Respublikada yer osti suvlaridan foydalanish va quduq burgʻilash tizimini yanada takomillashtirish, yer osti suv resurslarini muhofaza qilish boʻyicha davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi orasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini keng targʻib qilish, ularning miqdor jihatdan kamayib ketishi va ifloslanishining oldini olish hamda pirovard natijada aholini uzoq muddatli istiqbolda sifatli ichimlik suv bilan taʼminlash maqsadida:
1. Yer osti suvlariga quduq burgʻilash va ulardan foydalanish boʻyicha moratoriy joriy etiladigan, yer osti suvlari sathi pasayib ketayotgan hududlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
a) yer osti suvlarining koʻp yillik oʻrtacha sathiga nisbatan suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerlarni sugʻorish va ishlab chiqarish maqsadlariga gidrogeologik xulosa berish, yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sugʻorish taqiqlanadi, bundan tasdiqlangan davlat dasturlari doirasida va jismoniy shaxslar tomonidan chuqurligi 25 metrgacha boʻlgan quduqlarni burgʻilash hamda sutkasiga 5 metr kubgacha hajmdagi yer osti suvlarini shaxsiy ehtiyojlar uchun yakka tartibda olish mustasno;
b) yer osti suvlarining koʻp yillik oʻrtacha sathiga nisbatan suv sathi 5 metrgacha pasaygan hududlarda yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilashga gidrogeologik xulosa va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat geologiya qoʻmitasi) tomonidan:
qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini sugʻorish maqsadlari uchun — suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish shartlari bilan Suv xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda;
ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun — hududiy rivojlantirish dasturlari va suvdan tejamli foydalanish shartlariga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishilgan holda beriladi;
v) qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suv tejovchi texnologiyalardan (tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret va boshqalar) foydalanilmaganda burgʻi quduqlaridan foydalanishni taqiqlash Davlat geologiya qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) tomonidan amalga oshiriladi.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-apreldan boshlab:
yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash uchun ruxsatnoma berishning amaldagi tartibi bekor qilinadi hamda Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga (keyingi oʻrinlarda — burgʻilovchi subyektlar) yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibi joriy etiladi;
burgʻilovchi subyektlarga oʻz tasarrufidagi burgʻilash uskunalarini GPS-trekerlar bilan jihozlash va ularni doimo ishchi holatda saqlash majburiyati yuklatiladi;
qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli texnik hujjatlarga ega boʻlmagan burgʻilash uskunalari yordamida yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash taqiqlanadi va Inspeksiya tomonidan bunday holatlar aniqlangan taqdirda, burgʻilash uskunalarini musodara qilish yuzasidan sudga murojaat etiladi;
yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash faoliyatiga ruxsatnomaning talab va shartlarini bajarmaganlik uning amal qilishini toʻxtatib turishga, gidrogeologik xulosasiz burgʻilash ishlarini olib borish esa ruxsatnomani bekor qilishga asos boʻladi;
yer osti suv olish inshootlariga (burgʻi qudugʻi, buloq kaptaji) ega boʻlgan barcha yer osti suvlaridan foydalanuvchilarga yillik suv olish miqdori toʻgʻrisidagi hisobotni belgilangan tartibda Davlat geologiya qoʻmitasining hududiy gidrogeologiya stansiyalariga topshirish majburiyati yuklanadi;
vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan shakllantiriladigan yer osti suvlari hisobiga suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha istiqbolli dasturlar Davlat geologiya qoʻmitasi bilan kelishilishi shart.
3. Yer osti suv sathi pasayib ketayotgan hududlarda suvdan oqilona foydalanish va suv sathi kamayishining oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Kompleks chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan masʼuliyat tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklansin.
4. Davlat geologiya qoʻmitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda yer osti suvlari holatining, ularda boʻlayotgan oʻzgarishlarning onlayn nazoratini oʻrnatish maqsadida:
2023-yil 1-mayga qadar Davlat geologiya qoʻmitasi tarkibidagi “Oʻzbekgidrogeologiya” DUK tomonidan yer osti suvlari monitoringining raqamli maʼlumotlar bazasi va interaktiv xaritasini tayyorlash boʻyicha zamonaviy uskunalar va dasturiy taʼminotlar bilan jihozlangan situatsion markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilishini;
yaratilgan yer osti suvlaridan foydalanuvchilarning elektron maʼlumotlar bazasi 2023-yil 1-maydan boshlab Davlat soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab fuqarolar yigʻinlari aʼzolari tomonidan oʻzlariga biriktirilgan hududlarda yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash holatlari boʻyicha Inspeksiyaga yoki hududiy gidrogeologiya stansiyalariga xabar berib borilishini taʼminlasin.
6. Belgilansinki, yer osti suvlaridan foydalanuvchilarga:
2024-yil 1-yanvarga qadar yer osti suvlaridan foydalanishning aniq hisobini yuritish maqsadida oʻz tasarrufidagi yer osti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan belgilangan tartibda jihozlash majburiyati yuklatiladi;
2024-yil 1-yanvardan boshlab suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi (bundan jismoniy shaxslarga shaxsiy va xoʻjalik ehtiyojlari uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha boʻlgan miqdorda yer osti suvlarini olish mustasno).
7. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi:
yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suv olish inshootlarida oʻrnatilgan suvni hisobga olish vositalari plombalanishi, roʻyxatga olinishi va ishchi holatining monitoringini taʼminlab borsin;
Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suvni hisobga olish vositalarisiz suv olinganida soliq toʻlovini belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirish choralarini koʻrsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)
8. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat geologiya qoʻmitasining:
hududlarda yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash va ulardan samarali foydalanish sohasida davlat nazoratini kuchaytirish maqsadida Inspeksiya shtat jadvaliga tizim tashkilotlari boshqaruv xodimlari sonini mos ravishda qisqartirish hisobidan 13 ta inspektor lavozimini kiritish;
“Oʻzbekgidrogeologiya” DUK tarkibiga “Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati” davlat muassasasini kiritish orqali respublikada yer osti suvlari hamda xavfli geologik jarayonlarning yagona monitoring tizimini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Davlat geologiya qoʻmitasi:
a) 2023-yil 1-yanvarga qadar yer osti suvlariga quduqlarni noqonuniy burgʻilash va ulardan foydalanish, shuningdek, xavfli geologik jarayonlarning oldini olish boʻyicha koʻrsatma talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish, bunda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarning Inspeksiyaga taalluqliligini belgilash boʻyicha qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) 2023-yil 30-yanvarga qadar yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash faoliyatiga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti hamda yer osti suv olish inshootlarida suvni hisobga olish vositalarini oʻrnatish va ulardan foydalanish tartibini tasdiqlovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi bilan birgalikda yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni aniqlash maqsadida respublikadagi maxsus transport vositalarining (yer osti suvlariga quduqlar burgʻilash uskunalarining) yagona elektron bazasini shakllantirib borsin;
g) suv sathi pasayib ketayotgan hududlarda yer osti suvlari davlat monitoringini kuchaytirsin hamda natijalariga koʻra har yili 1-aprelga qadar quyidagilar boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin:
hududlarda belgilangan cheklov choralarini davom ettirish, yumshatish yoki bekor qilish;
cheklovlar qoʻllanilgan hududlar maydonini oʻzgartirish yoki yangi hududlarni qoʻshish;
qoʻshimcha choralarni qoʻllash hamda mazkur hududlarda yer osti suvlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish bilan bogʻliq boshqa masalalar.
Bunda, Vazirlar Mahkamasi kiritilgan takliflarga muvofiq, moratoriy joriy etilgan hududlar maydoniga va tegishli cheklovlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish choralarini koʻrsin;
d) moratoriy joriy etilgan hududlar toʻgʻrisidagi yillik maʼlumotlar oʻzining rasmiy veb-saytida va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa ochiq manbalarda eʼlon qilib borilishini taʼminlasin;
e) 2023 — 2027-yillarda har yilgi mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish davlat dasturlari doirasida suv sathi pasayib ketayotgan hamda intensiv tarzda ekspluatatsiya qilinayotgan yer osti suv konlari resurslarini tubdan qayta baholash boʻyicha geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirsin.
10. Yer osti suvlari boʻyicha geologik tadqiqotlarni olib borish, suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish sohasida ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish maqsadida Davlat geologiya qoʻmitasi sohaga oid tajribali konsultantlar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda “Oʻzbekgidrogeologiya” DUKning tarkibiy boʻlinmasi sifatida yer osti suvlarining holatini monitoring qilish va ulardan samarali foydalanish, aholi va obyektlarni roʻy berishi mumkin boʻlgan xavfli geologik jarayonlardan muhofaza qilishga qaratilgan Davlat geologik monitoring xizmati faoliyatini yoʻlga qoʻysin;
2023-yilgi mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish davlat dasturi loyihasida Davlat geologik monitoring xizmatini tubdan modernizatsiya qilish maqsadida zamonaviy aloqa, mobil laboratoriya, oʻlchov-kuzatuv qurilmalari, asbob-uskuna hamda avtotransport vositalari bilan taʼminlashni nazarda tutsin;
2023-yil 1-aprelga qadar oʻz tasarrufidagi gidrogeologiya korxonasining burgʻilash uskunalarini GPS-trekerlar bilan jihozlashni hamda ularning onlayn rejimda monitoringini yoʻlga qoʻysin;
2023-yildan boshlab sohadagi xorijiy tashkilotlar bilan tizimli ravishda tajriba almashuvini va iqtidorli yosh mutaxassislarning xorijda malakasini oshirishni taʼminlab borsin.
11. Hududlarda yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
bir hafta muddatda mazkur qarorga 3-ilovadan kelib chiqib, tegishli hududlarda yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin;
Inspeksiya, Davlat soliq qoʻmitasi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda doimiy asosda yer osti suv quduqlarini noqonuniy burgʻilash va suv olish holatlari ustidan nazoratni kuchaytirsin va taʼsirchan choralar koʻrib borsin.
13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Davlat geologiya qoʻmitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan tizimli ravishda telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar tayyorlanishi va efirga uzatilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 5-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat geologiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari A.A. Kadirxodjayev, suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari A.S. Nazarov va Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari M.M. Mirzayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Geologiya, kon-metallurgiya sohalari va sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-dekabr,
PQ-439-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439-son qaroriga 1-ILOVA
Yer osti suvlariga quduq burgʻilash va ulardan foydalanish boʻyicha moratoriy joriy etiladigan, yer osti suvlari sathi pasayib ketayotgan hududlar
Izoh: koordinatlar WGS-84 koordinatlar tizimiga muvofiq olingan (aniqligi yuqori boʻlgan oʻn darajada).
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439-son qaroriga 2-ILOVA
Yer osti suv sathi pasayib ketayotgan hududlarda suvdan oqilona foydalanish va suv sathi kamayishining oldini olish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439-son qaroriga 3-ILOVA
Hududlarda yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-116-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2023-y., 06/23/116/0579-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-apreldagi 315-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomda:
(2-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-116-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2023-y., 06/23/116/0579-son)
b) 58-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“58. Uzluksiz ish staji (uzoq muddat uzluksiz xizmati) uchun har oylik ustama faqat asosiy ish joyi boʻyicha har oyda va xodimning lavozim maoshiga belgilangan razryad tarif stavkasiga nisbatan quyidagi foizlarda hisoblanadi:
3. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi “Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar berish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 133-son qarorida:
a) 2-bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun olib qoʻyilayotgan (sotib olinayotgan) yer uchastkasining egasi, foydalanuvchisi, ijarachisi yoki mulkdori bilan kompensatsiya toʻlovlari miqdori va shartlari kelishiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarma mablagʻlari hisobidan kompensatsiya toʻlovlari, shuningdek yer uchastkasini davlat organiga ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlash va berish bilan bogʻliq xarajatlar qoplab beriladi”;
toʻqqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun yer uchastkasini belgilangan tartibda olib qoʻyish (sotib olish), yer uchastkasini ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlash, yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash va uchastka chegaralarini kiritgan holda yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash dalolatnomasini tayyorlash ishlarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar keyinchalik yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmaga ruxsatnoma rasmiylashtirilgunga qadar qoplab beriladi (amalga oshiriladi)”;
b) 1-ilovada:
38-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun belgilangan tartibda olib qoʻyilgan (sotib olingan) yer uchastkasi, yer uchastkasini ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlash, yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash va uchastka chegaralarini kiritgan holda yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash dalolatnomasini tayyorlash ishlarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmaga ruxsatnoma rasmiylashtirilgunga qadar qoplab berilishi lozim”;
55-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun belgilangan tartibda olib qoʻyilgan (sotib olingan) yer uchastkasi, yer uchastkasini ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlash, yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash va uchastka chegaralarini kiritgan holda yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash dalolatnomasini tayyorlash ishlarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmaga ruxsatnoma rasmiylashtirilgunga qadar qoplab berilishi lozim”;
57-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
v) 2-ilovaning 31-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun belgilangan tartibda olib qoʻyilgan (sotib olingan) yer uchastkasi, yer uchastkasini ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlash, yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash va uchastka chegaralarini kiritgan holda yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash dalolatnomasini tayyorlash ishlarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmaga ruxsatnoma rasmiylashtirilgunga qadar qoplab berilishi lozim”;
g) 3-ilovaning 15-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun belgilangan tartibda olib qoʻyilgan (sotib olingan) yer uchastkasi, yer uchastkasini ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlash, yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash va uchastka chegaralarini kiritgan holda yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilash dalolatnomasini tayyorlash ishlarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmaga ruxsatnoma rasmiylashtirilgunga qadar qoplab berilishi lozim”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3578-son qarorining 9-bandi, 10-bandning ikkinchi xatboshisi hamda qarorga 3 va 4-ilovalar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi PQ-4461-son qaroriga ilovaning 5-bandi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Tabiatni muhofaza qilish davlat muassasasi shaklidagi kitob geologiya milliy tabiat bogʻini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4766-son qaroriga ilovaning 2-bandi.