HK · 94-modda

94-modda. Taʼrif

Aeroportlar va havo transportida tashuvchilar tomonidan bajariladigan yoʻlovchilar, qoʻl yuki va yukni belgilangan manzilga yetkazishni bevosita amalga oshirish bilan bogʻliq tadbirlar va operatsiyalar majmui havo transportida tashish deb hisoblanadi. Havo transportida tashish yoʻlovchilar, qoʻl yuki va yuk aeroportda, havo kemasi ichida yoki boshqa uchish-qoʻnish joyida boʻlishidan qatʼi nazar, tashuvchining javobgarligi ostida boʻlgan vaqt mobaynidagi davrni qamrab oladi.

Havo kemasining joʻnash, qoʻnish manzili va nazarda tutilgan barcha oraliq qoʻnish manzillari Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan parvozi chogʻida bajarilgan tashish ishlari havo transportida ichki tashish deb hisoblanadi.

Havo kemasining parvoz davomida yangi yuk olgan-olmaganidan yoki parvozda tanaffus boʻlgan-boʻlmaganidan qatʼi nazar, joʻnash va qoʻnish manzillari:

a) ikki davlat hududida:

b) agar boshqa davlat hududida oraliq qoʻnish manzili (manzillari) nazarda tutilgan boʻlsa, bir davlat hududida bajariladigan parvozlari chogʻidagi tashish ishlari havo transportida xalqaro tashish deb hisoblanadi.

Ekspluatant sertifikati boʻlgan havo kemasining ekspluatanti tashuvchi deb eʼtirof etiladi.

Havo transportida tashish shartnomasiga muvofiq havo kemasida tashilayotgan yoki tashilishi lozim boʻlgan shaxs yoʻlovchi deb hisoblanadi.

Qoʻl yuki – yoʻlovchining tashuvchi bilan shartnomaga muvofiq havo kemasida tashilayotgan shaxsiy ashyolari.

Yuk – havo kemasida tashilayotgan yoki tashish uchun qabul qilingan (pochta va xalqaro pochta bitimlarining shartlariga koʻra tashiladigan boshqa mol-mulk, tashuvchining qoʻl yuki yoki mol-mulkidan tashqari) har qanday mol-mulk, shuningdek yuk xati boʻyicha tashiladigan qoʻl yuki.

Aviatsiya vositalarida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar (buyurtmachi)ning texnologik yoki transport ishlab chiqarish jarayonlarini taʼminlash maqsadida, shu jumladan eksperimental va ilmiy-tadqiqot ishlarini, sanitariya va tabiatni qoʻriqlash tadbirlarini, aholiga tibbiy yordam koʻrsatish, tabiiy ofatlar, avariyalar va halokatlar oqibatlarini tugatish maqsadida tijorat asosida bajariladigan maxsus yumushlar aviatsiya ishlari qatoriga kiradi. Aviatsiya ishlariga mansub xizmatlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya maʼmuriyati tomonidan belgilab qoʻyiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.