HK · 92-modda

92-modda. Yoʻlovchilarni, qoʻl yuki va bagajni tekshirish

Parvozning xavfsizligini taʼminlash, yoʻlovchilarning va havo kemalari ekipajining hayoti va salomatligini saqlash maqsadida aeroport xodimlari, ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati organlariga va bojxona organlariga, bu organlarning vakolatli vakillari yoʻq boʻlgan taqdirda esa — havo kemalarining komandirlari yoki ularning topshirigʻiga binoan ekipajning boshqa aʼzolariga — ichki yoʻnalishlarda ham, xalqaro yoʻnalishlarda ham havo kemalari yoʻlovchilarini, qoʻl yuki va bagajlarni tekshirish huquqi beriladi. Tekshirish aeroportda, shahar aerovokzalida yoxud aerodromda havo kemasining oʻzida bu ish uchun maxsus tayinlangan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Yoʻlovchi tekshiruvdan boʻyin tovlagan taqdirda aviatsiya xizmati koʻrsatuvchi havo transportida tashish toʻgʻrisidagi shartnomani bekor qilishga haqlidir.

Parvozdagi havo kemasida sharoit taqozosi bilan havo kemasi komandirining qaroriga muvofiq yoʻlovchining roziligidan qatʼi nazar, tekshirish oʻtkazilishi mumkin. Ushbu moddada parvozdagi havo kemasi deb yoʻlovchilar yoki yuklar joylashtirilganidan soʻng kemaning barcha tashqi eshiklari yopilgan daqiqadan boshlab, yoʻlovchilarni yoki yuklarni tushirish uchun eshiklardan istalgan biri ochilguncha boʻlgan holatdagi havo kemasi tushuniladi.

Tekshirish oʻtkazish qoidalari va tekshirish oʻtkazishga haqli shaxslar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.