Havo transportida tashish yoki aviatsiya ishlarini bajarish istagini bildirgan havo kemasining ekspluatanti ekspluatant sertifikatini olishi lozim.
Havo transportida tashish va aviatsiya ishlari havo kemalarining ekspluatantlari va buyurtmachilar oʻrtasidagi shartnomalar asosida yoki korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning bir martalik buyurtmalari asosida bajariladi. Havo kemalarining ekspluatantlari va buyurtmachilar oʻz sheriklarini tanlashda teng huquqlarga egadirlar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari hududlarining ekologiyasi yoki hududlarida transport vositalari va odamlar harakatining alohida tartibidan kelib chiqib, aviatsiya ishlarini bajarish shartlarini va cheklovlarni belgilab qoʻyish huquqiga egadir. Bunday shartlar va cheklovlarni kelishib olish buyurtmachi zimmasiga yuklatiladi.
Havo kemalarining ekspluatantlari Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya maʼmuriyati tomonidan belgilanadigan havo transportida tashish yoki aviatsiya ishlarini bajarish qoidalariga rioya qilishi shart. Bunda havo kemalarining ekspluatantlari havo transportida tashish yoki aviatsiya ishlarini bajarishning oʻz faoliyatlari xususiyatiga mos keladigan va Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya maʼmuriyati tomonidan belgilangan qoidalarga zid boʻlmagan qoʻshimcha qoidalarini belgilashi mumkin.
Havo kemalarida pochta tashish tartibi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya maʼmuriyati bilan kelishiladi.