Oʻzbekiston SSJning suveren huquqlarini taʼminlash hamda jumhuriyatning xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy, savdo-sotiq, ilmiy-texnikaviy va madaniy aloqalarini yanada rivojlantirishga oid ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston SSJ Tashqi savdo va xorijiy mamlakatlar bilan aloqa davlat qoʻmitasi tashkil etishni zarur deb hisoblayman.
Ushbu qoʻmita zimmasiga xorijiy mamlakatlar bilan har tomonlama aloqalarni yoʻlga qoʻyish va hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, bozor sharoitini oʻrganish, jumhuriyat hududida tashqi aloqalar qatnashchilari faoliyatini muvofiqlashtirish va manfaatlarini taʼminlash, mahsulot yetkazib berishning belgilangan rejalari va bitimlar bajarilishini nazorat qilish, xorijiy sheriklar ishtirokida qoʻshma korxonalar, uyushmalar, savdo uylari, aksionerlik jamiyatlari tashkil etishda, shuningdek oʻzaro manfaatli shartlarda madaniy, sport, turistik va boshqa xil aloqalarni yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashish vazifasi topshirilsin.
Jumhuriyat Vazirlar Kengashi mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1990-yil 12-iyun,
PF-14-son