kardiologiya boʻlinmalarini 2022-yilda tibbiy uskunalar bilan jihozlashga doir chora-tadbirlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi PQ-103-son qaroriga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-martdagi PQ-2857 son qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkillashtirishni yanada takomillashtirish kompleks chora tadbirlarining 13-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2017-yil 2017 — 2021 yy.” soʻzlari “2022-2023 yy.” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-avgustdagi PQ-3925-son qarori bilan tasdiqlangan Aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturining 7, 16 — 19, 22 va 23-pozitsiyalari “Bajarish muddatlari” ustunidagi “2019 — 2021 yy.” soʻzlari “2022-2023 yy.” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-apreldagi PQ-4295-son qarori bilan tasdiqlangan 2019 — 2021-yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami koʻrsatishni takomillashtirish Milliy dasturining 27-pozitsiyasi “Amalga oshirish muddati” ustunidagi “2020-2021-yillar” soʻzlari “2022-2023-yillar” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4890-son qarori 3-ilovasida:

a) 13-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Jamgʻarmaning gʻazna hisobvaraqlarida vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar. Ushbu daromadlarning 50 foiz qismi Jamgʻarma ijro etuvchi apparati va hududiy boʻlinmalari faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga yoʻnaltiriladi”;

b) 14-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Jamgʻarma ijro etuvchi apparati va hududiy boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish, shu jumladan moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash”;

v) 29-band quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Boʻsh ish oʻrinlari hisobiga iqtisod qilingan ish haqi fondi mablagʻlari Jamgʻarma xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish (ustama, qoʻshimcha haq, oylik mukofotlar va boshqalar)ga yoʻnaltiriladi”.

5. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish tadbirlariga ajratilayotgan mablagʻlarning samaradorligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 583-son qarorida:

a) 3-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari va boshqa xodimlarga 6 foizlik kunlik qoʻshimcha toʻlov oʻrniga har oylik moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari amalga oshiriladigan lavozimlar roʻyxati 2a-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;

b) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

v) 2a-ilovaning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari va boshqa xodimlarga 6 foizlik kunlik qoʻshimcha toʻlovi oʻrniga har oylik moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari amalga oshiriladigan lavozimlar roʻyxati”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.