PQ-436-son Qaror · 02.12.2022

2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-436
  • Qabul qilingan sana:02.12.2022
  • Kuchga kirgan sana:03.12.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/436/1061

2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi doirasida “yashil” va inklyuziv iqtisodiy oʻsishni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) quyidagi strategik maqsadlarga erishishga moʻljallangan 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq:

issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan koʻprogʻiga yetkazish;

sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;

yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish;

iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sugʻorish texnologiyasini joriy etish;

yiliga 200 million koʻchat ekish va koʻchatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;

respublika oʻrmon fondi zaxiralari koʻrsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;

hududlarda yangi 600 ta chiqindi toʻplash shoxobchalarini tashkil etish;

(1-band “a” kichik bandining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi PF-149-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)

b) Sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va energiya tejamkorligini taʼminlash boʻyicha konsepsiya (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 2-ilovaga muvofiq;

v) 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash boʻyicha harakatlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — Harakatlar rejasi) 3-ilovaga muvofiq;

g) 25 ta korxona va tashkilotda ishlab chiqarilgan mahsulotning energiya sigʻimi koʻrsatkichini 2026-yilga kelib 2022-yilga nisbatan 20 foizga kamaytirishga qaratilgan 2022 — 2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari (keyingi oʻrinlarda — Maqsadli parametrlar) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Energetika vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Maqsadli parametrlarga erishishga qaratilgan 2022 — 2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini (“Yoʻl xaritasi”) ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Quyidagilar:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi — “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish va “yashil” oʻsish tamoyillarini joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarida issiqxona gazlari tashlanmalarini qisqartirishga doir faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ;

Energetika vazirligi — “yashil” energetikani rivojlantirish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetikasini keng joriy qilish, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning energiya sigʻimini kamaytirish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.

4. Belgilansinki:

a) 2023-yil 1-iyundan boshlab mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiya va atrof-muhitga taʼsirni cheklash boʻyicha qoʻyilayotgan talablar asosida “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi;

b) quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022 — 2026-yillarda issiqxona gazlarining chiqarilishini davlat tomonidan tartibga solish infratuzilmasi bosqichma-bosqich yaratiladi:

issiqxona gazlarining chiqarilishini davlat tomonidan hisobga olish va ularning davlat kadastrini yuritish;

uglerod birliklarining reyestrini shakllantirish va yuritish;

iqtisodiyot tarmoqlari kesimida issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirishning maqsadli koʻrsatkichlarini belgilash;

issiqxona gazlarining chiqarilishini qisqartirish boʻyicha faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;

v) 2024-yil 1-yanvardan boshlab barcha issiqxona gazlarini qamrab oluvchi Iqlim oʻzgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) yoʻlga qoʻyiladi;

g) iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirishdan oldingi bosqichlarda ularning issiqxona gazi hajmini qisqartirish imkoniyati baholanib, loyihalar natijasida qisqartirilgan issiqxona gazi hajmi sertifikatlashtiriladi va tashqi bozorlarga yoʻnaltiriladi;

d) 2024-yil 1-yanvardan boshlab yangi quriladigan, quvvati 1 MVtdan yuqori boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha investitsiya loyihalari doirasida ushbu stansiyalarning oʻrnatilgan quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi majburiy tartibda joriy etiladi;

e) tarmoq va hududiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish doirasida tarmoqlar va hududlarning iqlim oʻzgarishiga nisbatan sezuvchanligi xususiyatlaridan kelib chiqib, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga iqlim oʻzgarishi taʼsirini kamaytirish hamda unga moslashish chora-tadbirlari va investitsiya loyihalari qamrab olinadi;

j) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi:

Parij bitimining (Parij, 2015-yil 12-dekabr) 6-moddasiga muvofiq, Barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash mexanizmi boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ (milliy organ) hisoblanadi;

xalqaro va respublika darajasida issiqxona gazi savdosini (Emission Trade System — ETS, Joint Credit Mechanism — JCM va boshqalar) tartibga solish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, ushbu sohadagi loyihalarni amalga oshirish davrida monitoring va hisobotlarni yuritish uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi organ sifatida ishtirok etadi;

z) barqaror “yashil” iqtisodiy oʻsish, “yashil” iqtisodiyotga oʻtishga doir, xususan, issiqxona gazi tashlanmalari miqdoriga taʼsir qiluvchi loyihalar va chora-tadbirlarni koʻzda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlar loyihalari Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash (keyingi oʻrinlarda — Idoralararo kengash) 5-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan 2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya), Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlarning toʻliq hajmda bajarilishini taʼminlash, shuningdek, ularning oʻz vaqtida bajarilishini tizimli nazorat qilish;

har chorakda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini tinglash;

doimiy monitoring asosida Strategiya doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida masʼul tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish choralarini koʻrish.

6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, xalqaro moliya institutlari va rivojlanish boʻyicha hamkor tashkilotlarning:

Donorlarning muvofiqlashtirish guruhini 6-ilovaga muvofiq tarkibda;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligida qoʻshimcha 4 ta shtat birligidan iborat Texnik kotibiyatni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Belgilansinki:

Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishi va “yashil” oʻsish borasida faoliyat olib boruvchi xalqaro moliya institutlari va rivojlanish boʻyicha hamkor tashkilotlarning texnik koʻmak, tahlil qilish va salohiyatni oshirish boʻyicha faoliyatini oʻzaro muvofiqlashtirish Donorlarning muvofiqlashtirish guruhining asosiy vazifasi hisoblanadi;

Texnik kotibiyat Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi ishchi organi vazifasini bajaruvchi loyiha ofisi hisoblanadi.

7. Belgilansinki, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va uni rivojlantirishda barcha tomonlarning oʻzaro hamkorlikdagi faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish borasida:

Idoralararo kengash Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasining amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha vazirlik va idoralarning ishini samarali tashkil etishni taʼminlaydi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Idoralararo kengashning ishchi organi hisoblanib, ushbu yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy baholab borish, texnik va moliyaviy koʻmak jalb etish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish manbalarini shakllantirishga koʻmaklashadi;

Texnik kotibiyat Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi faoliyatini tashkil qiladi, Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda uni Idoralararo kengash bilan oʻzaro muvofiqlashtirishga koʻmaklashadi.

8. Gidrometeorologiya xizmati markazi va Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti ikki oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Respublika boʻylab quyosh, shamol va biogaz energiyasi resurslari boʻyicha innovatsion maʼlumotlar bazasini shakllantirsin.

9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi:

a) ikki oy muddatda Texnik kotibiyat va idoralararo ishchi guruhlarni tashkil etish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar, Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi reglamentini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Idoralararo kengashga kiritsin.

Bunda, Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi reglamentida:

uning faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish;

iqlim oʻzgarishi va “yashil” oʻsish boʻyicha xalqaro moliyaviy institutlar hamda rivojlanish boʻyicha hamkor tashkilotlarning harakatlari oʻzaro takrorlanishini bartaraf etish va oldini olish;

iqlim oʻzgarishi va “yashil” oʻsish masalalari boʻyicha vazirlik va idoralar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilsin;

b) Energetika vazirligi, Moliya vazirligi va xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda “yashil sertifikatlar” tizimi 2023-yil 1-iyundan boshlab joriy etilishini taʼminlasin;

v) Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan birgalikda Iqlim oʻzgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) 2024-yil 1-yanvardan boshlab toʻliq yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin;

g) Moliya vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, sanoat korxonalarida ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini (ESG) joriy qilishni jadallashtirishni koʻzda tutuvchi takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

d) Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati markazi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 — 2026-yillarda issiqxona gazlarining chiqarilishini davlat tomonidan tartibga solish infratuzilmasi yaratilishini taʼminlasin, shuningdek, 2023-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasining “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

e) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Energetika vazirligi va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda ikki oy muddatda yirik sanoat korxonalari tegishli boshqaruv organlarida quyidagilar tasdiqlanishini muvofiqlashtirsin:

yirik ishlab chiqarish korxonalarida quvvatlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish orqali energiyani tejash, energiya samaradorligini oshirish boʻyicha texnik siyosatni ishlab chiqib, uning koʻrsatkichlarini yillik biznes-rejalarga kiritish boʻyicha tegishli boshqaruv qarorlari;

ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) birligiga sarflanadigan yoqilgʻi-energiya resurslarining meʼyorlarini aniqlaydigan, tarmoqlar kesimidagi uslubiyot va yoʻriqnomalar.

10. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyulga qadar “ifloslantiruvchi toʻlaydi” tamoyilini toʻliq joriy etish, shuningdek, ifloslanish uchun belgilangan yigʻim stavkasini oshirish va ifloslantiruvchi moddalar roʻyxatini kengaytirish orqali atrof-muhit ifloslanishi uchun yigʻim tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Innovatsion rivojlanish vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Energetika vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda har yili 1-dekabrga qadar “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻnalishlarida ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarning maqsadli dasturlarini Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashiga tasdiqlash uchun kiritib borsin hamda ushbu sohada quyidagilarga alohida eʼtibor qaratsin:

“yashil” iqtisodiyot sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borish;

iqtisodiyot tarmoqlarida “yashil” texnologiyalar, xususan, resurs tejovchi, chiqindisiz ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash imkoniyatini beruvchi texnologiyalarni va xavfsiz kimyoviy moddalarni qoʻllashga oʻtish hamda qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini oʻrganish va ularni amaliyotga tatbiq etish;

istiqbolli innovatsion ishlanmalar va “startap” loyihalarni amalga oshirish hamda ularni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferini qoʻllab-quvvatlash.

Belgilab qoʻyilsinki, maqsadli dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida, shuningdek, Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

12. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda respublikada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

14. Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilishning quyidagi tartibi belgilansin:

vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar — har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga ushbu qaror bilan tasdiqlangan Harakatlar rejasi hamda tarmoqlar kesimidagi resurs tejash dasturlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish holati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini idoralararo muvofiqlashtiradi, har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar ushbu qaror bilan belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi toʻgʻrisida umumlashgan tahliliy maʼlumotlarni Idoralararo kengashga kiritadi;

Idoralararo kengash har chorak yakuni bilan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga maʼlumot kiritadi.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.T. Mirzamahmudov belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 2-dekabr,

PQ-436-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga 1-ILOVA

2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammoli masalalar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga, xususan, iqtisodiy oʻsish va kambagʻallikni qisqartirish, ekologik va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatadi. Shundan kelib chiqib, ushbu yoʻnalishda mamlakatda iqlim oʻzgarishi taʼsirini kamaytirish va unga moslashish, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini jadallashtirish, “yashil” va inklyuziv iqtisodiy oʻsish modelini targʻib qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada, mamlakatda “yashil” iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil” investitsiyalarni jalb qilish, ekologik inqirozning salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-oktabrdagi PQ-4477-son qarori bilan 2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi tasdiqlangan.

2020-yilda koronavirus (COVID-19) pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat sababli dunyo mamlakatlari qatori Oʻzbekiston Respublikasida ham ushbu Strategiyani jadal amalga oshirish imkoniyati cheklandi.

Shu bilan bir qatorda, 2021-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasining 26-yigʻilishida (COR26) Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Parij bitimi doirasida 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligida issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yilgi koʻrsatkichlarga nisbatan 35 foiz kamaytirish boʻyicha qoʻshimcha majburiyatni oʻz zimmasiga olishi haqida bayonot berildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi joriy yilning may oyida 2030-yilga qadar metan emissiyasini 2020-yilga nisbatan kamida 30 foizga kamaytirish boʻyicha mamlakatlarning jamoaviy maqsadga erishishi boʻyicha global majburiyat toʻgʻrisidagi tashabbusga (Global Methane Pledge) qoʻshildi.

Koronavirus pandemiyasi va iqlim oʻzgarishi tufayli yuzaga kelayotgan salbiy holatlarning saboqlari iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda yanada barqaror manbalar va yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish, xususan, mamlakatda “yashil” iqtisodiyot va “yashil” iqtisodiy oʻsish boʻyicha strategik maqsadlar va chora-tadbirlar amalga oshirilishini samarali tashkil etish zaruriyatini koʻrsatmoqda.

2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi asosida “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikdagi muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlarini taʼminlash Dasturni ishlab chiqish zaruriyatini yuzaga keltirdi.

1-bob. Dasturning maqsadi va vazifalari

Dasturning maqsad va vazifalari milliy darajada mavjud boʻlgan sohalar boʻyicha quyidagi strategik yoʻnalishlarga asoslanadi va ularning oʻzaro toʻldiruvchi jihatlarini kuchaytiradi:

texnologik modernizatsiya va “yashil” texnologiyalarni joriy etish uchun moliyaviy ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, energiya tejash va samaradorligini oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni aniqlash, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya menejmenti orqali energiya samaradorligini sezilarli darajada oshirish;

“yashil” iqtisodiyotga oʻtishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan taʼminlash, iqlim oʻzgarishiga doir masalalarda davlat xizmatlari qamrovini kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot sohasida aholining iqtisodiy faolligini oshirish orqali aholi va mahalliy jamoatchilik ishtirokini kengaytirish;

“yashil” investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, xususiy sektorga keng imkoniyatlar yaratish va “yashil” innovatsiyalarni joriy etishda xususiy investorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat-xususiy sheriklikni va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish orqali “yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.

Dastur quyidagi 6 ta ustuvor yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiy oʻsishni taʼminlash vazifalarini belgilaydi:

tabiiy resurslardan barqaror va samarali foydalanish;

milliy iqtisodiyotning tabiiy ofatlar va iqlim oʻzgarishiga nisbatan barqarorligini mustahkamlash;

milliy iqtisodiyot, xususan, sanoatning “yashil” va kam uglerodli rivojlanishini taʼminlash;

innovatsiyalarni joriy etish va samarali “yashil” investitsiyalarni jalb qilish;

barqaror va inklyuziv “yashil” urbanizatsiyani rivojlantirish;

“yashil” iqtisodiyotga oʻtish davrida katta taʼsir ostida boʻlishi mumkin boʻlgan aholi va ularning yashash joylarini qoʻllab-quvvatlash.

Ushbu ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha vazifalarning samarali amalga oshirilishi quyidagi yoʻnalishlardagi tarmoqlararo choralar bilan bir qatorda amalga oshiriladi:

“yashil” oʻsish boʻyicha salohiyatni oshirish va inson kapitalini rivojlantirish;

“yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun qulay siyosiy muhit yaratish, samarali institutlarni joriy qilish;

tashqi va ichki “yashil” moliyalashtirish oqimlarini koʻpaytirish.

2-bob. “Yashil” oʻsishning ustuvor yoʻnalishlari

2.1. Tabiiy resurslardan barqaror va samarali foydalanish

Ustuvor vazifalar:

oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, suv resurslarini tejash bilan birga oʻsib borayotgan aholini oziq-ovqat bilan taʼminlaydigan qishloq xoʻjaligi yechimlarini ishlab chiqish va joriy qilish;

barqaror landshaftlar, oʻrmonlarni qayta tiklash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga asoslangan amaliyotni joriy etish;

ekinlarni diversifikatsiya qilish va suvni tejaydigan qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini joriy qilishni landshaftni tiklash choralari bilan uygʻunlashtirish;

davlat korxonalarini hamda davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy sektor tomonidan sugʻorishni moliyalashtirish imkoniyatlarini isloh qilish.

Ustuvor yoʻnalishlar:

a) iqlim bilan bogʻliq xavflarga chidamlilikni oshirish maqsadida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish:

barqaror agroekotizimni yaratishga koʻmaklashish maqsadida iqlim oʻzgarishiga maqbullashtirilgan ishlab chiqarish ustuvorligidan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish;

iqlim bilan bogʻliq xavflarga nisbatan barqarorlikni oshirish maqsadida dehqon va fermer xoʻjaliklarida qishloq xoʻjaligi ekinlarini diversifikatsiya qilish va ixtisoslashtirish;

b) yaylovlarni barqaror boshqarishni joriy qilish — yaylov maydonlarining ekologik holatini saqlash hamda yer va oʻrmon degradatsiyasini kamaytirish orqali yaylovlarda chorva mollarini oʻtlatishni barqaror boshqarish usullarini ishlab chiqish va joriy etish;

v) iqlim oʻzgarishiga chidamli daraxtlar plantatsiyalarini koʻpaytirish — eroziya, qum va chang boʻronlarini kamaytirish, shuningdek, ekotizimlar va infratuzilmaning barqarorligini oshirish uchun iqlimga chidamli daraxtlarni ekish;

g) tarmoqli yondashuvdan landshaft yondashuviga oʻtishni taʼminlash uchun landshaftni boshqarish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash:

hosildorlikni oshirish, ekotizim xizmatlarini yaxshilash va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish uchun landshaftni integratsiyalashgan holda boshqarish;

integratsiyalashgan landshaft yondashuvidan foydalanishni ragʻbatlantirish, undan samarali foydalanishga qaytarish uchun landshaftni tiklash;

d) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini barqaror yetishtirish va qayta ishlash orqali oziq-ovqat xavfsizligi va farovonlikni oshirish — oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sogʻlom ekotizimlarni rivojlantirish hamda yer, suv va boshqa tabiiy resurslarni barqaror boshqarishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan global boshqaruv tizimini yaratish;

e) “yashil garov” dasturlari va tabiiy resurslarga asoslangan tadbirkorlik faoliyati asosida yaratilgan ish oʻrinlari sonini koʻpaytirish:

“yashil” ish oʻrinlarini yaratish va “yashil garov” dasturlarini ishlab chiqish;

joylarda turmush darajasini yaxshilash hamda qishloq xoʻjaligi, tabiiy resurslar va ekoturizm sohalarida ish oʻrinlarini yaratishda iqlim oʻzgarishiga chidamlilik boʻyicha tabiiy resurslarni boshqarishga asoslangan korxonalarning salohiyatini oshirish;

j) umumiy suv isteʼmoli va suv tanqisligini kamaytirish uchun talab etiladigan suv obyektlaridan aniq hisob-kitoblarga asosan suv olish limitlarini oʻrnatish, amaliyotga joriy qilish va suv olish limiti doirasida suv berilishini monitoring qilish — umumiy suv isteʼmoli va suv tanqisligini kamaytirish, shuningdek, suvdan foydalanish va sugʻorish tizimlari samaradorligini oshirish uchun talab etiladigan suv resurslarini aniq hisob-kitoblarga asosan suv olish limitlarini oʻrnatish, monitoring qilish va birgalikda rejalashtirish institutlarini kuchaytirish;

z) qishloq xoʻjaligi sohasida samarali texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish — suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari, shu jumladan tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret va boshqa samarali sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va koʻlamini kengaytirish;

i) sanoat korxonalarida hosil boʻlayotgan oqova suvlarni tozalash va aylanma suv taʼminotini joriy qilish — lokal oqova tozalash inshootlarini oʻrnatish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, tozalangan suvlarni texnologik yoki maishiy-xoʻjalik maqsadlarida qayta ishlatish koʻlamini oshirish choralarini koʻrish;

k) qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalaniladigan ekin yerlari va koʻp yillik daraxtzorlarni (mevali bogʻ va tokzorlarni) saqlab qolish orqali “yashil” oʻsish surʼatlarini taʼminlash;

l) respublikada koʻp yillik manzarali va mevali daraxtzorlar koʻchatlarini ishlab chiqarishni koʻpaytirish;

m) har yili viloyatlar markazlari va tumanlarda yashil hududlar tashkil etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash.

2.2. Milliy iqtisodiyotning tabiiy ofatlar va iqlim oʻzgarishiga nisbatan barqarorligini mustahkamlash

Ustuvor vazifalar:

gidrologik, ob-havo va iqlimga oid maʼlumotlarni oʻz vaqtida va sifatli taqdim etish tizimini yanada takomillashtirish orqali iqlim xavfini baholash va kamaytirish;

muhim vositalar va infratuzilmaga, shu jumladan ekologik yondashuvlar asosidagi investitsiyalarni jalb qilish orqali tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj uy xoʻjaliklari, shu jumladan qishloq joylarida yashaydigan va bevosita yoki bilvosita qishloq xoʻjaligiga bogʻliq boʻlgan kam taʼminlangan oilalarning moliyaviy barqarorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrish;

suv havzalarini boshqarish, oʻrmonlarni qayta tiklash hamda aholi punktlari atrofidagi boshpanalarni kengaytirishga sarmoya kiritish orqali suv toshqinidan himoya qilish uchun qurilishda muhandislik tabiiy yechimlarini ishlab chiqish;

qishloq joylarida yashovchi zaif oilalarni iqlim xavflari va ofatlardan sugʻurtalash orqali moliyaviy barqarorlik siyosatini takomillashtirish.

Ustuvor yoʻnalishlar:

a) iqlim oʻzgarishiga moslashish va tabiiy ofatlar xavfini boshqarish masalalarini milliy siyosatga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rejalashtirishga va budjet jarayonlariga kiritish — iqlim oʻzgarishiga moslashish, uning oqibatlarini yumshatish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishni rejalashtirish, amalga oshirish, monitoring qilish hamda baholashda jamoatchilikning faol ishtirokiga asoslangan yondashuvni yoʻlga qoʻyish;

b) iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar xavfiga nisbatan milliy darajada javob qaytarish choralarini ishlab chiqish va amalga oshirish tadbirlarining samaradorligini oshirish uchun normativ-huquqiy va institutsional asosni takomillashtirish:

iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;

Shaharsozlik kodeksida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim oʻzgarishi masalalarini tartibga solish;

xatarlarni hisobga olgan holda, yerdan foydalanish va rivojlantirishga kompleks yondashuvni ishlab chiqish;

v) milliy, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik va sheriklik munosabatlarini kuchaytirish, tashqi moliyalashtirish mexanizmlariga qoʻshilish uchun milliy va mahalliy salohiyatni oshirish — tashqi moliyalashtirish mexanizmlariga qoʻshilish uchun milliy va mahalliy imkoniyatlarni yaratish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda iqlim oʻzgarishiga moslashish uchun institutsional va boshqaruv mexanizmlarini kuchaytirish;

g) nodavlat notijorat tashkilotlar va xususiy sektorning faol ishtirokida ommaviy seminarlar, ishchi yigʻilishlar va treninglar kabi taʼlim va targʻibot dasturlari orqali jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyalarini kuchaytirish va muvofiqlashtirish:

olingan tajriba va ilgʻor amaliyot bilan almashish uchun milliy platforma yaratish;

tegishli mexanizmlar orqali milliy, mintaqaviy va global darajada tajriba almashish;

tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim oʻzgarishi boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoatchilikning bilimlarini lozim darajada birlashtirish uchun tegishli mexanizmlarni aniqlash;

d) aloqa strategiyasini ishlab chiqish va tatbiq qilish — iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bilan bogʻliq tashabbuslarning natijalarini birlashtiruvchi samarali aloqa strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;

e) iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi bilimlarni, zarurat darajasida, universitet va maktab oʻquv dasturlariga kiritish — jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyalarini kuchaytirish va muvofiqlashtirish orqali, shu jumladan milliy sheriklar, nodavlat notijorat tashkilotlar va xususiy sektor bilan hamkorlikda aholining xabardorligini oshirish, iqlim oʻzgarishi, ofatlarning sabablari va oqibatlari toʻgʻrisida tushunchalarni mustahkamlash;

j) iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlarning potensial taʼsirini yengish uchun shaharlar/mahalliy organlar va jamoalarning imkoniyatlarini kuchaytirish — shaharlar va jamoalarni barcha xavf-xatarlar haqida aniq va oʻz vaqtida ogohlantirishni taʼminlash uchun samarali barvaqt ogohlantirish tizimini yaratish;

z) iqlim va tabiiy ofatlar xavfi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, saqlash va tahlil qilish boʻyicha texnik va institutsional salohiyatni mustahkamlash — tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim oʻzgarishi boʻyicha qaror qabul qilish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash uchun axborotni boshqarishning yaxlit tizimini ishlab chiqish;

i) energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya (QTE) manbalaridan foydalanishni qoʻllab-quvvatlash uchun energiya xavfsizligini yaxshilash va boshqaruvni kuchaytirish:

mavjud va rejalashtirilgan energetika infratuzilmasi uchun tabiiy ofatlar va iqlim xavf-xatarlarini baholash orqali energiya xavfsizligini oshirish;

energiya taʼminoti muammolarini hal qilish uchun favqulodda harakatlar rejalari va javob qaytarish mexanizmlarini ishlab chiqish;

energiya samaradorligini oshirish choralarini va uning oqibatlarini yumshatish harakatlarini qoʻllab-quvvatlash uchun tegishli texnologiyalar transferidan foydalanish yoʻllarini aniqlash va targʻib qilish;

k) tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni hamda bu borada samarali harakat qilish va tiklanish imkoniyatlarini kuchaytirish:

tabiiy ofatlarni boshqarish mexanizmlarini mustahkamlash;

mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoalarning iqlim oʻzgarishi taʼsiri, tabiiy ofatlarga tayyorgarligi va harakatini kuchaytirish;

evakuatsiya rejalari va strategiyalarini yangilash;

xalqaro va mintaqaviy gumanitar yordam toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish;

l) milliy iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlarga chidamlilik sohasida milliy siyosat va rejalashtirish jarayonida gender tengligi jihatlarini hisobga olish — milliy siyosatda gender tengligi tamoyillarini hisobga olish orqali tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni kuchaytirish;

m) iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlarga chidamlilikni oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirishda xususiy sektorni jalb qilish — milliy, tarmoq va mahalliy darajada iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlarga chidamlilikni rejalashtirish hamda amalga oshirish jarayonlariga xususiy sektorni jalb qilish orqali tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni kuchaytirish.

2.3. Milliy iqtisodiyot, xususan, sanoatning “yashil” va kam uglerodli rivojlanishini taʼminlash

Ustuvor vazifalar:

energiya balansini diversifikatsiya qilish, shu jumladan QTE manbalarini rivojlantirish, energiya sarfi hajmini pasaytirish, uglerod tashlamalarini kamaytirish;

kam uglerodli rivojlanish uchun oʻta muhim boʻlgan foydali qazilmalarning zaxiralari va salohiyatini oʻrganish;

ekologiyaga zarar yetkazmaydigan infratuzilmani shakllantirish va sanoat korxonalarida aylanma (sirkulyar) iqtisodiyot amaliyotini joriy qilish, bunda, modernizatsiya jarayonlarini ragʻbatlantirish;

“yashil” oʻsish sharoitida bozor iqtisodiyoti nuqsonlarini bartaraf etish va “maqbul narxlarni shakllantirish” institutlarini mustahkamlash.

Ustuvor yoʻnalishlar:

a) “yashil” va kam uglerodli rivojlanish boʻyicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlash — uzoq muddatli “yashil” va kam uglerodli rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini inobatga olgan holda, iqtisodiy va fiskal yoʻqotishlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirish maqsadida strategiyani ishlab chiqish;

b) elektrlashtirishning oʻsishi va ishonchliligini oshirish:

elektr energiyasini taqsimlashning eskirgan infratuzilmasini yangilash va modifikatsiya qilish;

2030-yilgacha elektr energiyasi taʼminotini 100 TVt/soatdan oshirish;

v) elektr energiyasini uzatish va tarqatish tarmoqlarida yoʻqotishlarni kamaytirish:

elektr energiyasini uning texnik va tijorat yoʻqotishlarini tarqatish paytida kamaytirish;

isteʼmolchilar orasida elektr taʼminotining ishonchliligi va sifatini oshirish;

g) QTE manbalarini keng miqyosda joylashtirish:

energiya balansida QTE manbalarining ulushini oshirish;

mamlakatning toza energiyaga oʻtishi taʼminlash;

mahalliy sanoat va infratuzilmaning rivojlanishi hamda ish oʻrinlari yaratilishini ragʻbatlantirish uchun QTE manbalarini rivojlantirish;

mahalliy ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash;

d) energiya samaradorligi sohasida yechimlarini joylashtirish — 2030-yilda birlamchi qoʻshimcha energiya ehtiyojisiz yalpi ichki mahsulot hajmini ikki baravarga oshirish maqsadiga erishish uchun birlamchi energiya intensivligini ikki baravarga kamaytirish;

e) alohida qiymat zanjirlari va tarmoqlarini yaratish uchun aylanma iqtisodiyot boʻyicha harakatlar rejalari — tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat chiqindilari, ifloslanish va gaz chiqindilarini kamaytirish maqsadida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat zanjirida aylanma iqtisodiyot tamoyillarini amalga oshirish.

2.4. Innovatsiyalarni joriy etish va samarali “yashil” investitsiyalarni jalb qilish

Ustuvor vazifalar:

butunjahon qiymat zanjirlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish va ragʻbatlantirish uchun siyosiy hamda institutsional islohotlarni amalga oshirish orqali davlat va xususiy investitsiyalarni jalb qilish;

“yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun innovatsion siyosat va milliy innovatsion tizimlarni takomillashtirish.

Ustuvor yoʻnalishlar:

a) investitsiya siyosati va loyihalarga “yashil” investitsiyalar konsepsiyasini integratsiyalash — mamlakatda rejalashtirilgan barcha investitsiya loyihalari uchun “yashil” mezonlarni ishlab chiqish va joriy etish;

b) sanoat korxonalari infratuzilmasini modernizatsiyalash — mavjud yangi texnologiyalar va standartlarning integratsiyasi orqali sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi sanoat korxonalarining infratuzilmasi barqarorligini taʼminlash;

v) moliyalashtirish imkoniyati va salohiyatini kengaytirish orqali kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiyotdagi rolini kuchaytirish — salohiyat, raqobatbardoshlik va boshqaruvni oshirish uchun yuqori salohiyatga ega istiqbolli kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan ayollar yuritayotgan va turli hududlardagi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash;

g) xususiy sektorning milliy iqtisodiyotdagi ishtirokini oshirish:

tarmoqlarda xususiy sektor ishtirokini oshirish uchun davlat korxonalari bilan tanlama hamkorlik mexanizmini yoʻlga qoʻyish;

davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash;

d) davlat xaridlarining shaffof va raqobatbardosh tartibini takomillashtirish:

korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishni qoʻllab-quvvatlash;

shaffof va raqobatbardosh davlat xaridlari tartibini hamda DXSH va KOʻK tizimini ishlab chiqish;

e) hukumat faoliyati samaradorligini oshirish uchun elektron hukumat va davlat boshqaruvi salohiyatini mustahkamlash:

elektron hukumat tizimini AKT infratuzilmasi va tegishli tizimlar bilan taʼminlash;

davlat boshqaruvi organlarining innovatsiyalar va investitsiyalar boʻyicha salohiyatini kuchaytirish hamda davlat xizmatlari va jarayonlarini raqamlashtirishni qoʻllab-quvvatlash;

bilim va axborot almashinuvini osonlashtirish uchun AKT tuzilmasi va infratuzilmasini kengaytirish;

j) innovatsion tizimda siyosiy boshqaruv va mexanizmlar samaradorligini oshirish — innovatsion siyosat institutlari, tegishli subyektlar oʻrtasida boshqaruv va muvofiqlashtirishni mustahkamlash;

z) innovatsiyalar asosidagi oʻsishni qoʻllab-quvvatlash uchun innovatsion infratuzilmani mustahkamlash:

innovatsion ekotizimdagi qoʻllab-quvvatlovchi elementlarning infratuzilmasi va salohiyatini mustahkamlash;

ESG standartlariga mos keladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirish tizimini taʼminlash;

i) ilm-fan va sanoat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash:

ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining salohiyatini mustahkamlash;

tadbirkorlik sohasida modernizatsiya va texnologiyalar transferini taʼminlash uchun xorijiy texnologiya yetkazib beruvchilar ishtirokini oshirishda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash.

k) qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadbirkorlarning raqamli savodxonligini koʻtarish va onlayn platformalardan foydalanishni rivojlantirish — mavjud kreditlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, texnik maslahat xizmatlari, bozorni tahlil qilish uchun investitsiyalarni kiritish.

2.5. Barqaror va inklyuziv “yashil” urbanizatsiyani rivojlantirish

Ustuvor vazifa — shaharlar va boshqa aholi punktlarining yashash qobiliyati va unumdorligini oshirish maqsadida aholi punktlarining “yashillik” darajasini oshirish, bino-inshootlar, shuningdek, transport va chiqindilarni boshqarishning barqarorligini taʼminlash hamda respublikada “yashil” (eko) turizmni rivojlantirish.

Ustuvor yoʻnalishlar:

a) ayrim hududlarning iqtisodiy asosini diversifikatsiya qilish — hududlarning YAHM yaratishga qoʻshgan hissasi, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, ularni barqaror va muvozanatli rivojlanishini taʼminlash;

b) nomarkazlashtirish siyosatini davom ettirish — hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mustaqilligi va masʼuliyatini oshirish;

v) yoʻldosh shaharlar yaratishni hisobga olgan holda, shahar aglomeratsiyasi shakllanishini boshqarish — ilgʻor energiya tejovchi va ekologik toza texnologiyalar va materiallarni joriy etishga asoslangan yoʻldosh shaharlar yaratish, shu jumladan ijtimoiy, muhandislik, kommunal va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirishni hisobga olgan holda, shahar aglomeratsiyasi shakllanishini takomillashtirish;

g) barqaror va yashash uchun qulay shahar infratuzilmasini yaratish — shahar aholisi va mehmonlarining turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan barqaror va yashash uchun qulay shahar muhiti va infratuzilmasini (qurilish, binolar, energetika, transport, yoʻllar, suv taʼminoti va kanalizatsiya, “yashil” maydonlar va yoʻlaklar, shahar va shahar atrofidagi oʻrmonlar) yaratish.

2.6. “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish davrida katta taʼsir ostida boʻlishi mumkin boʻlgan aholi va ularning yashash joylarini qoʻllab-quvvatlash

Ustuvor vazifalar:

uzoq muddatli istiqbolda barqaror ish oʻrinlarini yaratish uchun “yashil” iqtisodiyotga oʻtish davrida aholining zaif hamda iqlim oʻzgarishi sababli ishsiz qolish xavfi bor qatlamlariga nisbatan qayta tayyorlash va koʻnikmalarni rivojlantirish, ishchi kuchi mobilligini oshirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng qamrovli siyosat olib borish;

“yashil” iqtisodiyotga samarali oʻtish uchun yaratiladigan va mavjud ish oʻrinlari uchun yangi koʻnikmalar boʻyicha ishchi kuchini doimiy tayyorlash tizimini takomillashtirish.

Ustuvor yoʻnalishlar:

a) inklyuziv va barqaror inson kapitalini rivojlantirish — aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida ish oʻrinlarini yaratish va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish orqali aholi turmush darajasini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish uchun makroiqtisodiy barqarorlikni va inklyuziv iqtisodiy oʻsishni taʼminlash;

b) shahar va qishloq oʻrtasidagi turmush sifatidagi tafovutni bartaraf etish — kambagʻal, kambagʻallik xavfi ostida boʻlgan va iqlim oʻzgarishi taʼsiri yuqori boʻlgan shahar va qishloq joylari oʻrtasidagi tafovutni kamaytirish dasturlarini ishlab chiqish;

v) yoshlarning innovatsion “startap” loyihalarini qoʻllab-quvvatlash — iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yoshlar bandligini ragʻbatlantirish uchun innovatsiyalar va startaplarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish;

g) taʼlim sifati va natijadorligini oshirish — bolalar, yoshlar va ayollarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning inklyuziv taʼlimini taʼminlash, sifati va qamrovini oshirish;

d) ijtimoiy himoya tizimining qamrovini va samaradorligini oshirish:

odamlar farovonligini oshirish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

sogʻliqni saqlash xizmatlarini rivojlantirish va sifatini oshirish;

e) oʻtish davri sharoitida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish — kichik va oʻrta korxonalarining oʻsishini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, munosib va xavfsiz ish oʻrinlarini yaratish uchun ularning legallashuvini qoʻllab-quvvatlash.

2.7. Tarmoqlararo tematik yoʻnalishlar

2.7.1. “Yashil” oʻsish boʻyicha salohiyatni oshirish va inson kapitalini rivojlantirish

Ustuvor yoʻnalishlar:

a) davlat organlari va tashkilotlari boshqaruv xodimlarining boshqarish, rejalashtirish vakolatlarini takomillashtirish — manfaatdor vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari uchun barqaror boshqaruv masalalari boʻyicha treninglar oʻtkazish;

b) “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha harakatlar va chora-tadbirlarni rejalashtirish, amalga oshirish, natijalarini baholash boʻyicha davlat va xususiy tashkilotlarning texnologik vakolatlarini mustahkamlash — manfaatdor davlat organlari va xususiy tashkilotlarning oʻrta va texnik xodimlari uchun treninglar oʻtkazish;

v) “yashil” oʻsish, iqlim oʻzgarishiga barqarorlik boʻyicha trenerlarni tayyorlash — salohiyatni oshirish boʻyicha taʼlim, ilmiy-tadqiqot va boshqa muassasalar uchun instruktorlarni tayyorlash uchun qisqa muddatli kurslarini ishlab chiqish va oʻtkazish;

g) kichik grantlar ajratish orqali xususiy tijorat va notijorat tashkilotlarda oʻqitish va maslahat xizmatlarini koʻrsatishni qoʻllab-quvvatlash — xususiy tijorat va notijorat tashkilotlar uchun “yashil” iqtisodiyot masalalari boʻyicha ochiq maʼruzalar, konferensiyalar va seminarlar oʻtkazish xarajatlarini qoplashga qaratilgan kichik grantlar taqdim etish;

d) taʼlim tashkilotlarining tegishli oʻquv rejalariga “yashil” iqtisodiyot mavzularini kiritish — tegishli taʼlim tashkilotlarida mavjud fanlar doirasida “yashil” iqtisodiyot amaliyoti va tamoyillariga oid mavzularini kiritish;

e) “yashil” iqtisodiyot onlayn markazini tashkil etish — “yashil” iqtisodiyot, uning qonunchilik bazasi, oʻtmish va kelajakdagi faoliyati, ilgʻor xalqaro tajribalar va “yashil” oʻsishning boshqa jihatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida jamlagan elektron platforma yaratish;

j) Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “yashil” iqtisodiyot va barqaror biznes yoʻnalishlarida mutaxassislarni tayyorlash — Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Yashil” iqtisodiyot va barqaror biznes” fakultetini (kafedrasini) ochish;

z) “yashil” rivojlanish tadqiqot jamgʻarmalarini joriy etish — Oʻzbekistonda “yashil” oʻsish sohasidagi tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan jamoat fondini ishga tushirish.

2.7.2. “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun qulay siyosiy muhit yaratish, samarali institutlarni joriy qilish

Ustuvor yoʻnalishlar:

a) “yashil” iqtisodiyot boʻyicha tajriba, maʼlumot va resurslarni birlashtirish orqali hukumatlar oʻrtasida muvofiqlashtirishni yaxshilash, samarali institutsional tuzilmani yaratish — haqiqiy maʼlumotlarga asoslanib, tahlil va monitoring oʻtkazish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida atrof-muhit va iqtisodiyot boʻyicha maʼlumotlarni yagona bazaga birlashtirish;

b) tarmoq strategiyalarini “yashil” rivojlanish maqsadlari bilan muvofiqlashtirish — moliyalashtirish uchun asosiy “yashil” infratuzilmalarni aniqlaydigan xarajatlar smetasi yoki investitsiya rejalarini qamrab oladigan tarmoq strategiyalarini “yashil” iqtisodiyot va “yashil” rivojlanishning maqsadlari va strategik doiralari bilan muvofiqlashtirish;

v) iqtisodiy faoliyatni ekologik tartibga solish bilan uygʻunlashtirish:

“yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun zarur boʻlgan asosiy tamoyillarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ekologik tartibga solish choralarini birlashtirish (axborotdan foydalanish, jamoatchilik ishtiroki, “ifloslantiruvchi toʻlaydi” tamoyili, ekologik adolat va boshqalar);

iqtisodiyotdagi taʼsiri atrof-muhitga zararli boʻlishi mumkin boʻlgan asosiy tarmoqlar uchun atrof-muhitni strategik baholash tizimini ishlab chiqish;

g) “yashil” iqtisodiyotni modellashtirish va prognozlash vositalarini ishlab chiqish — iqtisodiyot va atrof-muhit oʻrtasidagi uzoq muddatli oʻzaro taʼsirlarni prognozlash uchun iqtisodiy modelni yaratish;

d) “yashil” iqtisodiyot boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash va boshqarishni takomillashtirish;

e) Iqlim oʻzgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimini (MRV) joriy etish — barcha issiqxona gazlarini qamrab oluvchi Oʻzbekistonning monitoring, hisobot va tekshirish tizimini (MRV) modernizatsiya qilish va takomillashtirish, davlatning iqlim sohasidagi siyosatini xalqaro hamjamiyat tomonidan moslashtirish va qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish;

j) fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining “yashil” iqtisodiyot toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanishini osonlashtirish — koʻplab korxonalar tomonidan atrof-muhit toʻgʻrisidagi oʻz maʼlumotlarini nashr etilishiga koʻmaklashish maqsadida ekologik masalalarga doir axborotdan foydalanishni osonlashtirish;

z) “yashil” rivojlanish boʻyicha davlat siyosatini baholash — “yashil” rivojlanish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish siyosatini tizimli baholab borish;

i) “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni amalga oshirish boʻyicha parlament va fuqarolar oldida muntazam hisobot berib borish — “yashil” iqtisodiyotga oʻtishning borishi, harakatsizlik bilan bogʻliq xavf-xatarlar, ijro etuvchi davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan asosiy chora-tadbirlar toʻgʻrisida parlament va fuqarolarga muntazam hisobot berish;

k) kelajakdagi muammolarni hal qilish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoalarning salohiyatini mustahkamlash — QTE texnologiyalarini aniqlash, ishlab chiqish va amalga oshirish, quyosh, shamol va gidroenergetika sohalarida QTE yoʻnalishidagi investitsiyalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini topish orqali energetika xavfsizligini oshirish;

l) xususiy sektor va fuqarolik jamiyatining ishtirokini kuchaytirish — jamiyatning barcha manfaatdor tomonlari oʻrtasida “yashil” rivojlanish masalalari boʻyicha fikr almashishni takomillashtirish va ragʻbatlantirish.

2.7.3. Tashqi va ichki “yashil” moliyalashtirish oqimlarini koʻpaytirish

Ustuvor yoʻnalishlar:

a) “yashil” iqtisodiy infratuzilmaga katta miqdordagi davlat kapitalini yoʻnaltirish — davlat kapital mablagʻlarini bosqichma-bosqich “yashil” iqtisodiyot infratuzilmasiga yoʻnaltirish, shuningdek, infratuzilmaga boʻlgan ehtiyojlarni va moliyalashtirishdagi boʻshliqlarni aniqlash;

b) “jigarrang” iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar va subsidiyalardan voz kechish — qazilma yoqilgʻi energiyasini bevosita va bilvosita qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat subsidiyalaridan voz kechish;

v) soliq yukini korxonalar va uy xoʻjaliklaridan atrof-muhitning ifloslanishiga va resurslarning ortiqcha sarflanishiga olib keladigan faoliyatga oʻtkazish:

yoqilgʻi soligʻi hamda ekologik toza yoqilgʻi va resurslardan foydalanishni qoʻllab-quvvatlash kabi stimullarni yaratish maqsadida soliq tizimini takomillashtirish;

“yashil” texnologiyalarga va infratuzilmaga investitsiya kiritish orqali “yashil” ish oʻrinlarini yaratishni ragʻbatlantirish;

g) atrof-muhit ifloslanishi uchun belgilangan toʻlovlar tizimini xususiy sektor uchun qulayroq qilish nuqta nazaridan qayta koʻrib chiqish va shu bilan birga “yashil” texnologiyalarni joriy etish uchun koʻproq ragʻbatlantirish choralarini belgilash:

ifloslanishni kamaytiruvchi texnologiyalarga investitsiyalarni kiritishni yanada ragʻbatlantirish maqsadida ifloslanish uchun belgilangan yigʻim stavkasini oshirish va ifloslantiruvchi moddalar roʻyxatini kengaytirish orqali atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun yigʻim tizimini takomillashtirish;

“ifloslantiruvchi — toʻlaydi” mexanizmini takomillashtirish orqali “yashil” texnologiyalarga investitsiyalarni ragʻbatlantirish;

d) soliqlar va davlat xarajatlarining “yashil” iqtisodiyotga muvofiqligi va taʼsiri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni baholash va oshkor qilish uchun “yashil” budjet metodologiyasini joriy etish — “yashil” ustuvor yoʻnalishlarga ijobiy yoki salbiy taʼsir koʻrsatadigan soliqlar va davlat xarajatlari ulushini baholash uchun “yashil” budjet metodologiyasini joriy etish;

e) barqaror rivojlanish mezonlari asosida xaridlar boʻyicha qarorlarni asoslash uchun “yashil” davlat xaridlarini joriy etish — mahalliy “yashil” tovarlar bozorini qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarishda barqaror standartlarni ilgari surish va davlat xaridlarining iqtisodiy samaradorligini oshirish maqsadida tender va shartnomalarda ekologik mezonlardan foydalanishga ruxsat beradigan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning taʼsirini kuchaytirish;

j) “Yashil” obligatsiyalar orqali “yashil” infratuzilmaga xususiy kapitalni jalb qilish — “yashil” moliyalashtirishni yanada kengroq targʻib qilish uchun ragʻbatlantirish va arxitektura yaratish orqali xususiy sektorni “yashil” korxonalarga investitsiya kiritishga yoʻnaltirish;

z) davlat korxonalarini “yashil” iqtisodiyot yetakchilariga aylantirish uchun davlat balansidan foydalanish — “yashil” investitsiyalar hamda barqaror standartlar va sertifikatlash boʻyicha rejalashtirish, qabul qilish yoki hisobot berishni ragʻbatlantirish maqsadida davlat korxonalari ustidan davlat nazorati amaliyotini takomillashtirish.

3-bob. Amalga oshirish mexanizmi. Idoralararo hamda xalqaro moliya institutlari va rivojlantirish boʻyicha tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish

3.1. Dastur Harakatlar rejasi hamda milliy va tarmoq rivojlanish strategiyalarida belgilangan tadbirlar asosida amalga oshiriladi.

3.2. “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hamda boshqa chet ellik donorlarning kredit va grantlari hamda iqlim bilan bogʻliq boshqa resurslar, shuningdek, xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi mumkin.

3.3. Dasturni amalga oshirishga barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻz-oʻzini boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor, shuningdek, aholi jalb qilinadi.

Bunda, Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishi va “yashil” oʻsishni taʼminlash doirasidagi manfaatdor tomonlarning oʻzaro munosabatlarini muvofiqlashtirish quyidagicha amalga oshiriladi:

Idoralararo kengash — Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasining samarali amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha vazirlik va idoralarning ishini samarali tashkil etishni taʼminlaydi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi — Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va rivojlantirish boʻyicha vakolatli organ va Idoralararo kengashning ishchi organi hisoblanib, ushbu yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi — Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy baholab borish, texnik va moliyaviy koʻmak jalb etish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish manbalarini shakllantirishga yordamlashadi;

Texnik kotibiyat — Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi faoliyatini tashkil qiladi, Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda uni Idoralararo kengash bilan oʻzaro muvofiqlashtirishga koʻmaklashadi;

Idoralararo ishchi guruhlar — vazirlik va idoralar hamda xorijiy ekspertlardan tashkil topgan boʻlib, Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan choralarning tarmoqlar va hududlar kesimida amalga oshirilishini tashkil etadi.

4-bob. Monitoring va baholash (M&E). Kutilayotgan natijalar

4.1. Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli bajarilishini muvofiqlashtirish, monitoring qilish va baholash ishlari quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar — har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga Harakatlar rejasi hamda tarmoqlar kesimidagi resurs tejash dasturlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish holati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini idoralararo muvofiqlashtiradi, har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar umumlashgan tahliliy maʼlumotlarni Idoralararo kengashga kiritadi;

Idoralararo kengash har chorak yakuni bilan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga maʼlumot kiritadi.

4.2. Amalga oshirilgan ishlar samaradorligi va natijadorligi Dasturga ilovada keltirilgan 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar asosida baholanadi.

Monitoring va baholash Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan Idoralararo ishchi guruhi vositasida amalga oshiriladi.

Monitoring va baholash ishlarini amalga oshirish uchun tarmoqlar, hududlar va har bir ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha kutilayotgan natijalar va maqsadli koʻrsatkichlar matritsasi ishlab chiqiladi. Mazkur matritsa va koʻrsatkichlar asosida tizimli monitoring va baholash ishlari yoʻlga qoʻyiladi.

4.3. 2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi va Dasturni amalga oshirish natijasida 2030-yilgacha mamlakatda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash boʻyicha quyidagilarga erishish kutiladi:

issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan koʻprogʻiga yetkazish;

sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;

yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish;

iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sugʻorish texnologiyasini joriy etish;

yiliga 200 million koʻchat ekish va koʻchatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;

respublika oʻrmon fondi zaxiralari koʻrsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;

hududlarda yangi 600 ta chiqindi toʻplash shoxobchalarini tashkil etish.

(4.3-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi PF-149-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)

2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash dasturiga ILOVA

2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash boʻyicha

T/r Koʻrsatkichlar Oʻlchov birligi 2022-yil 2024-yil 2026-yil 2028-yil 2030-yil 1. Yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan energiya hajmini kamaytirish (2021-yilga nisbatan) % 5,0 14,0 22,0 27,0 30,0 2. Sanoatda elektr energiyasi isteʼmoli, umumiy isteʼmoldagi ulushi % 26,0 25,0 23,0 21,0 20,0 3. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushini kengaytirish (gidroenergetika bilan birga) % 8,0 9,0 24,3 29,0 30,5 kVt/s 6,5 8,6 25,0 34,0 40,7 4. Kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish MVt 10,0 150,0 400,0 800,0 1500,0 5. Yaxshilangan ichimlik suv manbalaridan foydalanish imkoniyatiga ega aholi, jami aholi soniga nisbatan % 69,7 80,93 87,12 88,5 90,0 6. Oʻrmon fondi hududlarida daraxt va butalar zaxiralarini koʻpaytirish mln.m-3 64,2 68,1 77,0 85,5 92,3 7. “Yashil makon” loyihasi doirasida shaharlardagi yashil maydonlarni kengaytirish (aholi punktining umumiy maydoniga nisbatan) % 8,3 12,4 15,8 23,8 30,0 8. Hududlarda yangi 600 ta chiqindi toʻplash shaxobchalarini tashkil etish dona - 50 200 400 600

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi PF-149-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga 2-ILOVA

Sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va energiya tejamkorligini taʼminlash

Soʻnggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya resurslariga boʻlgan talabning ortib borishi energiya resurslaridan samarali va tejamkorlik bilan foydalanishni taqozo etmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlarining yirik energiya sarflovchi korxonalarida energiya samaradorligini oshirish va yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

Shu bilan birga, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida sanoat tarmoqlarida yoʻqotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish boʻyicha quyidagi topshiriqlar belgilandi:

sanoat tarmoqlarida 3,9 mlrd metr kub tabiiy gaz, 4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi va 21 ming tonna neft mahsulotlarini tejash orqali energiya sigʻimini 20 foizga, shu jumladan 2022-yilda 5 foizga kamaytirish;

bino va inshootlarda energiya samaradorligini 30 foizga oshirish;

har bir tarmoq kesimida resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish va energiya tejamkorligi dasturlarini ishlab chiqish;

chiqindisiz ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish.

Iqtisodiyot tarmoqlari va faoliyat turlari boʻyicha iqtisodiyotning energiya sarfi (energiya sigʻimi) 2026-yilga borib 22 foizga kamaytiriladi.

1-bob. Konsepsiyaning maqsadi va vazifalari

Konsepsiya respublika iqtisodiyotining raqobatbardoshligini, moliyaviy barqarorligini, energetik va ekologik xavfsizligini oshirish, shuningdek, energiya tejash salohiyatini koʻtarish, modernizatsiya qilish, texnologik rivojlantirish va yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona foydalanish hamda energiya samaradorligini oshirish orqali aholi turmush darajasini va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.

Energiya samaradorligini oshirish va yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biri sifatida qaralib, ushbu yoʻnalishda sezilarli darajada oʻsishga faqat maqsadli dasturlarni amalga oshirish orqali erishish mumkin.

Konsepsiya iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha energiya resurslarining barcha ishlab chiqaruvchilari va isteʼmolchilariga tatbiq etiladi.

Konsepsiya yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarining energiya samaradorligini oshirish va energiya tejamkorligiga erishishdagi majburiyatlarini belgilab beradi, yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona foydalanish hamda ularning sarfini optimallashtirishni talab qiladi.

Ishlab chiqarish, muhandislik va ijtimoiy infratuzilmaning koʻp energiya sarflaydigan uskuna va qurilmalarini modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha koʻp yillik tizimli tadbirlarni bajarish energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, energiya tejamkorligiga erishishning asosiy mexanizmi hisoblanadi.

2-bob. Energiya samaradorligini oshirish va energiya tejamkorligiga erishish sohasida huquqiy tartibga solishning asosiy yoʻnalishlari

Respublikada energiya samaradorligini oshirish va energiya tejamkorligiga erishish sohasi:

“Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonun;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4422-son qarori;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilgʻi-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4779-son qarori bilan tartibga solinadi.

Hukumat tomonidan korxonalarda energiya auditini oʻtkazish tadbirlarini amalga oshirish tartibi belgilab berilgan.

Shuningdek, mazkur masala Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha respublika komissiyasining qarorlari asosida tartibga solinadi.

3-bob. Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha belgilanadigan tadbirlarning qisqacha tavsifi

Iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari oʻziga xosligini inobatga olgan holda, Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha alohida tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan:

sanoat korxonalarida energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish, yangi zamonaviy, innovatsion, energiya samaradorligini oshirishni taʼminlaydigan energiya tejovchi, shu jumladan xorijiy texnologiyalarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, texnik qayta jihozlashga qaratilgan istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish choralarini koʻrish;

issiqlik taʼminoti tashkilotlari hamda kommunal sohada energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish;

qishloq xoʻjaligi, transport va qurilish sohalari tashkilotlarida ixtiyoriy va majburiy energiya auditini oʻtkazish hamda ularning energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarini ishlab chiqish hamda bajarilishini taʼminlash;

iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida ushbu tadbirlarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hamda mahalliy investorlarning mablagʻlarini jalb etish;

2026-yilga qadar idora, tashkilot hamda korxonalarning bino va inshootlari uchun sarflanayotgan elektr energiyasining kamida 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplash choralarini koʻrish;

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasida rahbarlar va mutaxassislarni tayyorlash hamda malakasini oshirish;

energiya tejash va energiya samaradorligini oshirishni monitoring qilish tizimlarini joriy etish;

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirishning uslubiy va axborot taʼminoti hamda ushbu yoʻnalishda xodimlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish.

1. Energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirishning asosiy tashkiliy chora-tadbirlari:

a) sanoat korxonalarida:

har bir ishlab chiqarish sexida zaruratga qarab energiya resurslarini hisobga olish tizimini shakllantirish (texnik nazorat hisoblagichlarini oʻrnatish);

ishlab chiqarish korxonalarida belgilangan tartibda energiya auditi oʻtkazilishini taʼminlash va uning natijalari asosida ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshirish (ishlab chiqarish texnologiyasini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturlari) boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

sohaning korxona va tashkilotlarida foydalanishda boʻlgan ayrim uskunalar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari sarfining progressiv meʼyorlarini aniqlash va joriy etish;

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirishning asosiy elementlarini, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali energiya tejash va energiya samaradorligini oshirish vazifalarini hal etish;

korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulot birligiga sarf qilinadigan yoqilgʻi-energetika resurslarini meʼyorlashni tashkil etish;

b) issiqlik taʼminoti tashkilotlari hamda kommunal sohada:

sohaning korxona va tashkilotlarida foydalanishda boʻlgan ayrim uskunalar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari sarfining progressiv meʼyorlarini aniqlash va joriy etish;

yagona issiqlik dispetcheri orqali markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimlarini boshqarishni joriy qilish;

issiqlik taʼminoti sohasidagi tarif siyosatini energiya resurslarini iqtisod qilish nuqtai nazaridan takomillashtirish, shu jumladan issiqlik isteʼmolchilarini issiqlik taʼminoti tashkilotlari bilan ikki qismli tariflar asosida hisob-kitob qilishga oʻtkazish, isteʼmolchilarda issiqlik energiyasi (issiq suv) sarfini oʻlchash vositalari toʻliq oʻrnatilishini taʼminlash;

issiqlik taʼminoti sifatini yaxshilash, issiqlik energiyasi sifati koʻrsatkichlarini joriy etish, issiqlik taʼminoti tashkilotlari va isteʼmolchilar tomonidan isteʼmol rejimlariga rioya etilishini monitoring qilish;

markazlashgan isitish tizimlari ish rejimlarini optimallashtirish maqsadida issiqlik taʼminoti tarmoqlarida hamda bino va inshootlarda issiqlik himoyasini yaxshilash boʻyicha kompleks tadbirlarni bajarish (yangi qurilayotgan bino va inshootlarda energiya samarador va energiya tejamkor qurilish materiallaridan foydalanish, mavjud binolarda issiqlik himoyasini yaxshilash boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish);

qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, samaradorligi past boʻlgan qozonxonalarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish, uzluksiz gaz taʼminoti mavjud hududlarga kogeneratsion gaz turbinali uskunalardan foydalangan holda, issiqlik yukini samarali kogeneratsiyaga oʻtkazish orqali issiqlik ishlab chiqarish uchun yoqilgʻi sarfini kamaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;

korxonalarda koʻrsatilayotgan xizmatlar va ishlab chiqarilgan mahsulot birligiga sarf qilinadigan yoqilgʻi-energetika resurslarini meʼyorlashni tashkil etish;

v) qishloq xoʻjaligida:

zamonaviy, yuqori samarali va resurs tejaydigan texnologiyalardan foydalanish, texnik va texnologik modernizatsiya qilinishiga erishish hamda qishloq xoʻjaligi mashinalarini yangilash asosida energiya samaradorligini oshirish;

energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalarni hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joriy etish orqali ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini pasaytirish;

sohaning korxona va tashkilotlarida foydalanishda boʻlgan ayrim uskunalar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari sarfining progressiv meʼyorlarini aniqlash va joriy etish;

qishloq xoʻjaligi korxona va tashkilotlarida foydalanilgan energiya resurslarining hisobga olish tizimini toʻlaqonli tashkil etish (hisoblagichlarni toʻliq oʻrnatish), ekin maydonlarini sugʻorish uchun foydalaniladigan nasoslarda isteʼmol qilingan elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ega boʻlgan suvni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish hamda ularni integratsiyalashni taʼminlash;

g) transport sohasida:

barcha turdagi transport vositalari uchun sarf qilinadigan energiya resurslari meʼyorlarini ishlab chiqish;

sohaning korxona va tashkilotlarida foydalanishda boʻlgan ayrim uskunalar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari sarfining progressiv meʼyorlarini aniqlash va joriy etish;

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hamda mahalliy investorlarning mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrish;

d) qurilish sohasida:

bino va inshootlar qurilishida hamda aholi turar joylarida energiya samaradorligini oshirish va energiyani tejashning meʼyoriy koʻrsatkichlarini ishlab chiqish va joriy etish;

sohaning korxona va tashkilotlarida foydalanishda boʻlgan ayrim uskunalar uchun yoqilgʻi-energetika resurslari sarfining progressiv meʼyorlarini aniqlash va joriy etish;

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hamda mahalliy investorlarning mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrish;

e) davlat boshqaruvi idoralari faoliyati va xizmat koʻrsatish sohasida:

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasida hududiy (viloyat, tuman va shahar) va idoraviy dasturlarni, shuningdek, davlat tashkilotlarida energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasida yillik chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlash;

elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti va (yoki) boshqa energiya resurslari taʼminotida hisobga olish tizimining qonunchilik talablariga muvofiqligini taʼminlash;

xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning ixtiyoriy va majburiy energetik tekshiruvlarini (energiya auditini) oʻtkazish;

oʻtkazilgan ixtiyoriy va majburiy energetika tekshiruvlari (energiya auditi) natijalari boʻyicha energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish yuzasidan tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish hamda bajarilishini taʼminlash.

2. Energiyani tejash va energiya samaradorligini monitoring qilish tizimlarini joriy etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar:

iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha korxona, vazirlik va idoralardagi asosiy qurilmalarning texnik koʻrsatkichlari, energiya resurslarining isteʼmol hamda ishlab chiqarish hajmlari (tannarxni) va moliyaviy koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan maʼlumotlar bazasini yaratish hamda uning asosida yagona axborot tahlil tizimini yoʻlga qoʻyish;

integratsiyalashgan axborot tahlil tizimi maʼlumotlari asosida iqtisodiyot tarmoqlari va faoliyat turlari boʻyicha energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish yuzasidan muntazam monitoring olib borish;

monitoring natijalari asosida yuqori malakali ekspertlarni jalb etgan holda korxonalarga energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha tegishli tavsiyalar berib borish tizimini tashkil etish;

energetika tekshiruvlarini oʻtkazuvchi korxonalar (energiya auditorlari) va energiya-servis korxonalari faoliyatini tashkil etish hamda monitoring qilish tizimini joriy etish.

3. Energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha uslubiy va axborot taʼminoti hamda xodimlarni ushbu yoʻnalishda tayyorlash, malakasini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar:

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasida yagona axborot tizimini yaratish hamda uning doimiy faoliyatini taʼminlash;

vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlarida energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishga masʼul boʻlgan xodimlarni tayinlash, ushbu yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, energetika menejmenti sohasida oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bazasida yirik tashkilotlar rahbar va xodimlarining malaka oshirishini taʼminlash;

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha uslubiy, meʼyoriy va axborot hujjatlarini tayyorlash, vazirlik, idoralar va tashkilotlarga yetkazish hamda qoʻllanilishi yuzasidan monitoring oʻtkazish;

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish, yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolini kamaytirish sohasidagi eng samarali loyihalarni tanlab olish va ularning amalda tatbiq etilishini taʼminlash;

Konsepsiya amalga oshirilishi boʻyicha monitoring tizimini joriy etish va uni takomillashtirish;

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasida rivojlangan davlatlarning eng soʻnggi texnik va tashkiliy yechimlarini qoʻllash boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi xalqaro tajribani oʻrganish hamda tatbiq etish choralarini koʻrib borish.

4-bob. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish hamda energiya tejamkorligini taʼminlash yuzasidan asosiy tashkiliy-iqtisodiy tadbirlar

Asosiy tashkiliy-iqtisodiy tadbirlar quyidagilardan iborat:

energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha tadbirlar amalga oshirilishiga masʼul boʻlgan xodimlarni tayinlash, ushbu yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlash va rivojlangan davlatlarda ularning malaka oshirishini tashkil etish;

energiya samaradorligini oshirish va energiya tejamkorligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan tadbirlarning amaldagi qoidalarga va standartlarga muvofiqligini aniqlash maqsadida tahlillar oʻtkazish;

muntazam ravishda energetik tekshiruvlar (energiya auditini) oʻtkazilishini taʼminlash, shuningdek, yoqilgʻi-energetika resurslarining meʼyoriy sarfiga qatʼiy rioya etish;

ishlab chiqarilayotgan mahsulot va koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun sarflanayotgan yoqilgʻi-energetika resurslari yoʻqotishlarini qisqartirishga hamda energiya samaradorlikka erishgan korxonalarda masʼul xodimlarga nisbatan ragʻbatlantirish, shuningdek, yoqilgʻi-energetika resurslarining samarasiz sarflanishiga yoʻl qoʻygan korxona va tashkilotlar xodimlariga nisbatan iqtisodiy choralar koʻrish mexanizmlarini ishlab chiqish;

issiqlik tarmoqlarining gidravlik va issiqlik rejimlarini sozlash va avtomatik tartibga solish;

barcha turdagi texnologik qurilmalarda isitish, yoritish, issiq va sovuq suv taʼminoti hamda turar-joy, jamoat va sanoat binolarini ventilyatsiya qilishda energiya sarfini tartibga soluvchi avtomatik tizimlarni joriy etish;

markazlashtirilgan va alohida isitish tizimlarida hamda sanoat korxonalarida issiqlik nasos qurilmalarini joriy etish;

gelio isitkichlar, energiya tejamkor materiallar va konstruksiyalardan foydalanish, issiq suv, shamollatish va yoritish tizimlarini tartibga solish orqali uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida yoqilgʻi-energetika resurslari sarfini qisqartirish.

5-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

Konsepsiyada belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlash bilan iqtisodiyot tarmoqlari va faoliyat turlari boʻyicha ishlab chiqarilgan mahsulotning energiya sigʻimi koʻrsatkichini 2026-yilga kelib 2022-yilga nisbatan 20 foizga kamaytirishga erishiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga 3-ILOVA

2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga 4-ILOVA

2022 — 2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash

Izoh:

Idoralararo kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Zarur hollarda, Idoralararo kengash ishiga boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari jalb qilinishi mumkin.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga 6-ILOVA

“Yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsish boʻyicha Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi

1. I. Norqulov — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari, guruh hamrahbari 2. Sh.Xodjayev — energetika vaziri oʻrinbosari, guruh hamrahbari 3. Sh. Adrian — Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari 4. M. Dimovska — BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili 5. M. Mantovanelli — Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 6. S. Malvichini — Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 7. A. Drakinos — Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 8. V. Kaupin — Fransiya taraqqiyot agentligining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 9. A. Rassell — Global yashil oʻsish institutining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 10. Sh. Umarov — BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 11. Yo. Pudelka — Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining Oʻzbekistondagi mamlakat boʻyicha direktori 12. Lavozimi boʻyicha — Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 13. Lavozimi boʻyicha — Koreya xalqaro hamkorlik agentligining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 14. Lavozimi boʻyicha — Yevropa investitsiya bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 15. Lavozimi boʻyicha — BMT Atrof-muhit boʻyicha dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 16. Lavozimi boʻyicha — BMT sanoatni rivojlantirish tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari 17. Lavozimi boʻyicha — manfaatdor xorijiy tashkilotlarning vakolatxona rahbarlari

Izoh:

Muvofiqlashtirish guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Zarur hollarda Muvofiqlashtirish guruhi ishiga boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari jalb qilinishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga 7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 6-dekabrdagi “Kioto protokolining Musaffo rivojlanish mexanizmi doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-525-son qarorida:

a) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

Kioto Protokolining Musaffo rivojlanish mexanizmi boʻyicha Idoralararo kengash TARKIBI

Izoh: Idoralararo kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi”;

b) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Idoralararo kengashning jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan kotibiyati TARKIBI

1. Lavozimi boʻyicha — Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Departamenti direktori, Kotibiyat rahbari 2. Lavozimi boʻyicha — Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi 3. Lavozimi boʻyicha — Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshligʻi 4. Lavozimi boʻyicha — Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshligʻi 5. Lavozimi boʻyicha — Moliya vazirligi boshqarma boshligʻi 6. Lavozimi boʻyicha — Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshligʻi 7. Lavozimi boʻyicha — Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi 8. Lavozimi boʻyicha — Gidrometeorologiya xizmati markazi boshqarma boshligʻi

Izoh: Kotibiyat aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-maydagi “2017 — 2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-3012-son qarori 2-bandining birinchi xatboshisidagi “Iqtisodiyot vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4422-son qarorida:

a) 4-bandning birinchi xatboshisi, 7-bandning uchinchi xatboshisi va 9-bandning birinchi xatboshisidagi “Iqtisodiyot va sanoat” soʻzlari “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 11-bandda:

birinchi xatboshidagi “D” toifadagi” soʻzlari “B” va undan quyi toifadagi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

ikkinchi xatboshidagi “D” soʻzi “B” soʻzi bilan almashtirilsin;

v) 4a-ilovaning nomidagi “D” soʻzi “B” soʻzi bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi “2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4477-son qarorida:

a) 2-bandning “b” kichik bandi va 3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) 4-bandning birinchi xatboshisidagi “Iqtisodiyot va sanoat” soʻzlari “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 5-bandda:

uchinchi xatboshidagi “iqtisodiyot va sanoat vaziriga (B.A. Xodjayev)” soʻzlari “iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziriga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshidagi “(A.S. Sultanov)”, beshinchi xatboshidagi “(J.A. Xodjayev)”, oltinchi xatboshidagi “(Sh.R. Xamrayev)” va “(M.X. Saliyev)”, yettinchi xatboshidagi “(B.T. Qoʻchqorov)” soʻzlari chiqarib tashlansin;

g) 1-ilovada:

8-bandning uchinchi xatboshisidagi “5” raqami “3” raqami bilan almashtirilsin;

25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“25. Strategiyani amalga oshirish natijasida 2030-yilga borib quyidagilarga erishish kutiladi:

issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan koʻprogʻiga yetkazish;

sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;

yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish;

iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sugʻorish texnologiyasini joriy etish;

yiliga 200 million koʻchat ekish va koʻchatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;

respublika oʻrmon fondi zaxiralari koʻrsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;

hosil boʻladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizdan oshirish”;

d) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 10-yanvardagi 9-son qarori bilan tasdiqlangan Kioto Protokolining Musaffo rivojlanish mexanizmi doirasida investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi beshinchi xatboshisidagi “Iqtisodiyot vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-sentabrdagi 258-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlatilgan texnik moylarni topshirish, toʻplash, ular uchun hisob-kitob qilish, ularni saqlash va tashish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ishlatilgan texnik moylarni topshirish, toʻplash, ular uchun hisob-kitob qilish, ularni saqlash va tashish SXEMASI

”.

7. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-fevraldagi “Ishlatilgan texnik moylarni topshirish, toʻplash, ular uchun hisob-kitob qilish, ularni saqlash va tashish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi 78-son qaroriga ilovaning 7-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.