PF-162-son Farmon · 10.09.2025

Pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim tashkilotlarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasini taʼsis etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-162
  • Qabul qilingan sana:10.09.2025
  • Kuchga kirgan sana:10.09.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:ҚММБ 06/25/162/0819

Pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan hamda akademik oʻzlashtirishda yuqori natijalarni qayd etgan bilimli va iqtidorli talabalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:

1. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim tashkilotlarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasi taʼsis etilsin.

2. Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasi pedagogika yoʻnalishidagi har bir oliy taʼlim tashkilotining bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan bir nafar oxirgi ikki kurs talabasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida” 1993-yil 5-fevraldagi PF-555-son Farmonida belgilangan talablar asosida tayinlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida”gi PF-555-son Farmoniga ilovaga muvofiq pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim tashkilotlari talabalari uchun Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasini taʼsis etishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 10-sentabr,

PF-162-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-sentabrdagi PF-162-son FarmonigaILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida”gi PF-555-son Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

2-bandda:

birinchi xatboshi “Pahlavon Mahmud,” soʻzlaridan keyin “pedagogika yoʻnalishida — Abdulla Avloniy,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasi pedagogika yoʻnalishidagi har bir oliy taʼlim tashkilotining bir nafar oxirgi ikki kurs talabasiga”;

sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.